Fransiya politsiyasi Parijda 2024 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanganidan beri 180 kishini qo‘lga oldi.
Bu haqda 2 avgust, juma kuni Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen poytaxt va uning atrofidagi huquq-tartibot holatini sharhlar ekan, jurnalistlarga ma’lum qildi.
2024 yil boshidan buyon poytaxt Parij va uning atrofidagi hududlarda jinoyatchilik darajasi keskin pasaygan, dedi vazir poytaxt chetidagi Sen-Deni kommunasidagi politsiya bo‘limiga tashrifi chog‘ida.
Darmanenning aytishicha, 1 yanvardan beri mintaqada zo‘ravonlik bilan o‘g‘rilik 24 foizga, avtomobil o‘g‘irlash 10 foizga, jamoat transportida zo‘ravonlik 40 foizga kamaydi.
Idora boshlig‘ining aytishicha, Olimpiada boshlangandan beri politsiya zo‘ravonlik harakatlarini rejalashtirganlikda gumonlangan shaxslarni qo‘lga olgan, biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari yaqinlashib kelayotgan terakt haqida ma’lumot olmagan.
Xalqaro sport musobaqasi boshlanganidan beri politsiya 200 kishiga qarshi chora ko‘rdi, ulardan 180 nafari qo‘lga olingan, deydi Darmanen.
26 iyul kuni Parijdagi Sena daryosida ochilish marosimi bilan boshlangan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari 11 avgust kuni yakunlanadi.
Olimpiada xavfsizligini 35 mingga yaqin politsiya va jandarmlar, 18 ming harbiy xizmatchi va minglab xususiy xavfsizlik xodimlari ta’minlamoqda.