Grant loyihasiga arizalar qabuli davom etmoqda

O‘zbekiston 15:04 / 31.07.2024 3914

«Biznesni rivojlantirish banki» ATB Jahon bankining «O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish» (MUNIS) loyihasi bilan hamkorlikda kichik va o‘rta biznes sub’yektlari uchun grantlar ajratish loyihasini e’lon qilgan edi. Hozirda mazkur loyiha doirasida tashabbuskorlardan arizalar qabuli qizg‘in davom etmoqda. 

Kuni kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda bank Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov loyihaning shartlari va imkoniyatlari haqida jamoatchilikka axborot berdi. Brifingda «Biznesni rivojlantirish banki» ATB kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning innovatsion salohiyatini oshirish, ichki, mintaqaviy va jahon bozorlarida o‘z imkoniyatlarini takomillashtirish uchun yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlar, xizmatlar va jarayonlarni ishlab chiqishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, yangi loyiha haqida batafsil axborot berish maqsadida, bankda Jahon bankining xalqaro ekspertlari va tadbirkorlar ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda loyihaning asosiy talablari va tanlab olish bosqichlari haqida qiziquvchilarga keng tushuntirish berildi.

«O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida mikro, kichik va o‘rta biznes vakillarining innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashabbuskorlarning loyihalari uchun grantlar ajratiladi.

Grant miqdori: har bir loyiha uchun 50 000 AQSh dollarini tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish: O‘zbekiston Respublikasi hududida 12 oygacha.

Grant quyidagi sohalar bo‘yicha ajratilishi rejalashtirilgan:

= Agro-oziq-ovqat texnologiyalari.

= Tibbiyot va tibbiy texnologiyalar.

= Yangi materiallar va kimyoviy texnologiyalar.

= Konchilik va metallurgiya sanoati.

= Biotexnologiyalar va farmatsevtika.

= Mashinasozlik va avtomobilsozlik.

Arizalar qabul qilish jarayoni joriy yilning 5 sentabrgacha davom etadi. Barcha arizalar onlayn qabul qilinadi.

Loyiha tashabbuskorlariga qulaylik yaratish maqsadida, «Biznesni rivojlantirish banki» ATB loyiha uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning grantdan tashqari qismini kredit shartnomalari asosida moliyalashtirishni amalga oshiradi. 

Bank tomonidan ko‘zda tutilayotgan moliyalashtirish qo‘shimcha qulaylik bo‘lib, loyiha tashabbuskorlarining loyiha uchun boshqa manbalardan foydalanish imkoniyatlarini chegaralamaydi. Ya’ni loyiha tashabbuskorlari o‘z xohishlariga ko‘ra bank kreditidan yoki boshqa moliyalashtirish manbalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. 

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:

Grant dasturi qo‘llanmasini ko‘ring: https://wbgrans.uz.

Ariza yuborish:  https://app.wbgrans.uz.

E-mail: munis@wbgrans.uz.
Tel: +998 99 887 77 98 | +998 94 353 90 45

Bank axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: