Italiya soliq politsiyasi «Monako» basketbol klubi prezidenti va Rossiyaning «Dinamo» futbol klubi sobiq xo‘jayini Aleksey Fedorichevga tegishli bo‘lgan Florensiyada 12-asrda qurilgan Torre del Gallo qasrini xatlovga oldi. Bu haqda 29 iyul kuni Corriere Fiorentino gazetasi xabar berdi.
Bundan tashqari, yana bir qancha ko‘chmas mulk obektlari va tadbirkorning aksiyalari xatlovga olingan. Umuman olganda, Fedorichevning 41 million yevro miqdoridagi aktivlari musodara qilindi, deb xabar beradi Reuters. Xatlovga olish tadbirkorni korrupsiya, firibgarlik va pul yuvishda gumon qilayotgan Ukraina korrupsiyaga qarshi prokuraturasi talabiga binoan amalga oshirilgan.
Ukrainadan daromad va Florensiyada ko‘chmas mulk
Italiya prokuraturasiga ko‘ra, Fedorichev Ukrainada noqonuniy yo‘llar bilan olingan daromadni qayta investitsiya qilgan va Florensiya tresti orqali Florensiyada yirik ko‘chmas mulk majmuasiga egalik qilgan. Ukraina Xavfsizlik xizmati Fedorichevga qarshi tergov harakatlarini 2016 yilda boshlagan.
Fedorichev logistika, yuk tashish va tovar savdosi bo‘yicha jahon yetakchisi - Fedcom Group raisi va asoschisi, deb yozadi Reuters. 1994 yildan u Monakoda istiqomat qiladi, 2022 yilning yanvaridan esa Fransiyaning «Monako» basketbol klubi prezidenti. 2006 yilda Forbes jurnali Fedorichevni 450 million dollar boyligi bilan Rossiyaning eng boy tadbirkorlari ro‘yxatiga kiritdi.