Hindiston janubida ko‘chkilar qurbonlari soni 100 kishidan oshdi

Jahon 08:07 / 31.07.2024 3599

Hindiston janubidagi Kerala shtatida ko‘chki qurbonlari soni 106 kishiga yetdi. 30 iyul, seshanba kuni mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, yana 100 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Ularga ko‘ra, qutqarilgan 120 dan ortiq odam kasalxonaga yotqizilgan.

Vayanad okrugi so‘nggi kunlarda kuchli yomg‘irlardan aziyat chekdi. 29 iyulga o‘tar kechasi tog‘ yonbag‘irlari bo‘yidagi qishloqlarda mahalliy aholi uxlab yotgan paytda ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Yer massalari mashinalarni ag‘darib, daraxtlarni yiqitib tashladi, yo‘llar va ko‘priklarni buzdi. Ba’zi aholi punktlari to‘silib qolgan. Tog‘li choy, qahva va kardamon plantatsiyalarida ishlaydigan mavsumiy ishchilar ham blokadaga tushdi.

Hindiston bosh vaziri Modi tovon puli va’da qilmoqda

Davom etayotgan jala qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda. Armiya, jumladan, harbiy-dengiz kuchlari yordamga chaqirilgan. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi qurbonlarning oilalariga 200 ming rupiy (taxminan 2200 yevro) tovon puli, shuningdek, har bir jarohatlangan uchun 50 ming rupiy (taxminan 550 yevro) to‘lashni va’da qildi.

Janubiy Kerala shtati sayyohlar orasida mashhur. Mahalliy matbuotning yozishicha, tabiiy ofat oqibatida 250 nafar dam oluvchi dam olish maskanlaridan birida qolib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: