Xalq deputatlar Toshkent shahar kengashining shu yil 31 iyuldagi qarori bilan poytaxtda yerusti piyodalar o‘tish joylarini qurishning dastlabki bosqichi uchun 53 mlrd 629 mln 15 ming so‘m ajratildi.
Hujjatga ko‘ra, shaharda jami 25 ta shunday inshootlar barpo qilinishi reja qilingan. Kengashning ilk hisob-kitoblari bilan shuning 20 tasini qurish uchun 107 mlrd 258 mln 3 ming so‘m pul sarflanishi talab qilinadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahar SSTISM Sebzor suv havzasida basseyn suvi hamda yuvinish xonalarini issiq suv bilan uzluksiz ta’minlash uchun muqobil qozonxona qurilishi va unga 600 mln so‘m ajratilishi ham ma’lum qilingan.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xarajatlar mahalliy budjetning 2024 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan taqsimlanishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi hozirda Temur Malik ko‘chasi salkam 200 mlrd so‘mga 2 ta bosqichda rekonstruksiya qilinmoqda. Qurilish-montaj ishlari doirasida bitta avtomobil o‘tkazgich yo‘li hamda ikkita piyodalar uchun yerosti yo‘li barpo qilinishi aytilgan.
28 metrli yo‘l o‘tkazgichni qurish uchun 128,6 mlrd so‘m, 2 km yo‘l qismining qurilish-montaj ishlariga 67,9 mlrd so‘m ajratilgan. 2022 yil dekabrida ushbu 2 km yo‘lni ta’mirlash loyihasi 41,2 mlrd so‘mga baholangandi.