Venesuela muxolifati mamlakatning amaldagi rahbari Nikolas Maduro g‘olib deb e’lon qilingan prezidentlik saylovlari rasmiy natijalariga qarshi norozilik namoyishlarini davom ettiradi. Bu haqda Vente Venezuela muxolifat harakati yetakchisi Mariya Korina Machado 30 iyul, seshanba kuni ma’lum qildi.
Muxolifatning ishonchli g‘alabasi
Machadoning tushuntirishicha, joriy hukumat muxoliflari saylov uchastkalaridagi protokollar 73,2 foizi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Venesuelaning barcha shtatlarida muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia jami 6,2 milliondan ortiq ovoz to‘plagan, Maduro esa - bor-yo‘g‘i 2,7 million. Mustaqil kuzatuvchilar ham muxolifatning ishonchli g‘alabasi haqida gapirgan.
Bir kun avval yuz minglab odamlar Venesuela shaharlari ko‘chalariga chiqdi. Ulardan uch nafari politsiya bilan to‘qnashuvda halok bo‘ldi, deb yozadi El Nacional gazetasi. Xavfsizlik kuchlari olti muxolifatchi boshpana olgan Argentina elchisi qarorgohiga bostirib kirishga urindi. Machado 30 iyul kuni BMTning Karakasdagi binosi oldida yangi norozilik namoyishini e’lon qildi.
Maduroning g‘alabasini xorijda kim tan oldi?
Venesuela Markaziy saylov komissiyasi Maduroning saylovlardagi g‘alabasini tasdiqladi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi 51,2 foiz, muxolifatchi Gonsales esa 44,2 foiz ovoz olgan. Maduro mamlakatni 2013 yildan beri boshqarib kelmoqda va kelasi yili yana olti yillik muddatda ish boshlashi mumkin. U o‘z g‘alabasi haqida ma’lum qildi va raqiblarining harakatlarini isyon deb atadi.
AQSh, Argentina, Kosta-Rika, Ekvador, Gvatemala, Panama, Paragvay, Peru, Dominikan Respublikasi va Urugvay rasmiylari Amerika davlatlari tashkiloti (ADT)ni «saylov natijalarini har tomonlama o‘rganish»ga chaqirdi. Amerika qit’asining barcha davlatlarini birlashtirgan ADT 31 iyul kuni favqulodda majlis uchun yig‘iladi.
Venesuela hukumati yettita poytaxtdan diplomatlarni chaqirib olishini e’lon qildi. Shu bilan birga, Maduroning g‘alabasini Rossiya, Xitoy, Eron va Serbiya tan oldi.