O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil G‘azodagi maktablardan biriga bomba tashladi. Kamida 15 kishi, jumladan yosh bolalar halok bo‘lgani aytilmoqda.
Isroil Zilol ul Mug‘rabiydagi maktab va G‘azodagi Sabha tibbiyot markaziga raketa zarbasi bergan.
Ushbu ijtimoiy obektlardan turar joylari vayron qilingan yuzlab falastinlik boshpana sifatida foydalanishayotgan edi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi “o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga yordam bermasligi”ni aytgan.
Bu haqda Jo Bayden Rossiyadan ozod qilingan amerikalik mahbuslarni kutib olish uchun chiqqan Endryus aviabazasida jurnalistlarga ma’lum qilgan.
Ismoil Haniyaning ehtimolli vorisi sifatida ko‘riayotgan Xolid Mash’al HAMAS muzokaralar olib bormasligi, shartlarda yon bermasligi va Isroilni tan olmasligini ma’lum qilgan.
«O‘ldirilgan Haniya Falastin ishiga, o‘z xalqiga haqiqiy mujohid sifatida xizmat qildi», — degan Mash’al.
Haniyaning janozasi
Ismoil Haniyaning janozasi Qatar poytaxti Doha shahrida o‘qilib, u Lusayl qabristonida dafn etildi.
Motam marosimlari Indoneziya, Livan, Malayziya, Pokiston, Turkiya va Yamandagi husiylar nazoratidagi hududlarda ham bo‘lib o‘tdi. Marosimdan bir kun oldin vidolashuv marosimi Tehronda bo‘lib o‘tgan edi.
Jumladan Falastinning okkupatsiya qilingan hududi Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida ham Haniyaga atab g‘ayb janoza namozi o‘qildi.
Dohadagi dafn marosimi minglab odamlarni jalb qildi.
Marosimda Qatar amiri, bosh vazir, Eron prezidentining birinchi o‘rinbosari, Turkiya tashqi ishlar vaziri va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirok etdi. Motam marosimida HAMAS rahbariyati a’zolari, jumladan, marhumning ehtimoliy vorisi deb atalgan Xolid Mash’al ham ishtirok etdi.
Ismoil Haniyaning rafiqasi Amal Haniya ham turmush o‘rtog‘i dafn etilishidan avval Dohada u bilan vidolashgan.
Turkiya va Isroil rasmiylarining dahanaki jangi
Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats X ijtimoiy tarmog‘ida Erdo‘g‘anga qarshi turk tilida post qoldirib, postining so‘ngida “yaxshi davrlar kelishini kutamiz”, deb Istanbulning muxolifatdagi meri Akrom Imomo‘g‘lini ham belgilagan.
Akrom Imomo‘g‘li Katsga X ijtimoiy tarmog‘i orqali darhol javob bergan.
“Men Turkiya Jumhuriyati bayrog‘i va jumhuriyat prezidentini haqorat qilingan ushbu bayonotni to‘liqligicha o‘zingizga qaytaraman.
Biz qo‘llarida o‘n minglab bolalarning qoni bo‘lganlardan demokratiya va huquqni o‘rganmaymiz.
Ha, hammasi yaxshi bo‘ladi. Falastin ozod bo‘lgan kun”, — deb yozgan Imomo‘g‘li.
Turkiya prezidenti administratsiyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha boshqarmasi bog‘ligi Faxriddin Altun ham Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Katsga X ijtimoiy tarmog‘i orqali javob qaytargan.
“Bu yoqqa qara, qotil va ruhiy nosog‘lom kishi!
Toki sen begunoh insonlarning qonini so‘rayotgan iflos og‘zing bilan Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning nomini tilga olar ekansan, biz uni yanada qattiqroq qo‘llaymiz, uning ortida yanada qat’iyroq turib beramiz.
Bizning prezidentimiz va bizning mamlakatimizning sizlar kabi qonxo‘r qotil genotsidchilardan o‘rganadigan narsasi yo‘q!
Bizning falastinlik birodarlarimiz va singillarimizning ommaviy o‘ldirilishi va sizlar sodir etgan sharmandali genotsid uchun kuni kelib albatta javob berasizlar”, — deb yozgan Faxriddin Altun.
Siyosiy mahbuslarning chiqishlari
Rossiya, Belarus va G‘arb o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan Ilya Yashin, Vladimir Kara-Murza va Andrey Pivovarov Bonndagi Deutsche Welle tahririyatida jurnalistlar bilan uchrashdi.
Kara-Murza Rossiyadan Turkiyaga uchayotgan samolyotda ozod etilgan siyosiy mahbuslarga hamrohlik qilgan fuqaro kiyimidagi «FSB» xodimining iborasini esladi: «Mana, qarang, siz o‘z vataningizni oxirgi marta ko‘ryapsiz». «Unga shunday dedim: men tarixchiman, nafaqat ishonaman va o‘ylayman, balki aniq bilamanki, barchamiz Rossiyaga albatta qaytamiz. Rossiya erkin, normal bo‘ladigan kun kelishini aniq bilaman, bu kun kelishiga mutlaqo shubham yo‘q», — degan Kara-Murza.
Andrey Pivovarov rossiyaliklarni Rossiya rahbariyati olib borayotgan siyosat bilan bog‘lamaslikka chaqirdi. «Fursatdan foydalanib, G‘arb davlatlariga Rossiyadagi oddiy odamlarga e’tibor qaratishlari uchun murojaat qilmoqchiman», dedi u. Pivovarovning so‘zlariga ko‘ra, oddiy ruslar, tashviqot uni qanday ko‘rsatishga harakat qilmasin, urushni qo‘llab-quvvatlamaydi, lekin ular qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, chunki mamlakatdagi hozirgi sharoitda shunchaki omon qolishga harakat qilmoqdalar. U G‘arb davlatlarini, jumladan, Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamaydigan oddiy ruslarning viza olishini qiyinlashtirmaslikka chaqirdi.
Ilya Yashin qamoqxonada bo‘lgan birinchi kunidanoq u hech qanday almashinuv ro‘yxatiga kiritilmasligini so‘raganini aytdi. Yashinning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyada qolish huquqi uchun so‘nggi kungacha kurashgan.
“Almashishdan bir necha kun oldin «FSIN» xodimlari kameramga kelib, afv so‘rash to‘g‘risidagi arizaga imzo chekishini talab qilishdi, ammo «men zolim deb bilganlardan hech qachon kechirim so‘ramasligim aniq ekanini aytdim», — degan Yashin.
U o‘zining mamlakatdan chiqarib yuborilishini noqonuniy deb bilishini ta’kidladi.
Kamala Harris yetarli ovoz to‘pladi
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratik partiya delegatlari o‘rtasida onlayn ovoz berish jarayonida shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida partiya nomzodi sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlandi.
Bu haqda Demokratlar milliy qo‘mitasi raisi Jyeymi Harrison ma’lum qildi va natijalar hali rasmiy emasligini ta’kidladi.
AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden bu voqealar rivojini olqishladi. «Men qabul qilgan eng yaxshi qarorlardan biri Kamala Harrisni vitse-prezident etib tanlaganim bo‘ldi. U endi bizning partiyamiz nomzodi bo‘ladi va men bundan faxrlanaman», deb yozdi u Facebook’da.
Demokratik partiya delegatlari qabul qilgan elektron saylov byulletenlariga faqat Kamala Harrisning ismi kiritilgan. Rasmiy ravishda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi uchun uni kamida 1976 delegat qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Virtual ovoz berish 5 avgust kuni kechqurun tugaydi.
Demokratik partiya qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi. Biroq Kamala Harris nomzodi oldindan rasman tasdiqlangani tufayli u yerda ovoz berish shunchaki rasmiyatchilik bo‘ladi.
Qotillik buyurtma qilgan senator
Rossiyada Tula viloyatidan saylangan senator Dmitriy Savelyyev Federatsiya kengashi yig‘ilishidan chiqayotgan vaqtida prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U pul va’da qilish evaziga qotillikka tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilinmoqda.
«Bosh tergov boshqarmasi rossiyalik senator Dmitriy Savelyyevga nisbatan qotillikka tayyorgarlik ko‘rgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atdi», deyiladi rasmiy xabarda.
Moskvaning Basmanniy rayon sudi tergov talabiga binoan Savelyyevni 2 oktyabrgacha hibsga oldi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «shaxsiy dushmanlik asosida» Savelyyev 2023 yil avgust oyida Moskvada 100 ming dollar pul evaziga o‘z biznes sherigi Ionovga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan. Ionov go‘yoki ular birgalikda boshqargan kompaniyadan pullarni isrof qilgan.
Senatorning tanishi uning topshirig‘i bilan «qotillik ijrochisini topishga harakat qildi», bu Rossiya Federatsiyasi huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lum bo‘ldi.
«Kommersant» suhbatdoshlariga ko‘ra, rossiyalik senator jinoyatni vositachilar orqali uyushtirgan va ular FSIN sobiq xodimini «qotil sifatida» yollagan. Biroq, buyruqni olgach, u FSB bilan bog‘lanib, keyin xodimlar nazorati ostida harakat qilgan. Qotillikni sahnalashtirib, ijro uchun pul olinayotganda Savelyyevning yordamchisi qo‘lga olingan.
Endi senatorning daxlsizligi olib tashlandi, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.