Iyulda 0,3 foizlik mavsumiy deflyatsiya qayd etildi

O‘zbekiston 14:01 / 01.08.2024 4194

Iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,3 foiga arzonlashdi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi.

Iste’mol sektoridagi narxlarning yillik (2023 yil iyul oyiga nisbatan) o‘sish darajasi 10,5 foiz, yil boshidan buyon 4,9 foizni tashkil etgan.

Iyul oyida iste’mol narxlari indeksi tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,5 foizga arzonlashgan. Nooziq-ovqat tovarlari 0,7 foizga, aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish narxlari o‘rtacha 0,5 foizga oshgani kuzatilgan.

Sezilarli narx tushishi mevalarda kuzatilgan – 11,2 foiz. Biroq yillik nisbatda mevalar narxi o‘rtacha 11 foizga oshgan. Oy davomida sabzavotlar 5,6 foizga (yillik -18,6 foiz), tuxum 2,5 foizga, sut 0,5 foizga arzonlashgan.

Go‘sht mahsulotlari narxlari iyulda 1,1 foizga, so‘nggi bir yilda esa 5,5 foizga ko‘tarilgan.

Oy davomida sanoat mahsulotlari 0,7 foizga qimmatlashgan. Dori-darmonlar narxidagi o‘sish 2,2 foiz, o‘tgan yilning iyuliga nisbatan esa 22 foizni tashkil etgan.

Statistika organi o‘tgan oyda benzin narxi o‘rtacha 0,7 foizga tushanini qayd etgan. Shu bilan birga, iyuldagi benzin narxlari bir yil oldingiga nisbatan 20 foizga yuqori. Iyulda propan 1,9 foizga, yillik hisobda 16 foizga qimmatlashgan.

Hisobotda, xizmatlar sohasida narxlar oshishi 0,5 foiz bo‘lgani keltirilgan. Ammo o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, xizmatlar sektoridagi inflatsiya 28 foizga yetgan – bu yuqori ko‘rsatkich tartibga solinadigan narxlar, xususan energetika tariflari oshirilgani bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: