Adliya vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida” qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu qonun bilan eski binolar buzilib, yangilari qurilishi nazarda tutiladi. Kun.uz bilan suhbatda arxitektor Baxtiyor Magdiyev fikricha, bu o‘ta xom qonun va hujjat mavjud uy-joylar hududining biznesga berib yuborilishiga asos bo‘ladi. Shaharsozlar qonunni hatto muhokamaga ham arzimaydi deb hisoblashmoqda.
Kun.uz mavzu yuzasidan muhokama o‘tkazarkan, unda qatnashgan ekspertlar bir ovozdan ushbu qonun loyihasi xususiy mulkni xavf ostida qoldirishi, yana buzdi-buzdilarni avj oldirishidan xavotirini bildirdi. Moskva xalqaro arxitektura akademiyasi akademigi, Xalqaro arxitektorlar uyushmasi professori Baxtiyor Magdiyevga ko‘ra, renovatsiya avvalo – ta’mirlash dasturidir. Renovatsiyaga sabab bo‘luvchi yagona omil bu – obektning avariya holatida ekani. Boshqa sabab bilan mavjud uy-joyni buzish, renovatsiyaga kirmaydi. Xalq va jamiyatning eng katta boyligi bu – mavjud uy-joy fondi, deydi Magdiyev.
Toshkent Arxitektura-qurilish instituti Shaharsozlik kafedrasi dotsenti Dinara Nazarova fikricha esa, bunda avvalo jamoatchilik fikri jiddiy o‘rganilishi kerak. Renovatsiya bizda nisbatan yangi tushuncha. Odamlar uni tushunmaydi, obektlarning taqdiri u yerda yashamaydigan mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va yana kimlarningdir ishtiroki bilan hal qilib yuboriladi. Bu xato, har bir fuqaroning xohishi inobatga olinishi kerak, deydi shaharsoz.
Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevning fikricha, bu qonun loyihasini umuman qabul qilib bo‘lmaydi. Muhokamasi tugay deb turgan hujjatdan odamlarning deyarli xabari yo‘q. Davlatda xususiy mulk himoyasi sust, sudlar mustaqil emas. Shunday sharoitda bu qonun lobbistik guruhlarning buyurtmasidan boshqa narsa emas. Shahar bosh rejasini qabul qilmasdan turib, bunday qonun loyihasini qabul qilish – noto‘g‘ri, deydi Kusherbayev.
Ekspertlar shuningdek, qonun loyihasida kelgan renovatsiya tashabbuskorlari punkti ham chalkashlikka to‘la ekanini jiddiy tanqid qildi. Hujjatda keltirilishicha, davlat, xususiy mulkdorlar va uchinchi shaxslar tashabbuskor bo‘lishi mumkin. Bu esa xohlagan odamga renovatsiya taklifi bilan chiqish imkonini beradi. Shuningdek, renovatsiyaga sabablar ham kengaytirib yuborilgan. Ularda aniqlik yo‘q, deydi mutaxassislar.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi muhokamaga 20 iyul kuni qo‘yilgan, 4 avgustda yakuniga yetadi. Jamiyat, fuqarolar xususiy mulki va uy-joyi taqdiri muhokamasi uchun 15 kun berilishidan ham ma’lumki, qonun jiddiy emas, deydi arxitektor Magdiyev.