Rossiyada YouTube ishida uzilish yuz berdi

Jahon 10:52 / 01.08.2024 2085

Rossiyada 1 avgust, payshanbaga o‘tar kechasi YouTube videoxostingi ishida nosozlik yuz berdi. Bu Downdetector va Downradar xizmatlaridan olingan ma’lumotlardan kelib chiqadi. Foydalanuvchilar saytga kirishda ham, videolarni ko‘rishda ham muammolar haqida xabar berdi.

Muammolarning eng yuqori nuqtasi Moskva vaqti bilan soat 00.00 atrofida aniqlandi. Shu paytda Downdetector foydalanuvchilarning 400 dan ortiq shikoyatlarini qayd etgan. Bir soatdan keyin shikoyatlar soni 275 taga, Moskva vaqti bilan 06.30 ga kelib esa 111 taga kamaydi.

Murojaatlarning aksariyati Moskva va Moskva viloyati aholisi tomonidan qayd etilgan, deya aniqlik kiritadi Downdetector. Bundan tashqari, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati, Krasnodar o‘lkasi va Novosibirsk viloyatidan shikoyatlar kelib tushdi. Shu bilan birga, Downradar xizmati Rossiya Federatsiyasining Vladivostok, Irkutsk, Krasnoyarsk, Murmansk, Rostov-Don, Tver, Ufa, Chelyabinsk va boshqa viloyat markazlaridan kelgan shikoyatlar haqida yozdi.

«Rostelekom» RFda YouTube ishi bilan bog‘liq muammolar haqida ogohlantirdi

Iyul oyi o‘rtalarida «Rostelekom» operator tarmoq infratuzilmasida foydalaniladigan Google uskunasi ishlashidagi texnik nosozliklar tufayli Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun YouTube'dagi ehtimoliy uzilishlar haqida ogohlantirgan edi. «Rostelekom» aytib o‘tgan Google Global Cache tizimi og‘ir ma’lumotlarni yuklashni tezlashtirishga imkon beradi. ComNews Research ixtisoslashgan nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil boshida Rossiya Federatsiyasida faoliyat ko‘rsatayotgan 700 ta shunday serverdan 2023 yil oxiriga kelib atigi 450 tasi qolgan. Bozor ishtirokchilari uskunaning tabiiy eskirishi haqida ogohlantirgan.

Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn 25 iyul kuni Rossiya rasmiylari yaqin kunlarda YouTube ishini sekinlashtira boshlashini aytdi. Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, avgust oyi boshiga borib, xizmatni ish stoli kompyuterlariga yuklab olish tezligi 70 foizga tushadi. Biroq, sekinlashuv hali saytning mobil versiyasiga ta’sir qilmaydi, deb ishontirdi Xinshteyn.

Deputat bu chorani Rossiya rasmiylarining «majburiy qadami» deb atadi. U YouTube'ni Rossiya qonunchiligini mensimaslikda aybladi va servis vakillarini videoxosting siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi.

Shaman, Gagarina, Gazmanov, Chicherina kanallari bloklanishi 

Iyul oyi boshida YouTube Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 14-paketiga kiritilgan qo‘shiqchilar Yaroslav Dronov (Shaman) va Polina Gagarinaning rasmiy kanallarini bloklab qo‘ydi. Oleg Gazmanov, Yuliya Chicherina, Grigoriy Leps va mehmonlari Rossiyaning Ukrainaga hujumini ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlovchi «Empatiya Manuchi» shousi muallifi, aktyor Vyacheslav Manucharovning kanallari ham bloklandi. 

Ko‘proq yangiliklar: