Britaniyada o‘ng kuchlar tomonidan uyushtirilgan yangi aksilmigrant namoyishlari mamlakat bo‘ylab shaharlarda tartibsizliklarga aylangani sababli 90 dan ortiq kishi hibsga olindi. Bu haqda 4 avgust, yakshanba kuni VVS Britaniya xizmati xabar berib, yana yangi harakatlar rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval Xall, Liverpul, Bristol, Manchester, Stok-on-Trent, Blekpul va Belfastda yirik tartibsizliklar sodir bo‘lgan. Ularning ishtirokchilari do‘konlarni vayron qilgan va politsiya xodimlariga hujum uyushtirgan. Biroq, kichikroq namoyishlar paytida hech qanday zo‘ravonlik kuzatilmagan.
Bosh vazir Kir Starmer politsiyaga «nafrat uyg‘otmoqchi bo‘lgan ekstremistlar»ga qarshi kurashda «hukumatning to‘liq yordami» haqida va’da berdi. Oxirgi yillarda Britaniyada bir necha shov-shuvli pichoq bilan hujumlar sodir etilgan. Ulardan ba’zilari radikallar tomonidan amalga oshirilgan teraktlar edi.
Qirollikdagi tartibsizliklar sababi
Boshlangan tartibsizliklar so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda eng ommaviysi deb atalyapti. Ularga migrant oilasidan bo‘lgan 17 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan jinoyat sabab bo‘ldi. 29 iyul kuni u Sautport kurort shahrida 6 yoshdan 11 yoshgacha bolalar uchun mo‘ljallangan Hart Space Studious raqs studiyasida pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida uch qiz hayotdan ko‘z yumdi. Yana sakkiz nafar bola pichoqlangan, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Bolalarga yordam berishga shoshilgan ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Namoyishlar jinoyat sodir etilgan kunning ertasiga boshlandi
30 iyul kuni Sautportda o‘ng ekstremistik namoyishlar zo‘ravonlikka aylandi. O‘shanda 39 politsiyachi yaralandi. Namoyishchilar rasmiylarni jinoyatchining asl kelib chiqishini yashirishda ayblashdi. Politsiya bu ma’lumotni yolg‘on deb atadi va gumonlanuvchi Aksel Rudakubana Britaniyada tug‘ilgani va Sautportga qo‘shni Benks shaharchasida yashaganini ta’kidladi. Uning ota-onasi Ruandadan.
Bir kun o‘tib, London markazida britaniyalik millatchilarning norozilik namoyishi chog‘ida 100 dan ortiq odam ushlandi. Uning ishtirokchilari mamlakatga noqonuniy migrantlarning kirib kelishini to‘xtatishni talab qilishdi. Namoyish politsiya bilan to‘qnashuvga aylanib ketdi, bir necha politsiyachi va bir tibbiyot xodimi yengil tan jarohati oldi. Britaniya OAV xabar berishicha, namoyishchilar Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohi yonidagi panjara ustidan shisha va fayyerlar uloqtirgan.
Politsiya fikricha, tartibsizliklarning faol o‘zagi tarafdorlari futbol bezorilari bilan aloqador millatchi va islomofob «Angliya mudofaa ligasi» uyushmasi tarafdorlaridir.