AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvidan keyin Vladimir Putinni tabrikladi, deb yozadi Politico. Respublikachining fikricha, ushbu bitimdan eng katta foydani Rossiya prezidenti ko‘rgan.
«Vladimir Putinni yana bir ajobiy bitim amalga oshirilgani bilan tabriklashni istayman», — degan Tramp Atlantada o‘tkazilgan saylovoldi mitingida. Shu bilan birga, respublikachi mahbuslar almashinuvi oqibatida dunyodagi «eng mashhur qotillarning ayrimlari» ozodlikka chiqarib yuborilgani uchun amaldagi prezident Jo Bayden administratsiyasining harakatlarini tanqid qilgan.
«O‘z odamlarimizni qaytardik, ammo, ey Xudo, biz juda yomon, dahshatli bitimlar tuzmoqdamiz», — degan Tramp.
Rossiya va ayrim G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh hamda Germaniya o‘rtasida 1 avgust kuni mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ozod etilganlar orasida Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich va AQSh dengiz piyodalarining sobiq xodimi Pol Uilan ham bor. Bitim doirasida Germaniya rossiyalik killer Vadim Krasikovni ozod etdi.
Rossiyaga qaytarilgan eng mashhur mahbuslardan biri — bu Federal xavfsizlik xizmati xodimi Vadim Krasikov bo‘lib, u 2019 yilda sodir etgan qotilligi uchun Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm etilgandi. Sud davomida prokurorlar u Rossiya berilgan buyruqlar ostida harakat qilganini va u FXXning maxfiy «Vimpel» bo‘linmasi a’zosi ekanini aytgan.
Krasikovdan tashqari Rossiya G‘arbda omadsizlikka uchragan yan bir nechta josuslarni qaytarib olgan. Ular orasida — Artyom va Anna Dulsevalar, Razvedka bosh boshqarmasi ofitseri Mixail Mikushin, Rossiya Davlat dumasi deputatining o‘g‘li Roman Selezev ham bor. Bundan tashqari, Moskva Janna Nemsovani kuzatgan ispan jurnalisti Pablo Gonsales, AQShda kiberjinoyatlari uchun qamalgan Vladislav Klyushin va tadbirkor Vadim Konoshenok ham qo‘lga kiritgan.