«Hozir ham chempionman» – Madrimov Kroufordga yutqazmagani, yana jang qilsa nimani o‘zgartirishi va yangi vaznga o‘tishi haqida

Sport 23:02 / 04.08.2024 19454

3 avgust oqshomida AQShning Los-Anjyeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega «BMO Stadium» arenasida o‘tgan boks kechasining markaziy jangida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA yo‘nalishi chempioni Isroil Madrimov amerikalik Terens Kroufordga qarshi 12 raund jang qilib, hakamlarning ochkolari evazigagina g‘alaba mezbon bokschiga tortiq qilindi.

O‘zbekistonlik 29 yoshli bokschi yengilmas Kroufordga qarshi o‘ziga tegishli WBA kamarini alamli tarzda qo‘ldan chiqargan bo‘lsa-da, jangdan so‘ng mag‘lubiyatni tan olmadi va revansh so‘radi. Isroil Madrimov bahsdan keyin amerikalik va xorijiy jurnalistlar ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ham qator savollarga javob qaytarib, Kroufordga qarshi yana jang qilishga shayligini ma’lum qildi. Tribuna.uz matbuot anjumanini tarjima qilib, to‘liq shaklda keltiradi.

- Isroil, jangdan keyingi ilk taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

- Birinchi navbatda o‘zimni yaxshi his qilayotgandim. O‘ylaymanki, men nimani istagan bo‘lsam, o‘sha ishni maromida bajarishni uddaladim. Fikrimcha, bu o‘yinda men mag‘lub bo‘lmadim, ringda munosib harakat qildim. Bilamiz, Krouford «Pound-for-pound» reytingida birinchi raqamli bokschi, menga qadar unga qarshi jang qilgan Spens va boshqa taniqli bokschilar nokaut bilan to‘xtatilgan, men esa 12 raund davomida yetarlicha qarshilik ko‘rsatdim. Bu vazn chempioni ekanimni yana isbotlay oldim. Bu jangda yutqazdim deb hisoblamayman. Kamida durang bo‘lishi kerak edi.

- Eng kuchli bokschilardan biriga qarshi g‘alabaga yaqin edingiz, bu bahsdan qanday pozitiv xulosalar qildingiz?

- Men butun raundlar davomida jangni nazorat qildim – bu o‘zimga ham yoqdi. Shunday nomdor bokschini bu darajada o‘z nazoratimda ushlay olishimni kutmagandim. Ammo ringda hammasini ko‘rsatdim.

- Bu jangdan nima oldingiz?

- Eng avvalo katta tajriba bo‘ldi. Keyingi faoliyatim uchun bu muhim.

- Jang davomida o‘zingizni keragidan ko‘proq sovuqqon tutmadingizmi? Balki, ko‘proq agressiv bo‘lishingiz kerak emasmidi?

- Jangda nima bo‘lgan bo‘lsa, barchasi Allohning izni bilan bo‘lgan. Nimanidir o‘zgartirishni istamasdim. Men ringda yetarlicha jang qila oldim, deb hisoblayman.

- Jang oldidan va jangdan keyin sizda qanday tuyg‘ular bo‘ldi? Shunday bo‘lishini kutganmidingiz?

- Bu janggacha menda hayajon yo‘q edi, yuz foiz tayyor edim. Jang oldi qo‘rquv ham yo‘q edi, ruhan shay edim va buni isbotladim.

- Bu vaznda o‘z kuchingizni qanday baholaysiz?

- Hozirgi vaznimda anchadan buyon jang qilyapman. O‘zimni bu vazn toifasida juda yaxshi his qilaman. Bu tabiiy vazn toifam.

 - Kroufordning zarba kuchi va texnik jihatlarini qanday baholaysiz?

- Ha, unda ham kuchli zarba bor, texnikasi ham yomon emas. Ammo bugun u bu borada ustun emasdi, tenglik edi.

- Kroufordning Kaneloga qarshi ringga chiqishni istayotgani haqida nima deya olasiz?

- Bu ularning qaysi vazn toifasida jang qilishiga bog‘liq. Agar Kaneloning vazn toifasida jang qilishsa, unda Kroufordga juda qiyin bo‘ladi. Chunki vazn yuqoriligi baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

- Bugun 12-raundni yutsangiz durang bo‘lardi, 11-12-raundda ustunlikga erishgan taqdirda g‘olib bo‘lishingiz mumkin edi. Hozir nimadan afsuslanayapsiz, so‘nggi raundlarda nima o‘zgartirish mumkin edi?

- Afsuslanayotganim yo‘q. Bu Xudoning amri, hech narsani o‘zgartirishni istamasdim. Jangdan oldin juda ko‘pchilik «Krouford Madrimovni ko‘pi bilan 8-raundgacha nokaut bilan to‘xtatadi», deyishgandi. Ammo men butun dunyoga o‘z kuchimni ko‘rsatdim. O‘zim, jamoam, vatanim, muxlislar uchun munosib jang qila oldim va ular ham jangimdan qoniqishdi.

- So‘nggi raundlarda qanchalik toliqqan edingiz?

- Ozroq charchoq alomatlari bor edi, ammo men 12 raund turib bera oldim. O‘zimga bo‘lgan ishonchim yuqori edi.

- Jangda rejangiz qanday edi?

- Shoshilmaslik, raqibni muvozanatdan chiqarib, kirib borish edi. O‘z rejamni amalga oshira oldim.

- Bugungi yirik voqealik va jang O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega edi?

- O‘zbekiston uchun ham katta jang va tarixiy voqealik edi. Chunki mamlakatimizda sportga, boksga juda katta e’tibor berilyapti. Bugungi jangni ham O‘zbekistonda intiqlik bilan kutishgandi, qo‘llab-quvvatlab turishdi. Yangi tarix yaratish uchun mendan g‘alaba kutishgandi. Shunga qaramay, yaxshi jang o‘tkazganimdan hamma xursand. Amerikada ham ko‘pchilik suratimni ko‘tarib olganini, kimdir mamlakatimiz bayrog‘ini ko‘targanini ko‘rdim. Bu men uchun ham, mamlakatim uchun ham faxrli.

- Jangning ikkinchi qismida ko‘proq hujum qilishni istaganmidingiz yoki barchasi reja asosida edimi?

- Hammasini reja asosida qildim. Chunki Terens singari raqibga qarshi jangni nazorat qilishni o‘zi bo‘lmaydi. Hech kim bunday qila olmagan. Men esa qila oldim va barchaga chempionligimni yana bir bor ko‘rsata olganimdan xursandman.

- Krouford uchun Benavidesga qarshi janglar jismoniy jihatdan sizga qarshi o‘tgan bellashuvdan qiyinroq bo‘lgan edi. Bu borada nima deya olasiz?

- Bo‘lishi mumkin, ammo u Terensga qarshi 12-raundgacha turib bera olmagan. Men esa munosib qarshilik qila oldim.

- Agar Kroufordga qarshi yana ringga chiqsangiz, boshqacharoq jang qilgan bo‘larmidingiz?

- Urinib ko‘rardim, qo‘rquv yo‘q. Chunki men chempion edim va hozir ham muxlislar uchun chempionman. Unga qarshi yana yaxshiroq jang qilishim mumkin.

- Kamarni himoya qilish va kamar uchun jang qilish masalasida qanday farqlarni ko‘rdingiz? Bu borada hakamlarning munosabati turlichami?

- Biz uchun buning farqi yo‘q, imkoniyat berishsa jang qilamiz. Qaysidir kamar uchun jangmi yoki boshqa darajadagi bahsmi – farqi yo‘q, tayyorman.

- Chempion sifatida yoki chempionlik kamari uchun ringga chiqish kerak bo‘lsa, jangga turlicha munosabatda bo‘lasizmi?

- Yana bir marta chempionlik jangini o‘tkazishga harakat qilamiz.

- 72 kg vaznga chiqishni istarmidingiz?

- Menga farqi yo‘q. Agar katta janglar tashkil qilinsa, men bu vaznda ham jang qilishga tayyorman. Katta janglarni va ularda bugungidek sensatsiyalar qilishni yaxshi ko‘raman, - deydi Isroil Madrimov Terens Kroufordga qarshi kechgan jangdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Krouford Madrimovga qarshi jangdan keyin: «U juda kuchli, tezkor va mendek intizomli»

Terens Krouford ham Isroil Madrimovga qarshi jangdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘zbekistonlik raqibini maqtadi.

«Isroilning yuqori vaznga o‘tishidan cho‘chiymanmi? Yo‘q, chunki Madrimov 72-76 kg vaznda ham bemalol raqobat qila olardi. Havaskorlar boksida u bundanam yuqori vaznlarda jang qilib, muvaffaqiyatga erisha olgan. U katta, juda kuchli va baquvvat. U oyoqda juda tezkor, gavdasi bilan yaxshi ishlaydi va menga o‘xshagan intizomli bokschi», - deydi Terens Krouford jangdan so‘ng.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Ko‘proq yangiliklar: