Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Polsha, Niderlandiya va Portugaliya «Venesueladagi prezidentlik saylovlaridan keyin yuzagan kelgan vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini» bildirib, mamlakat hukumatini aholi prezident Nikolas Maduroning g‘alabasidan norozi bo‘layotgani sabab saylovchilar ro‘yxatini e’lon qilishga chaqirdi.
«Venesuela hukumatini shaffof va halol saylov jarayonini to‘liq kafolatlash maqsadida zudlik bilan barcha hisob varaqalarini e’lon qilishga chaqiramiz», — deyiladi Yevropa Ittifoqining yettita davlati qo‘shma bayonotida.
Hujjatda Venesuela muxolifatining barcha saylov uchastkalari to‘ldirilgan 80 foizdan ortiq byulletenlarni to‘plab, e’lon qilganiga oid ma’lumotlarga tayanilgan. «Ushbu tekshirish Venesuela xalqining irodasi tan olinishi uchun zarur», — deydi Yevropa davlatlari yetakchilari.
Shuningdek, bayonotda xalq irodasini ifoda etgan venesuelaliklarning «har qanday hibsga olinishlari» qoralangan va «tinch namoyishlar va erkin yig‘inlar» o‘tkazish huquqiga rioya etishga chaqirilgan.
Venesuelada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin Nikolas Maduro uchinchi muddatga mamlakat rahbarligiga saylandi va rasmiylar namoyishchilarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini e’lon qildi. O‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilgan Maduro norozilik namoyishlari davomida 2 ming kishi qo‘lga olinganini aytdi. U qo‘lga olinganlarni Tokoron va Tokuyitodagi qattiq tartibli qamoqxonalarga yuborishga va’da berdi. «Bu safar rahm qilinmaydi», — deya tahdid qildi Maduro.
Shu kunning o‘zida mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari avj oldi, hibsga olinish xavfi sabab bir necha kundan beri yashirinib kelayotgan muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado Venesuela poytaxtidagi mitingda chiqish qildi. Uning aytishicha, Venesuela hukumatining raqiblari hech qachon hozirgidek kuchli, rejim esa kuchsiz bo‘lmagan. «Biz ko‘chalardan ketmaymiz», — deya ta’kidlagan Machado.
Iyul oxirlarida Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Venesuela Milliy saylov kengashi amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduro 51,2 foiz ovoz bilan uchinchi olti yillik muddatga qayta saylanganini ma’lum qildi.
Muxolifat saylov natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda. Saylov natijalariga qarshi namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 17 kishi, jumladan, harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.