Rossiya va ayrim G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh hamda Germaniya o‘rtasida 1 avgust kuni mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ozod etilganlar orasida Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich va AQSh dengiz piyodalarining sobiq xodimi Pol Uilan ham bor. Bitim doirasida Germaniya rossiyalik killer Vadim Krasikovni ozod etdi.
Bir necha kun davomida Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi amalga oshirilishi to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi, Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan ayrim mahbuslar noma’lum joyga olib ketilgach, ushbu farazlar o‘z tasdig‘ini topa boshladi.
Evan Gershkovich
Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Wall Street Journal muxbiri xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 2023 yilning martida, Yekaterinburg shahriga safari davomida hibsga olingan.
Prokurorlar uni Markaziy razvedka boshqarmasiga ishlashda aylagan, biroq Gershkovich, WSJ va AQSh hukumati ushbu ayblovlarni rad etgan. Bu «Sovuq urush» yakunlangandan beri Rossiyada amerikalik jurnalist josuslikda ilk bor ayblanishi edi.
Pol Uilan
54 yoshli Pol Uilan 2018 yili Moskvada josuslikda gumonlanib hibsga olingan va 2020 yilda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. AQSh dengiz piyodalari safida xizmat qilgan Pol to‘rt davlat — AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Irlandiya fuqarosi hisoblanadi.
2008 yilda yomon xulqi uchun armiya saflaridan bo‘shatilgan Uilan xavfsizlik bo‘yicha konsultantga aylangan va ish bo‘yicha Rossiyaga qatnagan. 2018 yilda u Rossiya FXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi va Moskvada «josuslik qilayotganida ushlangani» aytiladi. Uning oilasi Polga qo‘yilgan ayblovni doim rad etib kelgan.
Alsu Kurmasheva
Gershkovichga hukm o‘qilgan kunda Rossiya—Amerika jurnalisti Alsu Kurmasheva yopiq sud orqali 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.
U AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan «Ozodlik radiosi»ning muharriri hisoblanadi va Rossiya harbiylari haqida yolg‘on axborot tarqatishda ayblangan.
Uning eri Pavel Butoringa ko‘ra, jurnalist o‘tgan yili Ukrainaga qarshi urushayotgan rossiyaliklarning hikoyalari jamlangan kitobni chop etgani sabab hibsga olingan. Kurmasheva AQSh va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lib, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar qizi bilan Pragada yashardi. 2023 yil iyunda u onasini ko‘rish uchun Rossiyaga kelganida ushlangan.
Vladimir Kara-Murza
Putin siyosati, Ukrainadagi urushga qarshi chiqishlari bilan tanilgan Vladimir Kara-Murza 2023 yil aprelida «davlatga xiyonat», Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatish hamda «istalmagan» tashkilot faoliyatini yuritishda ayblanib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Vladimir Kara-Murza 2022 yil aprelidan buyon Omsk shahridagi 7-sonli axloq tuzatish koloniyasida hibsda edi, 2023 yil martida advokatlar unga polineyropatiya tashxisi qo‘yilgan. Rossiyada bunday kasallikka chalingan shaxslar hibsda saqlab turilishi mumkin emas.
Koloniyada siyosatchini jarima izolyatoriga tashlashgan, iyun oyida esa bir kamerali tipidagi xonaga o‘tkazilgan. Kara-Murzaning advokatlari bu qaror uning salomatligi va hatto hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini qayd etishgandi.
Ilya Yashin
Rossiyadagi eng yorqin muxoliflardan biri hisoblangan Ilya Yashin 2022 yilda mamlakat armiyasi haqida «feyk yangiliklarni tarqatganlik»da ayblanib, hibsga olingan. 2022 yil dekabrda Moskva Meshchan sudi muxolifatchini 8,5 yil muddatga umumiy tartibli koloniyaga hukm qiladi.
Jinoiy ish ochilishiga Yashin o‘sha yil 7 aprelida YouTube kanalidagi jonli efirida Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholi vakillari o‘ldirilgani haqida gapirgani sabab bo‘lgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylarning Buchadagi jinoyatlari to‘g‘risidagi xabarlarni «provokatsiya» deb atagan, ko‘chalarda jasadlar yotgani aks etgan kadrlarni — «tomosha qo‘yish» deb baholagan. Prokuror ham sudda mazkur versiyani takrorlagan. Muxolifatchi aybiga iqror bo‘lmagan. U suddagi so‘nggi so‘zida Rossiya qo‘shinini Ukrainadan olib chiqishga chaqirgan.
Oleg Orlov
Oleg Orlov — rossiyalik inson huquqlari himoyachisi, u fevral oyida Rossiyani fashistik davlat deb atab, Ukrainada urushni qoralagani uchun hibsga olingan. Moskvadagi Golovinskiy rayon sudi armiyani «obro‘sizlantirish» ishi bo‘yicha yangi hukm chiqargan va Orlovni ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etgandi. Orlov — «inoagent» deb topilgan va sud qarori bilan tugatilgan «Memorial» inson huquqlari markazi hamraisi edi. RF adliya vazirligi uning o‘zini 2023 yil dekabrida «inoagentlar» ro‘yxatiga kiritgandi.
Huquq faoliga qarshi ish uning «Ular fashizmni istashgandi. Ular shunga ega bo‘lishdi» sarlavhali urushga qarshi maqolasi tufayli ochilgan. U mazkur maqolaning fransuz tilidan tarjimasini (Mediapart nashrida e’lon qilingan) feysbukdagi sahifasiga joylashtirgan.
Liliya Chanisheva
Hukumat tomonidan ekstremizmda ayblangan Liliya Chanisheva 9,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Liliya Chanisheva 2021 yil noyabridan buyon hibsda edi. U 2021 yil sentabrida Navalniy va uning tarafdorlariga qarshi qo‘zg‘atilgan «ekstremistik jamiyat» tuzish bo‘yicha ishda birinchi bo‘lib qo‘lga olingan. 2024 yil mayida — Boshqirdiston oliy sudi Chanishevaning qamoq muddatini yetti yarim yildan to‘qqiz yarim yilga oshirganidan keyin — RT propagandachi kanali u Rossiya prezidenti nomiga afv etish to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar tarqatadi. Jurnalistlar bilan suhbatda Chanishevaning advokati Ramil Gizatullin bu mavzuda muhokama bo‘lganini tasdiqlagan.
Kseniya Fadeyeva
O‘tgan yil oxirida Tomskdagi sud Aleksey Navalniyning hududiy shtabi sobiq boshlig‘i Kseniya Fadeyevani «o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda ekstremistik jamiyat tashkil etish» va «fuqarolarning shaxsi va huquqlarini kamsituvchi notijoriy tashkilot faoliyatida ishtirok etish»da ayblab, to‘qqiz yilga qamagandi.
Uning advokatlari ayol tashkilot 2021 yilda ekstremistik deya tan olinganidan keyin hamkorligini to‘xtatganini ta’kidlagan. So‘nggi yillarda Navalniyning ko‘plab sobiq xodimlari va ittifoqchilari Rossiyadan chiqib ketishga majbur bo‘layotgandi.
Sasha Skochilenko
2023 yil noyabrida Peterburg sudi rassom Sasha Skochilenkoni Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatishda ayblab, yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etgandi.
Skochilenko urushga qarshi aksiyalari uchun ta’qib ostiga olingandi: 2022 yil aprelida rassom do‘kondagi narxlar yozilgan qog‘ozlarni Ukrainadagi urush qurbonlari soni haqidagi ma’lumotlar va rus qo‘shini bosqinini to‘xtatishga chaqiruvchi stikerlar bilan almashtirib qo‘ygan edi.
Kevin Lik
O‘tgan yil oxirida Shimoliy Kavkazdagi Adigey respublikasi sudi Germaniya va Rossiya fuqarosi bo‘lgan 18 yoshli Kevin Likni «davlatga xiyonat» ishi bo‘yicha to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etgandi.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, u 2021 yil 23 dekabrdan 2023 yil 8 fevralga qadar bo‘lgan muddatda Maykopdagi Rossiya harbiy qismi «dislokatsiya joyi»ni «vizual kuzatgan» va fotosuratga olgan, keyin esa suratlarni elektron pochta orqali «xorijiy davlat vakili»ga yuborgan.
Riko Kriger
Germaniya fuqarosi Riko Kriger Belarusda portlovchi modda o‘rnatishda ayblanib, o‘limga hukm etilgandi. Biroq joriy hafta boshida mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenko uni afv etgan.
Davlat OAV bilan uyushtirilgan intervyuda u Ukraina ko‘rsatmasiga binoan harakat qilganini aytgan. Kriger Belarusda o‘limga hukm qilingan G‘arbning birinchi fuqarosi.
Andrey Pivovarov
Rossiyalik muxolifatchi Andrey Pivovarov sobiq oligarx Mixail Xodorkovskiy tomonidan ochilgan «Ochiq Rossiya» fondiga rahbarlik qilib kelgan. 2021 yilda u rahbariyatni «keraksiz tashkilot» ekanlikda ayblab, Sankt-Peterburg orqali mamlakatdan chiqib ketayotganida ushlangan.
Diter Voronin
Rossiya va Germaniya fuqarosi hisoblangan Diter Voronin «xiyonat»da ayblanib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Moskvaga ko‘ra, u hozirda ham panjara ortida qolayotgan jurnalist Ivan Safronovdan maxfiy harbiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
Patrik Shobel
38 yoshi nemis joriy yil boshida Sankt-Peterburgda qo‘lga olingan edi — uning yonida tarkibida kannabis bor marmelad paketi topilgan. Shundan so‘ng u giyohvand moddalar savdosiga ayblangan.
Shobel sudda ushbu shirikliklarni o‘tgan yili Germaniyada sotib olgani, undan uzoq parvozlarda yaxshi uxlashi uchun foydalanishini bildirgan. U kannabis mahsulotlari Rossiyada taqiqlanganidan xabar bo‘lmaganini aytgan.
German Moyjyes
Rus-nemis immigratsiya advokati va velosport faoli Moyjyes may oyida hibsga olinganidan keyin davlatga xiyonatda ayblangan. Uning ishi bo‘yicha ma’lumotlar kam, biroq huquqbonlarning taxminicha, ayblovga Germanning Rossiya fuqarolariga Yevropa hujjatlari yoki fuqaroligini olishda ko‘rsatgan yordamlari sabab bo‘lgan.
Vadim Ostanin
Ostanin Aleksey Navalniyning Barnauldagi mintaqaviy bo‘linmasi rahbari bo‘lib, 2023 yilda 9,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Mahbuslar almashinuvida qatnashgan Navalniyning boshqa vakillari kabi u ham ekstremistik tashkilot a’zosi bo‘lganlikda ayblangan.
G‘arb tomonidan ozod etilgan mahbuslar
Vadim Krasikov
Rossiyaga qaytarilgan eng mashhur mahbuslardan biri — bu Federal xavfsizlik xizmati xodimi Vadim Krasikov bo‘lib, u 2019 yilda sodir etgan qotilligi uchun Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm etilgandi.
Sud davomida prokurorlar u Rossiya berilgan buyruqlar ostida harakat qilganini va u FXXning maxfiy «Vimpel» bo‘linmasi a’zosi ekanini aytgan.
Vadim Krasikov ustidan sud 2020 yil 7 oktyabrda boshlanadi va 14 oy davom etadi. 2021 yil 15 dekabrda hukm — umrbod qamoq jazosi e’lon qilinadi. Hukm e’lon qilinganidan keyin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok «davlat buyurmasi ostidagi qotillik» «Germaniya Federativ Respublikasi suvereniteti va german qonunchilik normalarining qo‘pol buzilishi» ekanini ta’kidlaydi. Shu bois Germaniya hukumati Rossiyaning mamlakatdagi ikki nafar diplomatini persona non grata deya e’lon qiladi.
Roman Seleznev
Roman Seleznev 2017 yilda 169 million dollar zarar keltilgan xakerlar sxemasi bo‘yicha aybdor deya topilgan. Amerikalik amaldorlarga ko‘ra, u restoranlardagi kredit kartalari ma’lumotlarini o‘g‘irlab, ularni «qora bozor»da sotgan.
U 2009-2013 yillar oralig‘ida sodir etgan jinoyatlari uchun 27 yil muddatga qamalgandi. Adliya vazirligiga ko‘ra, Seleznev minglab korxonalarning kredit kartalari raqamlarini o‘g‘irlashiga yordam bergan dasturiy ta’minotdan foydalangan. Uning otasi Valeriy Seleznev — deputat va Putinning ittifoqchisi.
Vadim Konoshenok
Vadim Konoshenov 2022 yili AQShda Rossiya hukumati manfaatlari uchun kelishilgan xaridlar va «pul yuvish»da ayblangan. U Federal xavfsizlik xizmati agenti deya hisoblab kelingan.
AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, Konoshenov sheriklari bilan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan yuqori ta’sirchan elektron ehtiyot qismlarni eksport qilgan.
Artyom va Anna Dulsevlar
Avvalroq Lyublana okrug sudi Sloveniyada Lyudvig Gish va Mariya Meyyerga tegishli Argentina pasportlari bilan yashab kelgan rossiyalik er-xotin Artyom va Anna Dulsevlarga hukm chiqargandi.
Dulsevalar josuslik ishi bo‘yicha 1 yil 7 oy muddatga koloniyaga hukm qilingan. Ular 2022 yil dekabrda qo‘lga olinganidan beri aynan shuncha muddat hibsda saqlanib kelinayotgan edi. Rossiyaliklar o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Sud yopiq rejimda o‘tkazilgan.
Mixail Mikushin
Universitetda o‘qituvchilik qilgan Mikushin 2022 yilda Norvegiyada Rossiya foydasiga razvedka ma’lumotlarini to‘plashda ayblangan. Norvegiya hukumati uning yonidan Braziliya pasportini topgan va 2021 yildan beri u Tromsyo universitetida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u Xose Assis Jammariya ismi ostida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Mikushin yoshini ham yashirgan: ayblov e’lon qilingan vaqtda u 37 emas, balki 44 yoshda bo‘lgan.
Vladislav Klyushin
Klyushin 2021 yilda AQSh hukumatining talabi bilan Shveytsariyada hibsga olingan. U 2023 yilda aybini tan olish bo‘yicha bitimni rad etganidan keyin insayderlik ma’lumotlar savdosi uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Tergov davomida uning 2016 yilda AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Donald Tramp foydasiga ish ko‘rgani taxmin qilinadigan harbiy razvedka sobiq ofitseri Ivan Yermakov bilan aloqasi borligi aniqlangan.
Pablo Gonsales (Pavel Rubsov)
Ispan-rus jurnalisti 2022 yil fevralda Polshada qo‘lga olingan va unga Rossiya harbiy razvedkasi bilan aloqadorlik hamda josuslik ayblovlari qo‘yilgan.
Rubsov Moskvada muhojirlar oilasida dunyoga kelgan va bolaligida Ispaniyaga ko‘chib o‘tib, Pavel Gonsales ismini olgan. Hibsga olinganidan keyin Amnest International hamda «Chegara bilmas muxbirlar» ishtirokida uni ozod etish bo‘yicha kampaniya boshlangan edi.