Olimpiadaning 8-kuni: ukrainlarda va mitti orollarda ilk oltinlar, yapon dzyudochilar yana yig‘ladi

Sport 13:46 / 04.08.2024 16871

3 avgust kuni Parijdagi Olimpiadada sportning 15 turida 31 ta medallar shodasi o‘ynaldi va bu kun turli mamlakatlar vakillarining ajoyib yutuqlari va rekordlari bilan kechdi.

Shanba kuni ukrainalik sportchilar ilk oltinni qo‘lga kiritishdi: qilichbozlar sablya yo‘nalishida jamoaviy finalda Janubiy Koreya jamoasini 45:42 hisobida mag‘lub etishdi. Ukrain sablyachilari to‘rtligini Olga Xarlan, Alina Komashchuk, Alena Kravatskaya va Yuliya Bakastova tashki etishdi.

33 yoshli Olga Xarlan uchun bu Parij Olimpiadasidagi ikkinchi medal (u yakkalik bahslarida bronza qo‘lga kiritgandi) va faoliyatidagi oltinchi olimpiya medali bo‘ldi va bu — ukrainalik sportchilar uchun rekord natija. Ukraina delegatsiyasi hozirgacha Parijda uchta medal olgan — bitta oltin, bitta kumush, bitta bronza.

Afsonaviy Teddi Riner — O‘yinlarning besh karra chempioni

Fransiya dzyudo jamoasi aralash jamoaviy bahslarda finalda Yaponiyadan ustun keldi. Turnir mezbonlari dramatik kechgan bahsda iroda ko‘rsatib, oltin medallarga ega chiqishdi, final vaqtida kunchiqar yurt vakillari triumfdan bir qadam berida turgandi. Chempionlik masalasini «Uchranglilar»ning eng yulduzli dzyudochisi, besh karra olimpiya chempioniga aylangan Teddi Riner hal qildi.

Finalda olti vazn toifasi vakillari kuch sinashdi: erkaklarda -73, -90 kg va +90 kg, qizlard -57, -70 va +70 kg vaznlar. Oltita jangdan keyin keyin ham durang qayd etilsa, oltin uchun jang qaysi vazn toifasida kechishi qur’a orqali aniqlanardi.

Shanba kuni aynan shu ssenariy ishladi: fransuzlar to‘rt jangdan keyin 1:3 hisobida ortda qolayotgan, Yaponiya esa shohsupadagi eng yuqori o‘ringa chiqish arafasida turgandi. Ammo keyin 2024 yilgi o‘yinlarda yakkalik bahslarida kumush medal olishga ulgurgan Joan-Benjamen Gaba (-73 kg) hamda bronza medali sohibi Klariss Agbenenyu (-63 kg) qatorasiga ikki jangda ustun kelishdi va Fransiyani kurashga qaytarishdi.

Qur’a natijalariga ko‘ra oltin taqdiri eng og‘ir vaznli sportchilar kurashida hal bo‘lishini ko‘rsatganida, Mars maydonida yig‘ilgan muxlislar g‘alabani nishonlashni boshlashdi. Tatamiga bir kun oldin yakkalik bahslarida oltin olishga ulgurgan Riner chiqib keldi. Ushbu gigant sportchi o‘z jamoasining shu kungi bahslarning barchasida ustun kelgan vakili edi.

Saito Tatsuru esa yana bir bor Teddiga qarshi tatamiga chiqishga majbur bo‘ldi. Ularning to‘qnashuvi o‘ta asabiy ruhda kechdi: sportchilar xato qilishdan qo‘rqishdi va u qadar faollik ko‘rsatishmadi — hakam ikki bor passivlik uchun ogohlantirish berdi. Jang boshlanganidan olti yarim daqiqa o‘tganida Teddi baribir o-uchi-gari uslubini ideal qo‘lladi va ippon bahosi bilan g‘olib chiqdi.

Bu natijadan keyin esa yaponiyalik dzyudochilar ko‘zda yosh bilan maydonni tark etishdi.

Dzyudo bo‘yicha jamoaviy mikst olimpiya dasturiga Tokiodagi o‘yinlar arafasida qo‘shilgandi. Hozircha ikki turnirda ham Fransiya g‘alaba qozondi. Jamoaning asosiy yulduzi, 35 yoshli Riner Parijdagi Olimpiadada ikkinchi oltinni qo‘lga kiritdi. Uning olimpiya oltinlari soni beshtaga yetdi.

Tennis: Xitoyda yana bir oltin

22 yoshli xitoylik Chjyen Tsinven tennis bo‘yicha Olimpiya chempioni bo‘ldi. U finalda xorvatiyalik Donna Vekichni 6:2, 6:3 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi.

Yakshanba kuni erkaklar o‘rtasidagi finalda ikki superyulduz to‘qnashadi: serbiyalik Novak Jokovich ikki yarim hafta oldin Uimbldon finalida uchralgan mag‘lubiyat uchun ispaniyalik Karlos Alkarasdan revansh olishga harakat qiladi.

Novak Jokovich ko‘p yillardan buyon erkaklar tennisida yulduz ekani va Katta dubulg‘a turnirlarida rekord darajada g‘olib bo‘lganiga qaramay, birorta olimpiya medaliga ega emas, na yakkalikda va na juftlikda. Endi u kamida kumush olgan holda bu bo‘shliqni to‘ldiradi.

Shanba kuni bronzu uchun bahsda italiyalik Lorenso Musetti uch setda kanadalik Feliks Ojyer-Alyassimani mag‘lubiyatga uchratdi.

Yuz metrga yugurishda oltin Karib havzasiga yo‘l oldi

Olimpiya o‘yinlari. Ayollar. 100 metr. Final
1. Julen Alfred (Sent-Lyusiya) — 10.72
2. Shakari Richardson (AQSh) — 10.87
3. Melissa Jyefferson (AQSh) — 10.92

3 avgust kuni Parijdagi Olimpiadada 100 metr masofaga ayollar o‘rtasida sprintda yarimfinal va final bahslari o‘tkazildi. Bu musobaqada ikkita kutilmagan holat ro‘y berdi: asosiy favoritlardan biri, yamaykalik Shelli-Enn Freyzer-Prays mashg‘ulot o‘tkazish joyiga kiritilmadi va musobaqani tark etdi, chempion esa Karib havzasidagi mitti davlat vakili bo‘ldi.

Freyzer-Prays oxirgi to‘rt Olimpiadada 100 metrga yugurish bo‘yicha medal olgandi. Yamaykalik sportchi 2008 va 2012 yillarda oltin qo‘lga kiritgan, keyin esa 2016 va 2020 yillarda mos ravishda bronza va kumush qo‘lga kiritgan. Bu safargi turnir dekabr oyida 38 yoshga to‘ladigan sportchining faoliyatidagi so‘nggi olimpiya musobaqasi bo‘lishi kerak edi. Ammo shu yoshida ham favoritlar qatorida ko‘rilgan Freyzer-Prays kutilmaganda musobaqani tark etdi. Uning o‘zi buni chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtidagi jarohati bilan bog‘lagan, shu tufayli u yarimfinaldagi startga chiqmagan.

Shu bilan birga, arenaga kelganida Shelli-Ennda mashg‘ulot hududiga o‘tishda muammo yuzaga kelgandi. Xavfsizlik xodimlari rasmiy qoidalarni sabab qilib keltirgan holda uni o‘tkazishmagan. Qoidaga ko‘ra, ichkariga kirishga faqat jamoa avtobusida kelgan atletlargina haqli bo‘ladi, Freyzer-Prays esa arenaga mustaqil holda yetib kelgandi.

Yakunda yamaykalik chopag‘on individual medalsiz qoladigan bo‘ldi. Endi u 4x100 estafetasidan umid qilishi mumkin — bu musobaqa 8 avgust kuni o‘tkaziladi: oldingi Olimpiadada bu yo‘nalishdagi oltinni aynan yamaykalik qizlar qo‘lga kiritgandi.

Freyzer-Prays yo‘qligida ayollar o‘rtasidagi yuz metrga yugurish bahslari natijasi o‘ta kutilmagan tus oldi. Birinchi natijani 10.72 soniya bilan Sent-Lyusiyadan kelgan Jyulen Alfred qayd etdi — bu Karib orollari tarkibidagi mitti davlat. Uning aholisi soni — 180 ming kishi. Tabiiyki, Alfredning oltini — ushbu davlat tarixidagi ilk olimpiya medali bo‘ldi.

Finalda asosiy favorit bo‘lgan amerikalik Sha'Karri Richardson marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi. 2023 yil yengi atletika bo‘yicha jahon chempionatida u mazkur masofada oltin qo‘lga kiritgandi, ammo Parijda Alfreddan 0.15 soniyaga ortda qoldi. Uchinchi o‘rinni boshqa bir amerikalik Melissa Jyefferson egalladi, uning marraga yetib kelish vaqti — 10.92 soniyani tashkil etdi.

Suzish — Keti Ledetskining rekordi

Olimpiya o‘yinlari. Suzish. 800 m, erkin usul
1. Keti Ledeki (AQSh) — 8.11,04
2. Ariarne Titmus (Avstraliya) — 8.12,29
3. Peyj Medden (AQSh) — 8.13,00.

Amerikalik Keti Ledetski 27 yoshida to‘rtinchi Olimpiadasida qatnashmoqda va shanba kuni u qatorasiga to‘rtinchi bor 800 metr masofaga erkin suzish bo‘yicha finalda tengsiz bo‘ldi. U hafta o‘rtasida 1500 metr masofaga suzishda ham birinchi bo‘lgandi va endi Parij o‘yinlarining ikki karra g‘olibiga aylandi.

Endi Ledetskida — 14 ta olimpiya medali bor, shundan to‘qqiztasi oltin va u bu borada sovet gimnastkachisi Larisa Latinina bilan tenglashib oldi, ushbu ukrain yarim asr muqaddam uchta Olimpiadada (Melburn-1956, Rim-1960 va Tokio-1964) to‘qqizta oltin medal olgandi. Shu bilan birga, Latininada jami medallar soni ko‘proq — 14 taga qarshi 18 ta.

Sport gimnastikasi

Yana bir amerikalik, gimnastikachi Simona Bayls esa shanba kuni Parijdagi uchinchi oltinini oldi, bu uning faoliyatidagi yettinchi olimpiya oltini bo‘ldi.

Bu safar Bayls tayanib sakrashda o‘ta murakkab harakatlarni amalga oshirib, g‘alaba qozondi.

Bu yo‘nalishda kumush medalni braziliyalik Rebeka Andradega, bronza — yana bir amerikalik Jyeyd Keriga nasib etdi.

Xitoy va AQSh peshqadam

Shu kuni Karib havzasidagi yana bir orol davlat – Dominika vakili ham yengil atletika bo‘yicha oltin oldi. Vindsyorfingdagi oltinni esa Isroil, sport gimnastikasidagisini – Filippin vakillari qo‘lga kiritdi. Belarus vakili Yevgeniy Zolotoy – greblda eshkak eshish bo‘yicha kumushga ega chiqdi.

Sakkizinchi kungi bahslardan keyin ham Xitoy birinchi o‘rinda qoldi (16 – 12 – 9). Xitoyliklar stol tennisida, badmintonda va kutilmaganda katta tennisda birinchi bo‘lishdi.

Qaysidir pallada Fransiya va Avstraliya amerikaliklarni to‘rtinchi o‘ringa tushirib yuborgandi, ammo AQSh jamoasi baribir ikkinchi o‘rinni o‘ziga qaytarib oldi. «Yulduz-yo‘llilar» o‘zlari uchun sevimli bo‘lgan suzishda (ikki oltin) va yengil atletikada (uch oltin) o‘z ustunligini namoyish etishdi.

AQSh eng ko‘p - 61 (14 – 24 – 23) medal yiqqan. Ayni vaqtda Fransiya (12 – 14 – 15), Avstraliya (12 – 8 – 7) va Buyuk Britaniya (10 – 10 – 13) ham ikkinchi o‘rin uchun nazariy imkoniyatga ega. Ammo, aftidan bu safar ham birinchi o‘rin uchun Xitoy va AQSh raqobatlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: