Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida 30 iyul, seshanba kuni ertalab bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan triatlon bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqa bir kunga qoldirildi. Tashkilotchilar bu haqda rejalashtirilgan startdan bor-yo‘g‘i uch soat oldin ma’lum qilib, qaror Sena daryosidagi suv sifati bilan bog‘liqligini aniqlashtirdi.
Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi va Butunjahon triatlon federatsiyasi (World Triathlon) bayonotda 27 va 28 iyul kunlari Parijda kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli musobaqa yo‘nalishi bo‘ylab «ba’zi joylarda» suvning ifloslanish darajasi «maqbul chegaralardan oshib ketganini» bildirdi. Ilgari xuddi shu sababga ko‘ra 28 va 29 iyul kunlari suzish mashg‘ulotlari bekor qilingan edi.
Parij rasmiylariga ko‘ra, ikki kun ichida Fransiya poytaxtida taxminan 15 kunlik yog‘ingarchilik miqdori kuzatilgan. Hozirda Senada suv sathi yozgi o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch baravar yuqori.
Erkaklar o‘rtasidagi triatlonning yangi starti 31 iyul kuni, mahalliy vaqt bilan soat 10.45 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sena suvlarini tozalash
RFI media-kompaniyasining eslatishicha, musobaqa uchun maqbul bo‘lgan suv sifatini saqlab qolish uchun Senada 50 ming kub metrgacha oqava suv bo‘yicha ulkan suv ombori qurilgan, keyin ularni tozalash inshootlariga yo‘naltirish kerak. «Ammo kuchli yomg‘ir davrida suv ombori toshib ketadi va bakteriyalar Sena daryosiga kirib boradi, bu esa gastroenterit, kon’yunktivit va peshob yo‘llari infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin», deb ta’kidlaydi jurnalistlar.
SID sport axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yillarda Fransiya davlati Sena suvini tozalashga 1,4 milliard yevro sarflagan.