Isroil Madrimov Kroufordga qarshi jangda ochkolar bo‘yicha mag‘lub bo‘ldi

Sport 10:57 / 04.08.2024 12463

Bugun, 4 avgust kuni AQShning Los-Anjyeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega «BMO Stadium» arenasida boks kechasining markaziy jangida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA yo‘nalishi chempioni Isroil Madrimov va amerikalik Terens Krouford to‘qnash keldi.

Ushbu bahsda o‘zbekistonlik 29 yoshli bokschi o‘ziga tegishli WBA kamarini himoya qilishi lozim edi, birinchi o‘rta vaznda egasiz bo‘lib turgan WBO Interim kamari ham o‘rtaga qo‘yilgandi.

36 yoshli Terens Krouford jang oldidan «Pound-for-pound» reytingi yetakchisi hisoblanardi. U prof boksda jami 40 ta jangida 40 ta g‘alabaga erishgan edi. Yengilmas Krouford taxallusini olgan charm qo‘lqop ustasi mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi sanalardi.

Isroil Madrimov esa super yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi sanalib, professional boksdagi 10 ta jangidan 9 tasida g‘alabaga erishgan, faqat bitta jangda durang qayd etgan. 7 ta jangni nokaut bilan yakunlagan. U 8 mart kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida rossiyalik Magomed Kurbanovni 5-raundda nokautga uchratib, WBA kamarini qo‘lga kiritgandi.

Jangning dastlabki 5 ta raundidan keyin mustaqil tahlilchilar Isroilning ochkolar bo‘yicha 3:2 hisobidagi ustunligini qayd etgan bo‘lsa, 6-raunddan boshlab Krouford raundlarni o‘z foydasiga hal qila boshladi. Shunga qaramay, Madrimov 12 raund davomida raqibi bilan tengma-teng jang olib borib, bir qator aniq va kuchli zarbalar yo‘lladi. Ammo hakamlar qaroriga ko‘ra, ustunlik mezbon bokschiga berildi (116–112, 115–113, 115–113) va u ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, Madrimov 11-jangiga kelib ilk mag‘lubiyatga uchradi, Terens esa 41-jangida ham g‘alaba qozondi va 4 ta vazn toifasida jahon chempioniga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: