1 avgustdan 10 sentabr oralig‘i talabalarni turar joy bilan ta’minlash uchun “dolzarb qirq kunlik” etib belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, 2024/2025 o‘quv yilida o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, barcha oliy ta’lim muassasalarining asosiy binolari va TTJlarining kirish qismlarida kamida 4ta “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari” (infokiosk) tashkil etiladi.
Infokiosk faoliyatini yo‘lga qo‘yib, unga tajribali volontyorlarni biriktirgan va eng namunali faoliyat yuritgan “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari”ga 20-30 million so‘m pul mukofoti beriladi. Vazirlikning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bu mablag‘lar vazirlik tomonidan g‘olib bo‘lgan OTMlariga beriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda mas’ullarga ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarning guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘maklashish, OTM rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari va ular haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda)ni e’lon qilish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, OTM rektorlariga haftada kamida 1 marta yotoqxona va ijarada yashayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olish topshirig‘i berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgustdan talabalar turar joylari uchun onlayn ariza berish boshlangani xabar qilingan edi.