SSP raisi elektromobil importiga boj kiritishni “100 foiz” qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston 16:14 / 02.08.2024 21182

26 iyul kuni avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilgan edi. Tadbirda O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarayotgan ADM Jizzakh kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletyarov mahalliy bozor “haddan tashqari to‘yingani va qizib ketgani”ni iddao qilib, jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish va elektromobillar importi uchun bojlarni qayta tiklash taklifi bilan chiqqandi. Bu tashabbusning ichki bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir qilishi sababidan Davletyarovning fikrlari jiddiy tanqidlarga uchradi.

Eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha tashkil qilingan navbatdagi davra suhbatida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov yuqoridagi mavzuga qaytib, yetakchi xorij davlatlarida ham ichki bozorni himoya qilish maqsadida qo‘shimcha bojlar joriy qilingani haqida gapirdi.

“Bundan oldingi muloqotda o‘zim shaxsan qatnasha olmadim, lekin internet tarmog‘idagi jurnalistlarga murojaatimki, bitta tadbirkor o‘zi standart olib, o‘zi standartga javob beradigan qo‘shimcha elementlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yyapti. Sababiki, bizda shu ishlab chiqarish borligi, to‘g‘rimi?

Shu sababdan men dunyodagi rivojlangan davlatlarning foiz stavkalarini ma’lumot uchun aytib o‘tmoqchiman. Amerika, Xitoy mashinalari standartga javob bermasligi, ularning dilerlari bo‘lmagani uchun avtomobil narxiga 102 foiz qo‘shimcha boj qo‘ygan. Yevropa davlatlari 38 foiz, Turkiya 58 foiz, Braziliya 10 foiz va 2026 yilgacha 35 foizga ko‘tarmoqchi. Endi shu talab qo‘yilganidan keyin Xitoy elektromobillari necha xil bo‘lishidan qat’iy nazar, BYD Turkiyada 1 mlrd dollarlik zavod qurishga kelishdi”, dedi SSP raisi.

Davron Vahobovning qo‘shimcha qilishicha, bu ishchi o‘rni yoki monopoliya bilan bog‘liq emas, balki avtosanoat sohasida malakali mutaxassislar chiqarish nuqtayi nazaridan ahamiyatli.

“Asakadagi zavodda yillar davomida yuz minglab odam faoliyat yuritdi. O‘zim bilganim, 15 ga yaqini Germaniyada 3 ming yevrodan 5 ming yevrogacha oylik olyapti”, dedi u.

SSP raisi Doniyor Davletyarovning elektromobillar uchun bojlarni qayta tiklash haqidagi taklifini “100 foiz qo‘llab-quvvatlashi”ni ta’kidlab, o‘z fikrini dastaklash uchun Turkiyaning ham o‘z ichki bozorini himoya qilayotganini misol tariqasida keltirdi.

“Internet tarmog‘idagi jurnalistlarga bir narsa aytmoqchimanki, mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash deganda, sal kengroq qarashinglarni so‘rayman. Bizda 430 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Turkiyada 1 mln 100 ming dona va atigi 5ta brend: Reno, Ford, Hyundai va TOGG, o‘zining elektromobili. Soliq miqdori avtomobil bozor qiymatining 100 foizini tashkil qiladi. Turkiya bizdan orqadagi davlat hisoblanadimi, o‘zining bozorini shunaqa himoya qilayotgan bo‘lsa? Yoki undan yuqorirog‘ini aytadigan bo‘lsak, 37 foiz hashamat solig‘i degan narsa ham bor. Shu sababdan, oldingi yig‘ilishda tadbirkorimiz ko‘targan masalani 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman, sababiki, u sanoat rivojlansa, bizda minglab ishlab chiqaruvchilar rivojlanadi”, – deya xulosa qildi Davron Vahobov.

“Sanalgan bozorlarda ishlab chiqaruvchilarning o‘zida raqobat darajasi haddan ziyod yuqori”

Iqtisodchi Otabek Bakirov Yevropa va AQShda o‘nlab, Turkiya va Braziliya misolida kamida o‘nga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari mavjudligiga urg‘u berib, ichki bozorning o‘zida ham raqobat muhiti yuqori ekaniga e’tibor qaratdi.

“Avvalambor, aytish kerakki, sanalgan mamlakat va hududlar dunyodagi eng yirik avtomobil bozorlari hisoblanadi. Bu bozorlarning har birida Yevropa va AQSh misolida o‘nlab, Turkiya va Braziliya misolida kamida o‘nga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari mavjud. Ya’ni sanalgan bozorlarda importni hisobga olmaganda ham, ishlab chiqaruvchilarning o‘zida raqobat darajasi haddan ziyod yuqori. Masalan, Vahobov mehr bilan tilga olgan Turkiya bozorida eng katta ishlab chiqaruvchi Renault'ning ulushi 25 foizga bormaydi. O‘zbekistondagi monopollashgan konsentratsiyani sanalgan bozorlardagi raqobat koeffitsiyenti bilan umuman solishtirib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, sanalgan mamlakatlarda notarif bojlarning miqdori palata raisi keltirgan va atayin qo‘rqinchli qilib ko‘rsatilgan raqamlardan ancha farqlanadi. Bu bo‘yicha batafsil yana alohida yozaman, lekin bahs mazmuni falon mamlakatda faloncha boj, bizdayam shuncha bo‘lishi to‘g‘ri qabilidagi uydirmalarga chalg‘ib ketmasligi kerak.

Uchinchidan, AQShning boj kiritish bo‘yicha (ayniqsa Tramp davrida) tashabbuslari doim qattiq tanqid ostiga olingan va bu bo‘yicha konsensus yo‘q. Yevropa Ittifoqida ham shunday. Behzod Hoshimov ta’biri bilan aytganda, hech qursa shu mamlakatlar darajasida ochiq bozorga ega bo‘lganimizdayam mayliydi. Qolaversa, eng qashshoq mamlakatlardan bir bo‘la turib bizdan karrasiga boy mamlakatlarning yutuqli emas, xatoli qadamlaridan o‘rnak olishga urinishlar, rosti, achinarli”, deya yozdi Otabek Bakirov.

Iqtisodchi "elektromobillarga boj kiritishyapti" deb sanalgan AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va Braziliyaning O‘zbekistondan yana bir ulkan farqi borligiga ham to‘xtaldi.

“Bu mamlakat va hududlarda biron bir avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya yashirin va maxfiy qaror bilan import bojlardan (QQSdan) ozod qilinmaydi. Va eng asosiysi, agar yashirin qarorlar bilan import boji to‘lamaydigan kompaniya bor deya tasavvur qilsak, uning elektromobillarga boj solishni taklif etishi, ikkiyuzlamachi kompaniyani o‘sha kuniyoq bankrotlikka olib keladigan darajada jamiyat tarafidan “cancel” qilishga olib kelgan bo‘lardi. Qanaqadir hukumat vakili yoki shartli Savdo-sanoat palatasi raisi o‘zi ham “cancel” bo‘lib ketishini bilgani uchun bu absurdni himoyalab chiqishga jur’at etmagan bo‘lardi”, – dedi Otabek Bakirov.

“Asakadagi zavod o‘zbek sanoati uchun katta to‘siq va o‘lpon bo‘lgan”

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Asakadagi zavod noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz ekani va bu xatoni qayta takrorlash kerak emasligi haqida yozdi.

“Asakadagi zavod – o‘zbek iqtisodiyoti va ayniqsa o‘zbek sanoati uchun katta to‘siq va o‘lpon bo‘lgan. Bo‘lib kelmoqda ham.

U zavodni himoyalashga qo‘llangan choralarni millionlab odamlar o‘nlab yillardan beri to‘lab kelmoqda. Asakadagi zavod – samarasizlik va Karimov davridagi noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz. Xuddi shunday chuqurlarga ochiq ko‘z bilan ketayotganimiz achinarli.

Axborot tariqasida: AQShda avtomobil importi uchun boj – 2,5 foiz qilib belgilangan. Ha, 0 foiz emas – bu yomon”, dedi Hoshimov.

“Tayyor tovarni yig‘ib, qimmatroqqa sotish bilan iqtisodiyotni gullatmoqchimisizlar?”

Bloger Umid G‘ofurov proteksionizm siyosati bilan mashhur Turkiya iqtisodiyoti bir necha yildan beri og‘ir davrni boshidan o‘tkazayotganini eslatdi.

“Bugungi kunda Turkiyada inflatsiya 70-80 foiz. Narxlar yiliga 10-15 barobar oshyapti. Turk lirasi qadrsizlanish tezligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. Turk fuqarolaridan so‘ranglar kayfiyatini.

Tayyor tovarni yig‘ib qimmatroqqa sotish bilan iqtisodiyotni gullatmoqchimisizlar? Nima keragi bor bunday “ishlab chiqarish”ni? Baribir olib kelinadigan avtomobildan arzon bo‘lolmaydi. Buning sabablari ko‘p. Asosiysi – barcha bosqichlardagi korrupsiya”, – deya yozdi Umid G‘ofurov.

Ko‘proq yangiliklar: