«Joriy yil yakunida bazaviy inflatsiya 6-7 foiz, umumiy inflatsiya esa 9 foiz atrofida bo‘ladi» - Markaziy bank

Iqtisodiyot 08:59 / 03.08.2024 3251

Iyun oyida umumiy inflatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etyapti. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan «2024 yilning II choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da ma’lum qilindi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 5,7-6,2 foiz atrofida (apreldagi prognozlarga nisbatan 0,5 foiz bandga yuqori) bo‘lishi kutilyapti.

Iqtisodiy o‘sish prognozi oshishiga I yarim yillikda shakllangan ichki va tashqi iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lgani, investitsiyalar oqimi oshib borayotgani, inflatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyasining davom etishi fonida aholi real daromadlarining oshib borishi asosiy omillar sifatida keltirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi fiskal maqsadlardan kelib chiqib, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining YaIMga nisbati joriy yildagi 4 foizdan, 2025 yildan boshlab 3 foizdan oshmasligini prognoz qilyapti.

Tashqi savdo

Geosiyosiy vaziyatdagi noaniqliklarning davom etishi va joriy yilning II yarmida yetakchi markaziy banklar tomonidan pul-kredit sharoitlarining kutilayotgan yumshatilishi natijasida oltinga bo‘lgan talab yuqoriligicha saqlanib qoladi va joriy narxning yuqori darajada shakllanishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, eksport hajmi o‘sishi II yarim yillikda ham barqaror davom etishi bo‘yicha ehtimollarni oshiradi.

«Uran va mis bo‘yicha jahon narxining o‘tgan yilga nisbatan sezilarli yuqori shakllanayotgani ushbu tovarlar eksporti o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, jahonda paxta hosildorligi bo‘yicha yuqori kutilmalar narxning pasayishiga olib kelishi va tekstil mahsulotlari eksporti bo‘yicha tushumlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, hamkor davlatlarda iqtisodiy o‘sish prognozlarining oshirilishi eksport tovarlariga tashqi talabni kuchaytiradi. Yuqoridagi omillar hisobiga jami eksport o‘sishi 9-12 foizni, oltinsiz eksport o‘sishi esa 11-13 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda», deyiladi MB sharhida.

Global inflatsiya darajasining pasayib borishi, tashqi vaziyatning birmuncha normallashuvi, Xitoyda ishlab chiqaruvchilar narxlari deflyatsiyasi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi import narxlariga qo‘shimcha bosimlar vujudga kelmasligi bo‘yicha ehtimollarni oshirmoqda. Joriy tendensiyalarni hisobga olgan holda import o‘sishi avvalgi prognozlar darajasida yil yakuni bo‘yicha 10-12 foiz darajasida shakllanishi kutilmoqda. Fiskal konsolidatsiya va kredit o‘sishining muvozanatlashuvi sharoitida importga bo‘lgan bosim kamayishi mumkin.

Energetika, neft va xizmatlar importida o‘sish sur’atlari davom etsa, yuqori baza effekti tufayli mashina va uskunalar importi o‘sishi nisbatan barqarorlashishi kutilyapti.

Inflatsiya

Joriy yil yakunida bazaviy inflatsiya 6-7 foiz, umumiy inflatsiya esa 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Prognozning pasayishiga bazaviy inflatsiyaning avvalgi prognozdan pastroq baholanishi hamda meva-sabzavotlar narxlari pasayishi bo‘yicha kutilmalar asosiy hissa qo‘shgan. Inflatsiya prognozlarining pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilgani kelgusi choraklarda iste’mol faolligining barqarorlashishi hisobiga talab inflatsiyasining oshiruvchi bosimlari kamayishi, shuningdek, ichki va tashqi taklif omillarining yaxshilanishi fonida taklif xatarlari kamayishi kutilayotgani bilan izohlanadi. 

Pul o‘tkazmalari va mehnat bozori

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida pul o‘tkazmalarining umumiy oqimi 6,5 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga oshdi. Pul o‘tkazmalarining sezilarli o‘sishini chet eldagi mehnat muhojirlari uchun an’anaviy bo‘lgan mamlakatlar valutalarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi, aksariyat qabul qiluvchi mamlakatlarda yuqori iqtisodiy faollik va ishchi kuchiga barqaror talab bilan izohlangan.

Pul o‘tkazmalari 2024 yil oxirigacha 20-25 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinyapti. 

Fiskal holat

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi yarim yillikda davlat budjeti taqchilligi 29 trln so‘mga teng bo‘lgan. Birinchi yarim yillikda daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshib, 121 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xarajatlari qariyb 150 trln so‘mga yetgan (16 foizlik o‘sish). Bunda, xarajatlar dinamikasi budjet taqchilligini mo‘’tadil darajada saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichdan yuqoriligicha qolgan. Moliyaviy sharoitlarning yumshashi bo‘yicha bozor ishtirokchilari kutilmalari fonida II chorakda budjetni moliyalashtirish ichki manbalardan qisman tashqi manbalarga o‘tishi kuzatilgan. May oyida 1,55 mlrd dollar miqdorida yevroobligatsiyalar joylashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: