Issiq suvdan xarajatsiz foydalanish mumkinmi? Quyosh suv isitkichlari haqida

Jamiyat 15:59 / 03.08.2024 6816

Samarali va tejamkor yechim bo‘lgan quyosh suv isitkichlari haqida nimalarni bilamiz? Ular quyosh energiyasidan foydalanib, issiq suv ta’minotini ta’minlaydi, elektr energiyasi sarfini kamaytiradi va ekologik toza hisoblanadi. BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi issiq suv ta’minotida samaradorlik va mustaqillikka erishishning yangicha yo‘li – quyosh suv isitkichlari haqida ma’lumot beradi.

Quyosh suv isitkichlari va turlari

Quyosh suv isitkichlari – bu quyosh nurini issiqlikka aylantirish orqali issiq suv ishlab chiqaradigan qurilma hisoblanadi. Unda quyosh energiyasini yig‘ish uchun mo‘ljallangan quyosh kollektorlari deb ataladigan panellar hamda quvurlar bo‘ladi. Kollektorlar quyoshdan tushadigan yorug‘likning infraqizil qismini issiqlikka aylantiradi.

Quyosh suv isitkichlarining ikki xil turi mavjud: faol va passiv. Passiv tizimlar issiqlikni kollektor panellardan suv saqlash idishiga o‘tkazishda aylanma nasoslar va boshqaruv vositalaridan foydalangan holda ishlaydi.

Faol tizimlar esa hech qanday komponentlarsiz ishni amalga oshiradi, ya’ni xonadon yoki korxonadagi suv ta’minoti tizimi suv o‘tkazish uchun yetarli bosimga ega bo‘lsa, passiv quyosh isitkichi bunday sharoitda yaxshi ishlaydi.

Ularni o‘rnatish qanchaga tushadi?

Xonadonga quyosh suv isitkichini o‘rnatish - uy egalari uchun elektr to‘lovlarini kamaytirishning eng samarali usuli hisoblanadi. Quyosh suv isitkichlari qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib, issiq suv yetkazib berish bilan bir qatorda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni ham kamaytiradi, ya’ni qo‘shtirnoq ichida aytganda “elektrosetga qaramlik”ni bartaraf etadi.

“Quyosh suv isitkichlari deyarli elektr energiyasi yoki gaz ta’minoti sarflamay uzluksiz ravishda issiq suvni yetkazib beradi. Ya’ni xonadonga bu uskunani o‘rnatib deyarli 9 oy davomida tekinga issiq suvdan foydalanish degani. Ayniqsa yoz kunlarida ortiqchasi bilan yetkazadi.

Ularni o‘rnatish ko‘p vaqt olmaydi. Bu uskuna ichidagi suv hajmi bilan 250 kg ni tashkil qiladi, shundan 50 kg uskunaning og‘irligi hisoblanadi. Bunda 200 litr suvning og‘irligi hamma joyga taqsimlanadi va bu bilan xonadonning tom qismiga og‘irligi tushmaydi. Uni o‘rnatishda quyosh tushishini hisobga olish kerak. Quyoshdan kelayotgan infraqizil nurlar uskunadagi vakuum chiroqning yuzasiga tushadi, u issiqlikni suvni isitadigan mis naychaga o‘tkazadi. O‘rnatish uchun binoning kattaligiga qarab 1 kun vaqt ketadi.

Bundan tashqari quyosh suv isitkichlarini xonadonlarni isitish vositalariga ham moslashtirsa bo‘ladi. Buning o‘ziga yarasha talablari bor. Masalan, uyga issiq pol yoki issiqlik izolyatsiyasi o‘rnatilgan bo‘lsa bemalol quyosh suv isitkichlari orqali uyni isitish mumkin. Albatta, qishning o‘ta sovuq kunlarida to‘liq isitmasligi mumkin. Lekin quyosh past haroratda bo‘lsa ham yoritib turgan kunlarda issiqlik yetkazib beradi.

Quyosh suv isitkichlariga ishlab chiqaruvchi tomonidan 15 yil kafolat berilgan. Agar tashqi ta’sirlar hisobiga zararlanmasa, ya’ni ustiga biror narsa tushib ketmasa yoki shunga o‘xshash zararlar yetmasa bemalol 15-20 yil davomida ishlab beradi.

Afzalliklari shundaki, siz umuman gaz yoki tok ishlatmasdan issiq suvdan foydalanasiz. Yashab turgan hududingizda elektr yoki gaz o‘chganda ham sizdagi 200 litr suv bemalol xonadoningizni ta’minlay oladi”, deya ta’kidlaydi soha mutaxassislari.

Quyosh suv isitkichlari faqat xonadonlar uchun emas, uni istalgan binolarda o‘rnatish va foydalanish mumkin.

Quyosh suv isitkichlarida isitilgan suv insonga zararlimi?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyoshli joylarda nisbatan kichik quyosh suv isitkichi yordamida ham issiq suv hosil bo‘lishi mumkin. Biroq, sovuqroq hududlarda faok kuyesh kollektorlaridan fatdalanish kerak, minus 35 daraja ishlay oladigan.

Shuningdek, quyosh suv isitkichi o‘rnatiladigan joy, asosan, janubga qaragan bo‘lishi maqsadga muvofiq sanaladi.

Ma’lumki, quyosh energiyasi miqdori yil davomida o‘zgarib turadi. Shu bois, O‘zbekiston sharoitida quyosh issiqlik panellari yozda issiq suvning 80-90% ni, qishda esa 20-30% ni ishlab chiqarishi mumkin – bu degani qurilma yil davomida o‘rtacha 80% gacha issiq suvga bo‘lgan ehtiyojlaringizni qoplab beradi.

Tibbiyotda oftobda qolgan suvni iste’mol qilish zararli deyiladi. Ammo bu uskunalarda suv to‘g‘ridan to‘g‘ri quyoshda isitilmaydi. Balki quyosh nurlaridan olingan issiqlik tufayli isitiladi. Shunday ekan, quyosh suv isitkichlaridagi suv inson salomatligi uchun bezarar.

Quyosh suv isitkichlari, ya’ni kollektorlar vakuum shishalar hamda issiq suv akkumulyatoridan, ya’ni termosdan iborat bo‘ladi. Qurilmadagi suv saqlash idishi suv haroratining uzoq muddat davomida issiq turishini ta’minlaydi. Qishda havo harorati 0 °S darajadan past bo‘lganda suv saqlash idishidagi issiqlik yo‘qotilishi 3−6°S daraja bo‘lishi mumkin. Ya’ni agar tunda kollektorda suv harorati + 60 °S bo‘lsa, tonggacha bu ko‘rsatkichning +55°S gacha pasayish ehtimoli mavjud.

Mis issiqlik quvurlari (heat pipe) bilan jihozlangan faol turdagi quyosh kollektorlari uylarni isitish va suv isitish uchun muvaffaqiyatli qo‘llanilishi mumkin. Yiliga 300 kun quyoshli va isitish davri 150 kun bo‘lgan O‘zbekistonda sof bepul quyosh energiyasidan foydalanish zarur. Quyosh kollektorlari va suv issiqlik nasoslaridan foydalanganda biz uyimizni katta energiya xarajatlarisiz issiq suv va isitish bilan ta’minlaymiz.

Energiya narxi ko‘tarilgan hozirgi vaqtda, ushbu uskunaning to‘lov muddati kamayadi va 3-4 yilga yetadi. Bunday kombinatsiya bilan uyni isitish uchun sarflangan mablag‘ gaz bilan isitish uchun sarflangan mablag‘ga teng bo‘ladi.

Ushbu uskuna yaxshi va uzoq vaqt ishlaydi, taqqoslash uchun muzlatgich yoki konditsionerni olaylik. Energiya narxi oshishi bilan siz uyni isitish va issiq suv olish uchun mablag‘laringizning kam sarflanishidan hayratda qolasiz. Sizga ko‘p yillar davomida xizmat qiladigan mustaqil energiya tejamkor tizimga ega bo‘lasiz. Bugungi kunda bu sizning xarajatlaringizni kamaytirish va imkon qadar tezroq o‘z-o‘zini qoplashga o‘tishning yagona yo‘lidir.

Quyosh suv isitkichlarini o‘rnatish uchun Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida aholi yashash xonadonlari uchun ham subsidiyalar taqdim etiladi.

Bunda quyosh suv isitkichlari to‘plami uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 % subsidiya taqdim etiladi. Subsidiya haqidagi barcha ma’lumotlarni telegram kanalidan olish mumkin: https://t.me/BMTTDsubsidiyasi

Ko‘proq yangiliklar: