Venesuelada prezidentlik saylovlaridan keyin namoyishlar boshlanganidan beri qurbonlar soni 11 kishiga yetdi. Bu haqda 30 iyul, seshanba kuni Foro Penal inson huquqlari tashkiloti rahbari Alfredo Romero ma’lum qildi. Shuningdek, u norozilik namoyishlari chog‘ida o‘qotar qurol qo‘llanganidan xavotir bildirdi.
29 iyuldan beri yuz minglab odamlar amaldagi hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashmoqda, ularning ko‘pchiligi «Bu hukumat qulaydi!» deya hayqirmoqda, deb ta’kidlaydi AFP. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanmoqda. Namoyishchilarni tarqatib yuborishda hukumatparast «Kolectivos» yarim harbiylashtirilgan guruhi o‘qotar quroldan foydalangani ham ma’lum qilingan.
Venesuela prokuraturasi 750 ga yaqin kishi qo‘lga olinganini e’lon qildi. Bir harbiyning o‘limi haqida ham xabar berilgan.
Muxolifat rasmiy saylov natijalarini tan olmadi
Venesuela Markaziy saylov komissiyasi Maduroning saylovlardagi g‘alabasini tasdiqladi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi 51,2 foiz, muxolifatchi Gonsales esa 44,2 foiz ovoz olgan. Shu bilan birga, joriy hukumat muxoliflari saylov uchastkalaridagi protokollar 73,2 foizi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, Venesuelaning barcha shtatlarida muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia jami 6,2 milliondan ortiq ovoz to‘plagan, Maduro esa - bor-yo‘g‘i 2,7 million. Mustaqil kuzatuvchilar ham muxolifatning ishonchli g‘alabasi haqida gapirgan.
30 iyul kuni Nikolas Maduro muxolifatni «jinoiy zo‘ravonlik»da aybladi. U muxolifat nomzodi Gonsalesni «Venesuelada sodir bo‘layotgan barcha voqealar, jinoiy zo‘ravonliklar, yaradorlar, halok bo‘lganlar va vayronagarchiliklar uchun javobgar» deb hisobladi, deya xabar beradi AFP.
O‘z navbatida, Gonsales Venesuela armiyasini «xalqni bostirmaslikka» chaqirdi. «Armiyaning bunchalik ko‘p odamlarni quvg‘in qilish uchun asosi yo‘q», dedi u poytaxt Karakasda o‘tgan mitingda.
AQSh va YeI namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikni qoraladi
AQSh va Yevropa Ittifoqi namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikni tanqid qildi. «Namoyishchilar va muxolifatga qarshi har qanday siyosiy repressiya yoki zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per jurnalistlarga. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrelning aytishicha, namoyishlar tinch o‘tishi kerak. «Xavfsizlik kuchlari inson huquqlari, xususan, namoyish o‘tkazish va yig‘ilishlar erkinligi huquqiga to‘liq rioya etilishini ta’minlashi lozim», - dedi u.