Urgutda yo‘ldan o‘tayotgan 3 yoshli bola Cobalt urib ketishi oqibatida vafot etdi

Jamiyat 11:01 / 02.08.2024 9718

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yosh bolaning o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, YTH 2024 yilning 24 iyun kuni tumanning Quyi Algar mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 1986 yilda tug‘ilgan haydovchi I.R. Cobalt mashinasini “Toyloq-Urgut” avtomobil yo‘lida Urgut yo‘nalishi tomon boshqarib borayotib, yo‘ldan o‘tayotgan 2021 yilda tug‘ilgan N.N.ni urib yuborgan. Buning oqibatida bolakay vafot etgan.

Haydovchi amaldagi yo‘l harakat qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi qayd etilgan. Jumladan, u tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotganda qatnov qismini kesib o‘tayotgan piyoda(lar)ni o‘tkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki to‘xtashi haqidagi shartli qoidaga amal qilmagan. Ya’ni yo‘ldan o‘tayotgan bolani ko‘rgan holda mashinani to‘xtatmasdan, harakatlanishda davom etgan.

Samarqand viloyati IIB EKMning xulosasiga ko‘ra, Cobalt mashinasining rul boshqaruvi va ishchi tormoz tizimi soz holda bo‘lgan. Shuningdek, viloyat IIB EKM xulosasida haydovchi mashinani favqulodda tormozlab, to‘xtatib qolish yo‘li bilan hodisaning oldini olish uchun texnik imkoniyatga ega bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan I.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Oldinroq Kattaqo‘rg‘onda Nexia urib ketishi oqibatida erkak va uning 4 yoshli qizi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: