Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda YouTube videoxostingi faoliyati sekinlashgani aytilgan xabarlarni rad etdi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda YouTube platformasiga kirish qiyinlashgani, xususan, roliklarni yuklash tezligi sekinlashgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Turon Telecom internet provayderi YouTube’ga kirish bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilayotgani va bu ma’lum bir internet-provayderga bog‘liq muammo emasligini bildirdi.
Spot nashrining vazirlik matbuot kotibi Sherzod Ahmatovga tayanib yozishicha, YouTube «normal rejimda» ishlamoqda. Bundan tashqari, Rossiyada videoxosting tezligining pasaygani O‘zbekistonga «hech qanaqa ta’sir ko‘rsatmagan».
«Agar YouTube bir mamlakatda sekinlashsa, bu O‘zbekistonda ham sekinlashadi degani emas, ya’ni u bir mamlakatga bog‘lanib qolmagan», — deydi Sherzod Ahmatov.
Iyul o‘rtalarida «Rostelekom» internet-provayderi Rossiya hududida YouTube videoxostingi faoliyati sekinlashganini ma’lum qilgandi. Bunga AQShning Alphabet kompaniyasini mahalliy serverlari ishida «texnik muammolar» kuzatilayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteynga ko‘ra, Rossiyada YouTube’ga kirish tezligi 70 foizgacha tushib ketgan. Bunday cheklovlar faqat desktop versiyalarga taalluqli ekani va hozircha mobil qurilmalarga ta’sir ko‘rsatmasligi aytilmoqda.