Ukraina moliya vazirligi: 2025 yilda Kiyevga G‘arbdan 15 mlrd dollar kerak bo‘ladi

Jahon 09:21 / 31.07.2024 1950

Rossiya bilan davom etayotgan urush fonida Ukraina 2025 yilda G‘arbdan 12-15 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha moliyalashtirishga muhtoj bo‘ladi. Bu haqda Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko 30 iyul, seshanba kuni «RBK-Ukraina» internet nashriga bergan intervyusida aytib o‘tib, bunday prognozlar Kiyevda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) bilan davom etayotgan muhokamalarga mos kelishiga oydinlik kiritdi.

«Hozir biz hamkorlarimiz bilan doimiy ravishda qo‘shimcha moliyaviy kafolat kerakligini muhokama qilmoqdamiz, chunki urush 2025 yilda davom etadi va bizda bufer bo‘lishi kerak», dedi vazir. Shu bilan birga, Marchenko XVJ bilan joriy dasturni tayyorlashda asosiy parametrlardan biri urushning faol bosqichi 2024 yil o‘rtalariga qadar davom etishi sifatida belgilanganini eslatdi, ammo bu prognoz amalga oshirmadi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning o‘zi budjet taqchilligini qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘ izlashga hissa qo‘shmoqda, xususan soliqlarni oshirish orqali. «Biz eng qiyin qarorlarga tayyor ekanligimizni, o‘z hissamizni qo‘shayotganimizni ko‘rsatamiz. 500 milliard grivna defitsit bor, lekin 2025 yilga borib bizga budjetni moliyalashimiz uchun yetarli moliyaviy kafolat berish kerak», - deya ta’kidladi Ukraina moliya vazirligi rahbari. 

Rossiya bilan urush Ukrainaga qanchaga tushyapti? 

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bilan urushning har bir kuni hujumga uchragan davlatga 120 million yevroga tushyapti. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, mudofaa va xavfsizlik xarajatlari Ukraina uchun oyiga 3,7 milliard yevroni tashkil qiladi. 

18 iyul kuni Ukraina hukumati «Soliq kodeksiga va Ukrainaning boshqa qonunlariga harbiy holat davrida soliq solish o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi. Liga Zakon internet nashrining yozishicha, ushbu hujjat, jumladan, jismoniy shaxslar uchun harbiy yig‘imni 1,5 foizdan 5,0 foizga oshirishni nazarda tutadi.

XVJdan Ukraina uchun yana bir transh

XVJ ijroiya kengashi 28 iyun kuni Ukrainaning to‘rt yillik kengaytirilgan moliyalashtirish dasturi (Extended Fund Facility Arrangement, EFF) doirasida moliyalashtirish mexanizmini to‘rtinchi bor ko‘rib chiqishni yakunladi. Natijada Kiyevga 2,2 milliard dollar (taxminan 2 milliard yevro) miqdorida kredit transhi taqdim etilishi ma’qullandi, deb xabar qildi XVJ matbuot xizmati. 

«Qiyin sharoitlarga qaramay, Ukrainaning EFF doirasidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari kuchliligicha qolmoqda. Mart oyi oxirida barcha miqdoriy ko‘rsatkichlarga erishildi va iyun oxirigacha bo‘lgan barcha tuzilmaviy ko‘rsatkichlar o‘z vaqtida yoki biroz kechikish bilan amalga oshirildi», deyiladi press-relizda. XVJ ekspertlarining fikricha, «Ukraina iqtisodiyoti barqarorligicha qolmoqda, garchi uning istiqbollari nihoyatda noaniq».

2023 yil mart oyida XVJ Ukrainaga 48 oylik kengaytirilgan moliyalashtirish dasturi doirasida 15,6 milliard dollar ajratishni ma’qulladi. 

XVJdan Ukraina iqtisodiy rivoji bo‘yicha prognozlar 

Shu fonda XVJ Ukrainaning 2024 va 2025 yillardagi YaIM o‘sishi prognozini qayta ko‘rib chiqdi. «Yilning qolgan qismi va 2025 yilga bo‘lgan prognoz, asosan, Ukraina energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomiyligi haqidagi noaniqlik tufayli yomonlashdi», deyiladi Ukraina bo‘yicha iqtisodiy tahlil hujjatida. 

Endi XVJ Ukraina yalpi ichki mahsulotining 2024 yilda o‘sishi aprel oyidagi 3,5 foizlik prognozdan 2,5 foizdan 3,5 foizgacha bo‘lishini kutmoqda. 2025 yil uchun YaIM o‘sishi prognozi 6,5 foizdan 5,5 foizga tushirildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Ukraina davlat budjetining yarmidan ko‘pi xorijiy kreditlar va moliyaviy yordam hisobidan moliyalashtiriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: