Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston hukumatiga 400 million dollar qarz ajratadi. Ushbu mablag‘lar mamlakat moliya bozorlarini mustahkamlash va barqaror bozorga yo‘naltirilgan energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
«Xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega», dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.
300 mln dollar miqdoridagi birinchi kredit energetika sohasini isloh qilish dasturining ikkinchi kichik dasturiga mo‘ljallangan. Bu mablag‘lar xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va sanoatning moliyaviy barqarorligini oshirishi kerak bo‘lgan energetika sohasi tuzilmasi, huquqiy-me’yoriy bazasi va boshqaruvini takomillashtirish uchun budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Dastur uglerod chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu islohotlar sirasiga elektr energiyasi bozorini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, raqobatni rivojlantirish va shaffoflikni ta’minlash uchun mustaqil energetika regulyatorini yaratish, markaziy xarid va chakana savdo funksiyalarini ajratish va yangi tashkil etilgan mustaqil tashkilotlarga o‘tkazish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va mamlakatning elektr uzatish va tarqatish tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha energetika sektori bosh rejasi kiradi.
100 mln dollar miqdoridagi ikkinchi kredit «Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi» ikkinchi kichik dasturga qaratilgan. Ushbu kredit moliyaviy operatsiyalar va xizmatlar uchun muhitni yaxshilash, shuningdek, O‘zbekistonda kapital va pul bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha talab va taklifni boshqarish chora-tadbirlarini ko‘paytirishga qaratilgan normativ-huquqiy va institutsional islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’lumot uchun, OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda tashkilotga 68 ta davlat a’zo hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston bankga 1995 yilda a’zo bo‘lgan va o‘shandan beri mamlakatga 12,5 mlrd dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etilgan.