O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirildi. Haniya Eron poytaxtidagi qarorgohiga uyushtirilgan zarba natijasida halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda Eronning Mehr agentligi Islom inqilobi muhofizlari korpusi bayonotiga tayanib.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda Haniyaning qo‘riqchilaridan biri ham hayotdan ko‘z yumgan. HAMAS harakati rasmiy bayonotda siyosiy byuro rahbarining o‘limini tan oldi.
Bir kun avval HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya dunyoning barcha davlatlarini, ayniqsa islomiy va arab mamlakatlarini 3 avgust kuni Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlab norozilik aksiyasida qatnashishga chaqirgan edi.
BMTning falastinlik qochqinlarga ko‘maklashish va ishlarni tashkil qilish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi Isroil G‘azoda harbiy operatsiya boshlaganidan buyon gepatit bilan kasallanishning qariyb 40 ming holati aniqlanganini ta’kidlamoqda.
UNRWA o‘zining bayonotida agentlikning butun G‘azo sektoridagi tibbiyot markazlari va boshpanalarida 800 dan 1000 nafargacha gepatit yuqtirganlik bilan bog‘liq yangi holatlar qayd etilayotganini aytgan. Agentlik og‘ir sanitar sharoitlar ushbu xavfli sariq kasallikning tarqalishiga yordam berayotgani, bolalar o‘rtasida ayniqsa gepatitning A turi keng tarqalayotganini ta’kidlagan.
G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlari 39 ming 400 kishiga yetdi. So‘nggi bir sutka ichida yana 37 kishi o‘ldirilgan, 73 kishi yarador qilingani xabar qilinmoqda.
Jumladan, G‘azo sektorining markazida joylashgan Burayj qochqinlar lageri Isroil samolyotlari tomonidan bombardimon qilinishi natijasida 21 falastinlik halok bo‘lgan, deb xabar beradi Falastinning WAFA axborot agentligi.
Livanga berilgan zarba
Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutga 2006 yildan buyon ilk marta hujum qildi. TsAHALning xabar qilishicha, mo‘ljal Jo‘lan tepaliklaridagi Majd ush-Shams shaharchasida bolalarning o‘limiga sababchi bo‘lgan “Hizbulloh” qo‘mondonlaridan biri, Hoji Muhsin nomi bilan tanilgan, Hasan Nasrullohning katta maslahatchisi Fuad Shukur bo‘lgan.
Eronning Tasnim agentligi Livandagi manbalariga tayanib, Isroil o‘z maqsadiga erisha olmagani, Fuad Shukur tirikligini ta’kidlamoqda.
TsAHAL uni “Hizbulloh” uchun yuqori aniqlikdagi raketalar yaratish loyihasining rahbari deb atamoqda. TASS agentligining manbalarga tayanib xaba berishicha, zarba natijasida “Hizbulloh” guruhining ikki qo‘mondoni o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, “Hizbulloh”ning Bayrut ostonasidagi tayanch punkti ham yakson qilingani aytilmoqda.
Isroil tomonidan nazorat qilinadigan Jo‘lan tepaliklaridagi Majd ush-Shams shaharchasi Livan tomonidan 27 iyul kuni raketa zarbasiga duchor bo‘lgan edi. Snaryad bolalar maydonchasi yonidagi futbol maydoniga kelib tushgan. 12 kishi halok bo‘lgan va ularning 10 nafari 10 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lgan. Yana 19 kishi yarador bo‘lgan.
TsAHAL operativ tizimlari raketa Livan janubidagi Shebaa qishlog‘ining shimoliy qismidan uchirilganini aytgan. TsAHAL spikeri, kontr-admiral Daniel Hagari snaryad Eronda ishlab chiqarilgan, 50 kg jangovar kallakka ega bo‘lgan Falaq-1 raketasi ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday raketalardan Tehron tomonidan qo‘llab kelinayotgan shialarning “Hizbulloh” guruhi muntazam foydalanadi.
Venesueladagi ommaviy namoyishlar
Nikolas Maduro yana o‘zini prezident deb e’lon qildi, muxolifat ham saylovlarda g‘alaba qozonganini da’vo qilmoqda. Poytaxt Karakas va boshqa shaharlarda norozilik namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanmoqda. Qo‘shni davlatlar saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda.
Nikolas Maduroning g‘alabasini e’lon qilgan prezidentlik saylovlaridan keyin muxolifatchilarning minglab tarafdorlari ko‘chalarga chiqdi. Venesueladagi ijtimoiy ziddiyatlarni kuzatish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 ta shtatda 187 ta norozilik aksiyasi qayd etilgan.
Reuters va BBC rus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aksiyalar 29 iyul kuni kechqurun boshlangan. Avvaliga butun mamlakat bo‘ylab «kaserolaso» (bo‘sh kastryulkalar marshi) deb nom olgan namoyishlar bo‘lib o‘tgan — uning ishtirokchilari kastryulka va tovalarni bir-biriga urib, prezident Maduro o‘zini g‘olib deb e’lon qilganiga norozilik bildirishgan. Shundan keyin ko‘cha namoyishlari politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan.
Karakasda minglab namoyishchilar shahar markazi bo‘ylab marsh uyushtirishgan. Maduroning devorlar va ustunlarga yopishtirilgan portretlarini, g‘ildiraklar, chiqindi va mashinalarni yoqishgan. Koro shahrida aksiya ishtirokchilari sobiq prezident — Maduroning ustozi Ugo Chavesning haykalini ag‘darishgan.
Poytaxtda politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Bunga javoban ayrim namoyishchilar ularga qarata tosh, yonuvchan modda solingan butilkalar va boshqa turli buyumlar uloqtirishgan.
Namoyishchilardan kamida ikki kishi o‘ldirilgani ma’lum qilinmoqda. Ulardan biri 30 iyulga o‘tar kechasi chegaradagi Tachira shtatida, boshqasi — dushanba kuni Venesuela shimolidagi Marakay shahrida. Yarakuy shtatida bir kishi halok bo‘lgani hamda 46 kishi qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgan. Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes tartibsizliklar chog‘ida 23 nafar harbiy xizmatchi yaralangani, jumladan, o‘qotar quroldan jarohat olganlar borligini ma’lum qilgan.
Nikolas Maduro televideniye orqali maxsus murojaatida namoyishlarga munosabat bildirgan. U Venesuelada «yana bir marta fashistik va aksilinqilobiy xarakterdagi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘layotgani»ni aytgan. «Bizni hech qachon nafrat joyimizdan qo‘zg‘ata olmagan. Aksincha, biz doimo kuchlilar qurboni bo‘lganmiz», — deya uning so‘zlarini keltirgan Associated Press.
Venesuelada 2018 yilda o‘tkazilgan avvalgi prezidentlik saylovlaridan keyin ham bir necha oy davomida namoyishlar bo‘lib o‘tgan, ammo Maduro va uning boshchiligidagi Yagona sotsialistik partiya o‘z hokimiyatini saqlab qolgandi. Maduro 2013 yildan buyon prezidentlik qilib keladi. Yangi prezidentlik muddati uning uchun uchinchisidir.
Turkiyada ko‘chadagi itlarga oid qonun
Turkiyada uysiz hayvonlar to‘g‘risida qonun loyihasi qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, ko‘chadagi qarovsiz hayvonlarni o‘ldirish taqiqlanadi. Biroq vasiylikka olingan hayvonlar agar tuzalmas kasallikka duchor bo‘lgan bo‘lsa yoki xavfli yuqimli kasalliklar tashuvchisi bo‘lsa, veterinarning qaroriga ko‘ra evtanaziyaga tortilishi mumkin.
Turkiya parlamenti — Buyuk milliy majlis tomonidan qabul qilingan va tasdiqlangan qonunga muvofiq, barcha uysiz itlar yig‘ilib, hayvonlar uchun boshpanaga keltiriladi. Bu yerga to‘plangan hayvonlar bepusht qilinib, boqiladi.
Shuningdek, o‘z uy hayvonlarini ko‘chada qoldirib ketgan odamlar 60 ming turk lirasi miqdorida jarimaga tortilishi ham belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, qonun bandlarini bajarmaydigan va ko‘chalardan daydi itlarni yig‘ishtirib olmaydigan mahalliy hokimlar 6 oydan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Shuningdek, it va mushuk saqlovchilar 2025 yilga qadar o‘z qaramog‘idagi uy hayvonlarini raqamli identifikatordan ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.
Rossiyada migrantlarga hujum hosilasi
Rossiyada migrantlarni ushlab mamlakatdan chiqarib yuborishning oqibatlari ko‘zga tashlana boshladi. Ribinsk, Yaroslavl, Kovrov, Vladimir va Oltin halqa deb atalmish hudud ichidagi boshqa shaharlarda “Pyatyorochka” va “Perekryostok” oziq-ovqat do‘konlari peshtaxtalaridan mahsulotlar yo‘qola boshlagan.
Yo‘q, ularni kimdir o‘g‘irlab ketayotgani yo‘q. Shunchaki o‘tgan haftada bir qator shaharlarda migrantlarga qarshi reydlar o‘tkazilgani oqibatida, mahsulotni saralab do‘konlarga yetkazib beradigan va joylashtiradigan odamlar qolmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarga odamlar do‘konlarning bo‘m-bo‘sh peshtaxtalari suratlarini joylashtirishmoqda. Qayd qilinishicha, do‘konlardan non, turli yormalar, un, ziravorlar, isimlik suv kabi birinchi navbatda kerakli mahsulotlar yo‘q bo‘lib qolgan.
«Bu yerda migrantlar ishlashardi, reydlar davomida ularni ushlab, vatanlariga chiqarib yuborishdi», — deb yozmoqda Gazeta.Ru Yaroslavldagi taqsimot markazida ishchi kuchi yetishmayotganini qayd etib. “Ivanovskiye novosti” hududi infoportali esa so‘nggi reydlarda barcha nolegal migrantlar ushlanib, deportatsiya qilinganini ta’kidlagan.
“Pyatyorochka” savdo tarmog‘iga egalik qiluvchi X5 Group'ning xabar berishicha, yetkazib berishdagi uzilishlar taqsimot markazidagi ishchi kuchi yetishmovchiligi bilan bog‘liq. Kompaniya qo‘shni hududlardan qo‘shimcha ishchi kuchlarini jalb qilib, muammoni yechishga harakat qilishini aytgan.
“Krokus Siti Holl”da terrorchilik akti ro‘y bergach, Markaziy Osiyo respublikalaridan borgan mehnat migrantlari Rossiyada qiyinchiliklarga duch kela boshlashgan.
Bu sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabar va yangiliklarimizning so‘nggisi edi. Ertaga ko‘rishguncha.