O‘zbekiston va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) o‘rtasidagi hamkorlik kengaytiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va UNFPA’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston va UNFPA hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, jumladan jamg‘arma ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyiha va tadbirlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.
Muloqot davomida O‘zbekiston xududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishda bugungi demografik jarayonlarni hisobga olish, 2025–2026 yillarda aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilingan. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash asosida aholi sog‘lig‘ini saqlash, reproduktiv salomatlikni yaxshilash va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar samaradorligiga erishish yuzasidan aniq takliflar ilgari surilgan.
Muloqotda respublikada zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni hayotga tatbiq qilishda ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish masalasida ham fikr almashilib, bu borada hamkorlikda alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilab olingan.
Shuningdek, kecha Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Statistika agentligi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda xalqaro vebinar tashkil etilgan. Unda gender ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishda muvaffaqiyatli xalqaro amaliy tadqiqotlar va innovatsion metodologiyalardan foydalanish, O‘zbekistondagi gender ma’lumotlar bo‘yicha joriy amaliyotni takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashish bo‘yicha qadamlar tahlil qilingan va ularni takomillashtirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli maqsadlar belgilangan.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi B.To‘xtamurodov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda Yoshlar parlamenti tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar, yoshlar manfaatlariga xizmat qiladigan maqsadli loyihalar va ularning samaradorligi muhokama qilingan.
Suhbat chog‘ida yoshlarga oid qonunlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, yoshlarning taklif va tashabbuslarini yuqori palata minbariga olib chiqish, hududlarda yoshlar muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish, mediamakonda yoshlar uchun foydali milliy kontentlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.