Apple’ning yangi reklama roligi Tailandda salbiy qabul qilindi

Fan-texnika 23:23 / 01.08.2024 8576

Apple texnologik gigantining yangi reklama roligi Tailandda keskin tanqidlarga uchradi: ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab foydalanuvchilar u haqiqatdan yiroq ekani va mamlakatga eskicha qarashni ifodalayotganini ta’kidlamoqda.

Apple’ning YouTube’dagi kanalida 18 iyul kuni e’lon qilingan 10 daqiqali klip hozirga qadar 5,4 million marta ko‘rildi. Syujyet to‘rt nafar qahramon va ular ish joyidagi muammolarini Apple dasturiy ta’minoti hamda qurilmalari yordamida yengib o‘tgani haqida hikoya qiladi.

Reklama diqqat markazidan qahramonlarning Tailandga borishi, u yerda o‘z mijozi uchun millionlab qutilarni tayyorlab beradigan fabrikani qidirishlari o‘rin olgan. Video chiqishi bilan ijtimoiy tarmoqlar e’tirozlarga to‘lib ketdi — ko‘pchilik reklamada Tailandning zamonaviy tarafi ko‘rsatilmaganidan norozi. Fuqarolarning ta’kidlashicha, kadrlar ataylab eskicha muhit ruhini berish maqsadida montaj qilingan va kamera asosan va eskirgan arxitekturalarni tasvirga olgan. Boshqalarga esa qahramonlardan biri aeroportda chamadonini yo‘qotib qo‘yib, mahalliy xodimga «Xeppi» deya murojaat qilgani yoqmagan.

«Rolikni ko‘rganimda, unda 50 yil oldingi Tailand tasvirlangani haqida o‘yladim… Uyimning zamonaviy holatini namoyon etadigan biror elementni ko‘rmadim», — deydi Tailandda yashovchi amerikalik tiktoker Devid Uilyam.

CNN’ga bergan intervyusida u qariyb 10 yildan beri mamlakatda yashayotgan bo‘lsada, reklama roligida namoyish etilganchalik «yomon ahvoldagi taksini» ko‘rmaganini aytgan, shuningdek, Suvarnabxumi aeroporti Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi xalqaro aeroporti kabi zamonaviy ekanini qo‘shimcha qilgan.

«Men ko‘rib chiqdim. Barchasi joyida»

Shu bilan birga, video mahalliy aholi va hukumat vakillariga ma’qul kelgan. Tailandda joylashgan Indochina Productions studiyasi sayti ma’lumotlariga ko‘ra, rolikni ishlashda mazkur kompaniya ham ishtirok etgan bo‘lib, Tailand hukumati buni olqishlagan.

«Bosh vazir butun dunyo odamlarini Tailandga tashrif buyurish, ishlash va yashashga jalb qiluvchi magnit sifatida, mamlakatning yumshoq kuchini targ‘ib qilish siyosatini amalga oshirish orqali uning salohiyatini rivojlantirishni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi», — deydi Tailand bosh vazirining matbuot kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: