Issiqlik nasoslari – yozda ham, qishda ham kamxarajat, xavfsiz va samarali yechim

Jamiyat 20:33 / 19.08.2024 6204

Gaz ta’minoti bo‘lmaganda kam energiya bilan uyni isitish, markazlashmagan holatda ham issiq suv bilan ta’minlangan xonadonda yashash mumkin. Issiqlik nasoslari isitish, sovitish, issiq suvni yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi. BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi orqali bu nasoslarni o‘rnatish va foydalanishni boshlash mumkin.

Issiqlik nasoslari – mo‘’tadillashtiruvchi qurilma

Issiqlik nasoslari xona haroratini isitish va sovitishga xizmat qiluvchi qurilma bo‘lib, u energiyani bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish orqali havoni mo‘’tadillashtirish vazifasini bajaradi. Qurilmaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u tuproq, havo, yer osti va yer usti suvlari kabi energiya manbalaridan issiqlikni olib, bino ichiga yo‘naltiradi va jarayonda oz miqdorda energiya sarflaydi.

Qurilmadan foydalanib kelayotgan xonadon egalari uning foydali jihatlarini ta’kidladi:

“Bundan 6 oy avval issiqlik nasosi o‘rnatganmiz. Ilgari elektr kotyoldan foydalanganmiz, tog‘ sharoiti bo‘lgani uchun faqat elektr bor, gaz yo‘q. O‘sha paytda tarif bo‘yicha taxminan 5 mln so‘mlik elektr ishlatganmiz. Issiqlik nasosi o‘rnatganimizdan keyin bir oylik xarajatimiz 1,5 mlnga tushdi. Ya’ni bir oyda 3-4 baravar qisqardi. Toshkent shahrida ham uyim bor, u yerda yashaganimizda gazdan foydalanib isitamiz, hisoblab ko‘rsam gazdan ham 15-20% arzonga tushdi. Ba’zida shahar tashqarisidagi uyimizda gaz yo‘qligidan xafa bo‘lardik. Endi qarasam issiqlik nasoslari bilan xarajatlarimiz gazdan ham arzonga tushyapti. Chunki tog‘ sharoitida ba’zida harorat -20 darajaga tushib ketadi, qor ko‘p bo‘ladi, uyni isitish uchun elektr kotyollar ko‘p elektr sarflaydi. Hozir esa bu uyda yashash bizga shahardagi uyimizda yashagandan ko‘ra arzonga tushyapti, chunki issiqlik nasoslari ham issiq suvni yetkazib beradi, ham uyni isitib beradi. Yaqinda quyosh panellari o‘rnatib xarajatlarimizni yanada kamaytirmoqchimiz”.

Qurilma qanday ishlaydi?

Issiqlik nasoslari ixcham, tejamkor va ekologik toza tizim bo‘lib, u xonadonning tashqari qismiga o‘rnatiladi, Xonadon egalari issiqlik nasoslarini sotib olishdan oldin yashayotgan hududidagi iqlim sharoitini hisobga olishlari muhim sanaladi. Mazkur qurilma, odatda, harorat muzlashdan pastga tushmaydigan, iliqroq iqlim sharoitida yaxshiroq ishlaydi.

O‘rnatish jarayonida xonani isitish va sovitish hajmlarini baholashdan tortib, issiqlik nasosining o‘lchamini to‘g‘ri tanlash va joylashtirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Soha mutaxassisi issiqlik nasoslarining nafaqat tejamkor, balki qulay va xavfsiz ekanini aytdi:

“Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kVt quvvatdagi issiqlik nasoslari 8 kv joyni qishda isitib, yozda sovitib bera oladi. Masalan, o‘rtacha 2 xonali xonadonni 60 kv deb oladigan bo‘lsak, uni isitish yoki sovitish uchun 8 k li issiqlik nasosi yetarli.

Bu nasoslar markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bo‘lmagan yoki qishloq joylarda yashaydigan uylarga o‘rnatish maqsadga muvofiq. Chunki bu nasoslar xavfsiz, boshqarish qulay, istagan vaqtda o‘chirish-yoqish mumkin.

Issiqlik nasoslar bilan konditsionerlarning farqi shundaki, konditsionerlar faqat issiq-sovuq havo haydab beradi. Bu nasoslar esa uyni isitishi va sovitishi, issiq suv yetkazib berishi mumkin. Yoz oylarida issiqlik nasoslari xona haroratini 16 darajagacha mo‘’tadillashtirib, qishda esa 20-27 darajagacha isitib bera oladi”.

Issiqlik nasoslaridan nafaqat uylar va kvartiralarni isitish hamda sovitish, jamoatchilik binolarida mo‘’tadil haroratni saqlash, sanoat zonalarida issiqlikni qayta ishlash va energiya tejash maqsadida, balki suv havzalari va basseynlarda suvni isitish uchun ham foydalanish mumkin.

 

 

Qurilma xuddi konditsioner singari xonani isitishi ham va shu bilan birga sovitishi ham mumkin. Qish oylarida issiqlik nasoslari sovuq tashqi havodan issiqlik to‘plab, uni ichkariga o‘tkazadi, issiq oylarda esa uyni sovitish uchun xonalar ichidagi issiqlikni ichki havodan olib, tashqariga chiqaradi. Qurilma elektr energiyasi yordamida ishlaydi. Uni o‘rnatgan xonadon egalari o‘z uylarini isitish uchun boshqa tizimlarni o‘rnatishlari shart bo‘lmaydi.

Samaradorlik haqida

Issiqlik nasoslari, odatda, yuqori samaradorligi va energiyani tejash imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Ularning “havodan havo”ga, “havodan suv”ga hamda geotermal ko‘rinishdagi turlari mavjud.

“Havodan havoga” deya tasniflanuvchi issiqlik nasoslari - tashqi havodan issiqlikni yutib, uni binoning ichiga o‘tkazadi yoki yozda aksincha, ichki havodan issiqlikni olib, tashqariga chiqaradi. Qurilmaning bu turini xonadonlarga o‘rnatish nisbatan oson va u boshqa isitish tizimlariga qaraganda arzonroq hisoblanadi. Faqat bir noqulay jihati, sovuq iqlim sharoitida qurilmaning samaradorligi pasayadi. Havoning namligi uning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qurilmaning “havodan suvga” deb nomlangan turi tashqi atmosferadan issiqlikni yutib, uni suv tizimi yordamida binoga o‘tkazadi. “Havodan suvga” deb nomlanuvchi issiqlik nasoslari yordamida to‘plangan energiya odatda, suv bilan xonadonni isitish tizimlari hamda issiq suv ta’minoti uchun ishlatiladi.

Geotermal issiqlik nasoslari esa yer ostidan issiqlikni to‘plab olib, uni binoga o‘tkazadi. Ular yer osti trubalari orqali issiqlik yetkazadi. Qulay jihati, bu kabi issiqlik nasoslarining ishlashiga iqlim sharoiti deyarli ta’sir o‘tkazmaydi. Shuningdek, geotermal (yoki tuproqli) issiqlik nasoslari yana bir qator muhim afzalliklarga ega. Ular energiya sarfini 70% -80% gacha kamaytirishi, namlikni nazorat qilishi, turli xil toifadagi uylarga mos kelishi bilan ustuvor jihatlarga ega hisoblanadi.

Subsidiya asosida xarid qilish

Xo‘sh, qurilmani o‘rnatish xarajatlari qancha summani tashkil etadi va unga sarflangan mablag‘ qancha vaqt ichida o‘zini oqlaydi?

Shuni alohida ta’kidlash joizki, issiqlik nasoslarini o‘rnatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida aholi yashash xonadonlari uchun subsidiyalar taqdim etiladi. Bunda erkaklarga 25%, ayollarga 27,5% subsidiya mablag‘lari beriladi. Subsidiyani qo‘lga kiritish haqidagi to‘liq ma’lumotlarni quyidagi manzillar orqali olishingiz mumkin: t.me/BMTTDsubsidiyasi

Ma’lumotlarga qaraganda, global atmosfera chiqindilarining qariyb 40 foizi binolardagi uylar hamda korxonalarni isitish usullari orqali hosil bo‘ladi. Havoga tarqaladigan uglerod chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun atmosferaga zararli moddalarni chiqarmaydigan, tozaroq, past yoki nol uglerodli alternativlarga o‘tish talab etiladi.

Issiqlik nasoslari ko‘p miqdorda energiyani tejashi va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik imkoniyatlari bilan ekologik toza isitish vositasi hisoblanadi. Ular atmosferaga karbonat angidrid gazlari chiqarilishini sezilarli darajada kamaytiradi. Shu bilan birga, yuqori samaradorligi va uzoq muddatli moliyaviy afzallik keltirishi sababli issiqlik nasoslarini uy-joy va tijorat binolarida qo‘llash foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: