G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunus shahri sharqida Isroil armiyasi 22 iyul kuni chiqib ketgan joydan 42 nafar falastinlikning jasadi topildi.
G‘azo hukumati matbuot byurosi direktori Ismoil Sevabite «Anadolu» agentligiga bergan intervyusida Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin Xon-Yunusning sharqiy hududlaridagi vaziyat haqida ma’lum qildi.
Sevabite Isroil askarlari Xon-Yunus sharqida joylashgan hududlardan olib chiqib ketilishi ortidan hududda 42 kishining jasadi topilganini aytdi.
Uning qayd etishicha, mintaqadagi vaziyat juda og‘ir. Sevabite qidiruv ishlari davom etayotganini va qurbonlar soni ortishidan xavotirda ekanini qo‘shimcha qildi.
Direktorning ta’kidlashicha, Isroil qo‘shinlari fuqarolarga tegishli turar joy binolari va yordamchi inshootlarni vayron qilgan. Unga ko‘ra, Isroilning AQSh ma’muriyati ko‘magida uyushtirgan hujumi «to‘liq harbiy jinoyat»dir.
Sevabite Xon-Yunusning vayron qilinganini, hududdagi yuzlab uylar, umumiy uzunligi 35 kilometrlik ko‘cha va xiyobonlar hamda qabristonlar ag‘dar-to‘ntar qilib ketilganini qo‘shimcha qildi.
Isroil va AQShni G‘azo sektorida sodir etilgan urush jinoyatlari uchun javobgar deb hisoblab, u xalqaro hamjamiyatni Isroilga G‘azo sektoriga hujumlarini to‘xtatish va qo‘shinlarini olib chiqib ketish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.
G‘azodagi fuqaro mudofaasi tashkilotining ta’minot va jihozlar bo‘limi boshlig‘i Muhammad Mug‘ayir mintaqada yo‘llar yopilganini va infratuzilmaning 90 foizi vayron bo‘lganini ta’kidladi.
Falastinlik rasmiyning aytishicha, fuqarolik mudofaa guruhlari hujumlarda halok bo‘lganlar jasadlarini qidirishni davom ettirmoqda.
Mug‘ayirning ta’kidlashicha, Isroil armiyasi 22 iyul kuni Xon-Yunusning sharqida hujum boshlaganidan beri 200 ga yaqin qurbonlar haqida xabar olgan.
U Isroil askarlarining yaradorlarga yetib borishiga guruhlarga ruxsat bermagani, bu esa o‘limga sabab bo‘lganini eslatib, jasadlar havoning issiqligi va tashishning imkoni yo‘qligi sababli chirib borayotganini qayd etdi.
«Bu holat asosiy huquqlarning, shuningdek, inson hayotini saqlab qolish huquqi ochiqdan-ochiq buzilishidir», dedi u.
Isroil armiyasi G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunus shahri sharqiy qismidan qo‘shinlarini olib chiqmoqda, deydi guvohlar.
Guvohlarning xabar berishicha, Xon-Yunus sharqidagi hududlarda o‘nlab falastinliklarning jasadi topilgan, Isroil armiyasi esa sharqdagi Beni Suhayla shahridagi qabristonni vayron qilgan.
Isroil qo‘shinlari Xon-Yunusning sharqiy hududlarini tark etgan bo‘lsa-da, shahar janubi tomon yurishda davom etmoqda.