Rossiyada YouTube foydalanuvchilarining bir qismi yuqori sifatli videolarni (1080r va undan yuqori) ko‘rishda muammoga duch keldi. Muammo Google Chrome, Opera, Mozilla Firefox, Yandex Browser kabi mashhur brauzerlar orqali kiritilganida kuzatilmoqda.
Rossiyada YouTube bilan bog‘liq muammolar iyul oxiridan beri kuzatilmoqda. «Rostelekom» buni 2022 yili Ukrainada urush boshlanganidan beri yangilanmay kelinayotgan Google uskunalaridagi nosozliklar bilan bog‘ladi. O‘z navbatida Google korporatsiyasi holat yuzasidan ma’lumot berdi: «Bu biror-bir texnik muammo yoki biz tomondan amalga oshirilayotgan harakat natijasi emas».
Videoxosting tezligi tushib ketganiga qaramay, YouTube’ning qamrovi 22 iyuldan 28 iyulga qadar qisqarmagan va 82,5 millionni tashkil etgan.
Avvalroq Rossiyada YouTube videoxostingi muqobili sifatida ishlab chiqilgan «Platforma» mamlakatda Google servislari bloklanishi boshlangach ishlamay qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. «Platforma» Rossiyada 2024 yilning iyunida YouTube’ning o‘rnini bosuvchi videoxosting sifatida ishga tushirilgan. Rteam kompaniyasi dasturchilari yangi videoservisning interfeysi va funksionalligini maksimal darajada YouTube’ga o‘xshash qilib yaratgan.
Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteynga ko‘ra, Rossiyada YouTube’ga kirish tezligi 70 foizgacha tushib ketgan. Bunday cheklovlar faqat desktop versiyalarga taalluqli ekani va hozircha mobil qurilmalarga ta’sir ko‘rsatmasligi aytilmoqda.