«Paxtakor»ning marhum futbolchilari xotirasiga 45 yil oldingi «O‘ynalmagan match» o‘tkaziladi

Sport 19:09 / 01.08.2024 4957

11 avgust kuni Belarus poytaxti Minsk shahrida 45 yil avval mudhish aviahalokatda vafot etgan «Paxtakor» futbolchilari xotirasiga bag‘ishlangan noyob futbol tadbiri - «O‘ynalmagan match» bo‘lib o‘tadi.

«Dinamo-Yuni» stadionida 1979 yilgi muhitni qayta tiklash maqsadida Toshkentning «Paxtakor» va Minskning «Dinamo» klubi faxriylari o‘rtasida do‘stona o‘yin bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi «Belarus segodnya».

O‘yinda «Paxtakor» faxriylari, jumladan, turli sabablarga ko‘ra 1979 yilgi mash’um reysdan qolib ketgan futbolchilar hamda Minskning «Dinamo» jamoasi faxriylari ishtirok etadi.

«Paxtakor» tarkibi quyidagicha bo‘ladi: Ahmad Ubaydullayev, Rustam Mirsodiqov, Gennadiy Denisov, Marat Kabayev, Igor Shkvirin, Farhod Magomedov, Anatoliy Solovyov, Aleksandr Juravlyov, Erkin Vohidov, Igor Povalyayev, Rinat Fayruzov, Oleg Sinelobov va Oleg Sabirov.

Tashkilotchilar tafsilotlarga alohida e’tibor bergan: futbolchilar va hakamlar qayta tiklangan retro liboslarni kiyadi, tadbir dizayni SSSR Oliy ligasining 42-chempionati uslubiga mos keladi. Tadbirda marhum sportchilarning bevasi va farzandlari ham faxriy mehmon bo‘ladi.

1979 yil 11 avgustda yuz bergan aviahalokat 178 kishi, jumladan, «Paxtakor»ning 17 nafar futbolchisi va murabbiylar shtabi a’zolarining hayotiga zomin bo‘lgan edi. Toshkentliklar Oliy liganing navbatdagi turida Minskning «Dinamo» klubiga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Biroq, aviahalokat tufayli bu o‘yin o‘tkazilmadi. Dneprodzerjinsk osmonida ikkita Tu-134 samolyotining to‘qnashuvi futbol tarixidagi eng dahshatli fojialardan biriga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: