Olimpiadaning 4-kuni: cho‘kib ketishiga sal qolgan syorfingchi va fizika qonunlarini inkor etuvchi surat

Sport 14:10 / 31.07.2024 21696

Seshanba kuni suzish, dzyudo, o‘q otish va stol tennisida medallar shodasi o‘ynaldi.

Britaniyalik Natan Heyls stendda o‘q otish bo‘yicha oltin medal oldi. Finalda u 48 ochko jamg‘ardi va Olimpiya o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi. Ikkinchi o‘rinni xitoylik Tsi In egalladi (44 ochko), bronza — gvatemalalik Jan-Piyer Brolga nasib etdi (35 ochko).

Gvatemala uchun bu mamlakat tarixidagi ikkinchi olimpiya medali bo‘ldi. Birinchisi — kumushni — 2012 yil Londonda 20 km masofaga sportcha yurish bahslarida Erik Barrondo qo‘lga kiritgan.

Brol o‘q otishni yakunlaganida Gvatemalada tun edi, ammo darhol ijtimoiy tarmoqlarda tong otgach, mamlakat bu voqeani nishonlashi haqida potslar paydo bo‘ldi.

Olimpiya basseynida Covid-19

Bu Olimpiya suzish havzasida nihoyatda qizg‘in kun bo‘ldi, bu yerda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi medallar uchun bahslar va estafetadan tashqari turli masofalar va turli uslublarda suzish bo‘yicha muhim saralash musobaqalari ham o‘tkazildi.

Parijda seshanba kungi harorat +30 edi, shu tufayli La Defence arenasiga kelgan muxlislarning ikki karra omadi keldi.

Kutilganidek, ko‘plab yo‘nalishlarda amerikaliklar va avstraliyaliklar yetakchilik qilishdi.

Olimpiya obektlariga Covid-19 qaytishi esa kutilmagan hol edi, avstraliyalik suzuvchi Lani Pallister koronavirusga topshirgan test musbat natija ko‘rsatdi va u 1500 metr masofaga erkin suzish bo‘yicha bahslarda qatnashmaydigan bo‘ldi.

Hozirda u Olimpiya qishlog‘ida ihotalanmoqda va bir necha kundan keyin erkin suzish bo‘yicha 4×200 metrga estafeta bahslarida ishtirok etishdan umid qilmoqda.

Bu suzuvchilar orasidagi ikkinchi kovid holatidir, yakshanba kuni britaniyalik Adam Pitida virus aniqlangandi, u o‘sha kuni 100 metrga brass usulida suzish bo‘yicha kumush medal qo‘lga kiritishga ulgurgandi.

Sport gimnastikasi: AQShga raqobatchi yo‘q

To‘rt karra olimpiya chempioni Simona Baylz seshanba kuni faoliyatidagi beshinchi olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan holda sport gimnastikasi bo‘yicha AQSh jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Tokioda jamoaviy turnir finalida o‘zini yomon his qilgani uchun ishtirokini to‘xtatganidan uch yil o‘tib (o‘shanda AQSh Rossiyadan keyingi ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri kelgandi), Baylz va dugonalari ishni oxirigacha yetkazib, Italiya va Braziliyani ortda qoldirgan holda birinchi bo‘lishdi.

AQSh barcha to‘rt snaryad bo‘yicha maksimal ball to‘pladi (jami 171,296 ball) va ikkinchi o‘rindagi Italiyani 5,802 ballga ortda qoldirdi.

Italiya 1928 yilda ham kumush olgandi, ammo jamoaning zamonaviy davrdagi eng yaxshi natijasi Tokiodagi to‘rtinchi o‘rin bo‘lgandi.

Tokioda tayanib sakrash bo‘yicha oltin medal olgan Rebeka Andrade boshchiligidagi brazillar jamoasi uchun bu ilk jamoaviy olimpiya medali bo‘ldi.

Stol tennisi: XXR KXDRga qarshi

Stol tennisning aralash juftlik bahslarida birinchi o‘rin uchun kechgan o‘yin ham e’tiborga molik edi. Unda xitoyliklarning Van Chutsin/Sun Ingsha dueti KXDRdan kelgan Ri Yong Sik va Kim Yun Yong juftligiga qarshi chiqdi.

Xitoyliklar yaqqol favorit edi va o‘yinning birinchi qismida ustunlik qilishdi.

Sharhlovchilar o‘yin vaqtida shimoliy koreyaliklar yorqin o‘yin namoyish etayotgani, ammo xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok eta olmaydigan sportchilarda stol tennisining elita vakillariga qarshi turish uchun tajriba yetishmayotganini ta’kidlashdi.

Ri Yong Sik va Kim Yun Yong esa bu so‘zlarni eshitgandek, uchrashuvning ikkinchi qismida o‘yinni kuchaytirishdi va xitoyliklarni oltindan mahrum etishlariga sal qoldi.

Yakunda shimoliy koreyaliklar baribir yutqazishdi, ammo ko‘p yillar mobaynida ilk bor muxlislar XXRning stol tennisdagi gegemonligini boy berishi mumkinligiga guvoh bo‘lishdi.

Aralash juftlik bahslarida bronza medal Janubiy Koreya vakillariga nasib etdi. Janublik tennischi esa shohsupada shimolliklar bilan selfi oldi.

Iflos Sena va duatlon sharpasi

Triatlon bo‘yicha musobaqa jadvalida jiddiy buzilish ro‘y berdi. Olimpiyadagi bu dastur uch bosqichdan iborat — suzish, velopoyga va yugurish.

Yakshanba va dushanba kunlari triatlonchilar suzish bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tkaza olishmadi: Sena daryosidagi suv ifloslanganlik darajasi yuqoriligi tufayli mashg‘ulotlar bekor qilindi.

Daryoni tozalash ishlari uchun 1,4 milliard yevro sarflangan, O‘yinlar boshlanishiga bir hafta qolganida Parij meri uning tozaligini namoyish etish uchun suvga tushib, cho‘milgandi.

Ammo tashkilotchilar qo‘llagan shoshilinch choralar yordam bermadi va seshanba kuni erkaklar o‘rtasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan individual musobaqalar chorshanbaga ko‘chirildi.

Chorshanba kuniga ayollar o‘rtasidagi individual bahslar ham belgilangan, bu esa triatlonchilar grafigini haddan tashqari tig‘izlashtiradi. Shu bilan birga, suvning chorshanba kunidagi holati ham sportchilarga medallar uchun kurashishga kirishish imkonini berishi kafolatlanmagan.

Tashkilotchilar ikki musobaqani (erkaklar va ayollar o‘rtasidagi) o‘tkazish uchun eng oxirgi muddat sifatida — 2 avgust kunini belgilashgan. Agar o‘sha vaqtgacha ham suzish bosqichini o‘tkazishning imkoni bo‘lmasa, tashkilotchilar favqulodda yo‘l tutib, O‘yinlar tarixida ilk marta triatlonni duatlonga qisqartirishi (velopoyga + yugurish) mumkin.

Xalqaro triatlon federatsiyasi, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, 2024 yilgi o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi, Parij meriyasi va tibbiyot xodimlari muntazam ravishda Senadagi suv sifatini nazorat qilib bormoqda

Fojiaga bir qadam qoldi

Fransuz Polineziyasidagi Taiti orolida o‘tkazilayotgan syorfing bo‘yicha olimpiya turnirining uchinchi raundida fojia ro‘y berishiga bir baxya qoldi: Avstraliyadan bo‘lgan syorfer Jyek Robinson cho‘kib ketayozdi.

«Men suv tubiga tushib qoldim va suza olmasdim», — deya hikoya qiladi avstraliyalik sportchi hamda bu vaqtda o‘ziga havo yetishmagani va vaqti kam qolayotganini tushunib turganini qo‘shimcha qilgan.

Gidrosikllardagi qutqaruvchilar Robinsonni olib chiqish uchun otlanishgan.

Bu hodisa avstraliyalikka eng yaxshi natijani qayd etish va keyingi raundga o‘tishga to‘sqinlik qilmagan.

Orzulardagi kadr

Jerome Brouillet / AFP / Scanpix / LETA

Ko‘plab ekspertlar fikricha, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarida sport fotografiyasi tarixidagi eng yaxshi suratlardan biri olindi.

AFP fotografi Jyerom Bruyye braziliyalik syorfer Gabriel Medinani ishtirokini yakunlayotganida to‘lqin ostidan chiqishi holatida «ushlagan».

«Har bir fotograf bunday lahzani kutadi. Sen hozir nimadir bo‘lishini aniq bilasan, ammo eng qiyini — u aynan qachon o‘girilishini topish. Ba’zida u [Medina] qandaydir akrobatik tryuk amalga oshiradi va bu safar ham u shunday qildi va men tugmani bosdim», — deydi Bruyye.

E’tiborli tomoni, foto qahramoni Gabriel Medina bu chiqishi bilan hakamlardan 10 ballik imkoniyatdan 9,90 ball oldi — bu olimpiya o‘yinlari tarixida syorfingdagi eng yuqori ko‘rsatkich. U 1/8 finalda yaponiyalik Kanoa Igarasidan ustun keldi va chorakfinalga o‘tdi. Braziliyalikning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiada vaqtida bunday kuchli va baland to‘lqinlar hosil bo‘lishi – tom ma’noda orzuning ushalishidir, chunki bunday holatlar kamdan kam kuzatiladi. Medina – uch karra jahon chempioni va sayyoraning eng kuchli syorferlaridan biri. Uning laqablari ko‘p, ammo ulardan biri mazkur kadrlarga mos – Fenomen.

Va agar tashkilotchilar syorfing bo‘yicha turnirni Fransiyaga tegishli bo‘lgan, ammo Parijdan 16 ming kilometr masofadagi Taitida o‘tkazish borasida qarorga kelmaganida, bunday fotosuratlar ham bo‘lmasdi.

Foto: olympics.com

Tojikistonda ilk medal

Erkaklar o‘rtasidagi dzyudo bahslarida -81 kg vazn toifasida Somon Mahmadbekov bronza medaliga ega chiqdi.

Somon Mahmadbekov birinchi raunddan kurashsiz o‘tdi, keyin falastinlik Fares Badaviyni mag‘lub etdi, uchinchi bosqichda Niderlandiya vakili Frank De Vitdan ustun keldi. Chorakfinalda tojikistonlik sportchi gurjistonlik Tato Grigalashviliga yutqazdi va bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashadigan bo‘ldi. U bu bosqichda O‘zbekiston vakili Sharofiddin Boltaboyevdan ustun keldi, medal uchun bahsda italiyalik Antonio Espozitoni yengdi.

U o‘z medalini mamlakat rahbari va tojik xalqiga bag‘ishlashini aytgan. «Millat yetakchisi Imomali Rahmon va Dushanbe shahri rahbari Rustam Imomaliga yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Aynan shunday qo‘llov tufayli men Olimpiadada medal olishga erishdim», — degan dzyudochi.

Foto: Reuters

Somon bu uning bolalik orzusi bo‘lgani va endi unga yetishganini ta’kidlagan.

To‘rtinchi kunda dzyudo yana bir oltin medal qo‘lga kiritgan Yaponiya birinchi o‘rinda qoldi (7+2+4). AQSh medallar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda (26), ammo shundan faqat to‘rttasi oltin.

Ko‘proq yangiliklar: