Bayden Yaqin Sharqda keskinlik ortib borayotganidan xavotir bildirdi

Jahon 08:44 / 03.08.2024 2817

HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi «o‘t ochishni to‘xtatishga erishish imkoniyatiga yordam bermadi».

Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MİT) tomonidan muvofiqlashtirilgan mahbuslarni almashish amaliyoti doirasida mamlakatga qaytgan uch AQSh fuqarosi bilan uchrashish uchun borgan Endryus havo kuchlari bazasida jurnalistlarga aytib o‘tdi.

Haniyaga qilingan suiqasd G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish imkoniyatiga qanday ta’sir qilgani haqida so‘ralganda, Bayden «Yordam bermadi», deb javob qaytardi.

Bayden Yaqin Sharqda keskinlik kuchayib borayotganidan «juda xavotirda» ekanini aytdi va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan «juda batafsil» suhbatlashganini ta’kidladi.

«(Suhbat davomida) men aniq aytdim. Bizda o‘t ochishni to‘xtatish uchun asos bor. (Netanyahu) tegishli qadam tashlashi kerak. Ular shu yo‘ldan borishlari kerak», – dedi davlat rahbari.

Oq uy avvalroq Bayden va Netanyahu o‘rtasidagi telefon suhbati haqida xabar bergan edi.

Bayonotda Bayden Netanyahuga Isroil xavfsizligini kafolatlagani, «prezident Isroilning Eron va uning HAMAS, «Hizbulloh» hamda husiychilar kabi terrorchilik tarmog‘idan kelayotgan barcha tahdidlardan xavfsizligini ta’minlashga sodiqligini qayd etgani» aytiladi.

Tehronda HAMAS yetakchisining o‘ldirilishi

Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya Eron yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Tehronga kelgandi. 

Islom inqilobi muhofizlari korpusi 31 iyul kuni ertalab Eron poytaxtida Ismoil Haniya qarorgohiga zarba berilgani haqida ma’lumot tarqatdi. 

Eron va HAMAS Isroilni qotillikni uyushtirganlikda aybladi. Biroq Isroil rasmiylari voqeaga izoh berishdan o‘zlarini tiyib turibdi.

Ismoil Haniya 2017 yil 6 may kuni HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib saylangan edi. U bu lavozimda Xolid Mashal o‘rnini egalladi.

Ko‘proq yangiliklar: