1933 yildan 1945 yil may oyigacha Germaniyani boshqargan Hitler juda millatchi bo‘lgan. U nemislarni oliy irq deb e’lon qilgan va boshqalar bu millatga xizmat qilishi kerak deb hisoblagan.
1931 yilda hali Hitler Germaniya tepasiga kelmasidan avval Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 1936 yilda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan olimpiya o‘yinlari musobaqasini Berlinga beradi.
O‘shanda musobaqalarni o‘tkazishga Barselona, Rim, Misrning Iskandariya, Vengriya poytaxti Budapesht, Argentina poytaxti Buenos-Ayres, Irlandiya poytaxti Dublin, Braziliyaning Rio-de-Janeyro, AQShdagi Luiziana shaharlari da’vogar bo‘lishadi.
So‘nggi ovoz berishgacha da’vogarlar ro‘yxatida faqat ikkita shahar – Berlin va Barselona qoladi. Shunda qo‘mita a’zolari Berlin foydasiga ovoz berishadi.
Oradan ikki yil o‘tgach, 1933 yili Germaniyada o‘tkazilgan saylovlarda natsional-sotsialistlar partiyasi vakili bo‘lgan Adolf Hitler g‘alaba qozonadi va kanslerga aylanadi.
Hitler Germaniya rahbari bo‘lgach o‘zining natsistik g‘oyalarini targ‘ib qila boshlaydi va nemislarni oliy irq deb e’lon qiladi. Uning g‘oyalariga ko‘ra dunyodagi barcha millatlar nemislarga bo‘ysunishi va xizmat qilishi kerak edi.
Hitlerning bunday g‘oyalari aksariyat davlatlarni tashvishlantira boshlaydi va ular xalqaro olimpiya qo‘mitasidan 1936 yilda o‘tkaziladigan musobaqalarni Berlindan olib qo‘yishni talab qilishadi. Biroq qo‘mita bunga jazm qila olmaydi.
Qo‘mita jur’atsizlik qilgach, dunyoning turli burchaklarida Berlin olimpiadasini boykot qilishga chaqiriqlar boshlanadi. Jumladan, 1936 yilda Parijda Olimpiya g‘oyalarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Uning qatnashchilari dunyo davlatlaridan Hitlerning natsistik siyosatiga qarshi Berlin olimpiadasini boykot qilishni so‘rab chiqishadi. Biroq ularning bu chaqirig‘iga hech kim ijobiy javob bermaydi. Faqat Ispaniya va Litva Berlin olimpiadasini boykot qiladi.
Boykotga chaqirish naf bermagandan so‘ng Parij konferensiyasi qatnashchilari Barselonada Berlin bilan bir vaqtda “Xalq olimpiadasi” deb nomlangan musobaqa o‘tkazishga qaror qilishadi. Biroq Barselonaga hech kim sportchilarini yubormaydi va oqibatda bu musobaqa o‘tkazilmaydi.
Berlinda musobaqalar boshlanar ekan, AQSh terma jamoasidagi qora tanli sportchilar masalasi mavhum edi. O‘shanda amerikaliklarda natsist nemislar qora tanli sportchilarga hujum qilishi mumkin degan xavotir bor edi. Biroq bunday holat yuz bermaydi.
Hitler Berlindagi olimpiya stadionida o‘tkazilgan musobaqalarni maxsus lojada o‘tirib kuzatadi. Sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilarga medallarni shaxsan o‘zi topshiradi.
Musobaqalarning navbatdagi kunlarida kutilmagan hodisa sodir bo‘ladi. AQShlik sportchi, afroamerikalik Jyeyms Ouens 100, 200, 400 estafeta yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha g‘alaba qozonadi.
Shu tariqa u bir olimpiadada yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatadi.
Bu rekordni oradan 48 yil o‘tgach, 1984 yil Los-Anjyeles olimpiadasida amerikalik boshqa sportchi Karl Lyuis takrorlay oladi xolos.
Jyeymsning ketma ket oltin medallarni qo‘lga kiritishi qora tanlilarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan va buni zo‘r berib targ‘ib qilayotgan Hitlerga yoqmaydi. Jyeymsning bu g‘alabasi nemislarni oliy irq sanab, davlat ideologiyasini shuning atrofida qurayotgan Hitlerga “tarsaki” kabi edi.
Shu sababli Hitler Jyeymsga oltin medallarni topshirishni xohlamaydi. Qora tanli sportchi g‘olib chiqqani e’lon qilinganda u qattiq asabiylashadi va o‘zi o‘tirgan maxsus lojadan tushib, stadiondan chiqib ketadi. Amerikalik sportchiga medallarni boshqa odamlar topshiradi.
Hitlerning Jyeymsga nisbatan qilgan muomalasi bo‘yicha boshqa ma’lumot ham uchraydi. Unga ko‘ra sportchi har gal g‘alaba qozonganda Hitler o‘zi xohlamagan holda, yuzini tirishtirib, uch marta Jyeymsga medal topshirgan.
Biroq bu jarayonda biron marta qora tanli sportchining qo‘lini siqib qo‘ymagan. Jyeyms to‘rtinchi marta g‘alaba qozonganda hatto medalni ham topshirishni istamagan.
Jyeyms esa Hitlerning oltin medallarni topshirishni istamagani va qo‘lini siqib qo‘ymaganidan xafa bo‘lmaganini aytgan. Sportchining shu so‘zlaridan Hitler unga oltin medallarni umuman topshirmaganini anglash mumkin.
Jyeyms o‘zini eng qattiq xafa qilgan holat to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritganiga qaramasdan prezident Franklin Ruzveltning tabrik telegramma jo‘natmagani bo‘lganini bildirgan.
Jyeymsning keyingi hayoti
Jyeymsning Berlinda natsistlar qarshisida olamshumul g‘alabalarga erishgani o‘sha paytda AQShda hech kimga qiziq emasdi. Chunki u paytlarda Amerikaning o‘zida ham qora tanlilarga nisbatan kamsitish bor edi.
Shu sababli Jyeyms Berlinda to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritganiga qaramasdan Amerikaga qaytgach, universitetdagi o‘qishini tashlab, oddiy ishlarda ishlashga majbur bo‘ladi.
Uning mehnatlari 1950-yillardan so‘ng qadrlana boshlanadi. Jyeyms 1956 yilda Melburnda o‘tkazilgan olimpiadada AQSh prezidenti vakili sifatida boradi.
1972 yilda Ohayo shtati universiteti Jyeymsga faxriy doktor unvonini beradi. 1974 yilda uning surati AQShdagi yengil atletika shuhrat zaliga qo‘yiladi.
1976 yilda prezident Jyerald Ford Jyeymsni Ozodlik medali bilan taqdirlaydi. 1979 yilda prezident Jimmi Karter Jyeymsni qabul qiladi va uni AQSh yengil atletikasi tirik afsonasi deb ataydi.
Garchi o‘zi sportchi bo‘lsa ham, Jyeyms sog‘lom turmush tarziga mutlaqo amal qilmaydi. U 35 yil davomida har kuni bir qutidan sigaret chekadi. Oxir-oqibat u 1980 yilda o‘pka saratonidan vafot etadi.
1969 yilda Mongoliya, 1971 yilda Birlashgan Arab Amirligi tarkibiga kiruvchi Ajman amirligi Jyeyms Ouens surati tushirilgan pochta markalari chiqargan.
1984 yilda Berlindagi ko‘chalarning biriga Jyeyms Ouensning nomi berilgan. 1996 yilda Atalanta shahrida olimpiada o‘yinlari boshlanishidan bir necha kun oldin Jyeyms tug‘ilib o‘sgan Okvill shahrida uning nomi berilgan park ochiladi.
Keyinchalik, Jyeyms Ouens nomida fond ochiladi. Bu fond jamiyatda og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan turli insonlarga yordam beradi.
Ma’lumot uchun, Jyeyms 1936 yilda Berlin olimpiadasida yutib olgan oltin medallardan biri 2013 yil 8 dekabr kuni 1 mln 466 ming dollarga sotilgan va pullar sportchi nomidagi fondga o‘tkazib berilgan.
Jyeyms Ouen haqida film
2016 yil 19 fevral kuni Jyeymsning Berlin olimpiadasidagi ishtiroki haqida “Poyga” (“Race”) deb nomlangan badiiy film suratga olinadi.
Filmni suratga olish ishlari 2014 yil 24 iyulda Kanadaning Monreal shahrida boshlanadi. Filmga bir nechta kompaniyalar prodyuserlik qilishadi. Shuningdek, filmni Jyeyms Ouens nomida ochilgan fond va Ouenslar oilasi qo‘llab-quvvatlaydi.
Filmni amerikalik taniqli rejissyor Stiven Xopkins suratga olgan. Unda bosh rolni kanadalik aktyor Stefan Jyeyms ijro etgan.
“Iroda kuchi” filmi uchun 5 mln dollar sarflangan. U ijodkorlariga 25 mln dollar foyda keltirgan. Stefan Jyeyms “Iroda kuchi” filmigacha bir qancha filmlarda suratga tushgan bo‘lsa ham uncha taniqli emasdi.
Jyeyms Ouens haqidagi film AQSh va Kanada bilan birga Yevropa davlatlarida ham namoyish etilgach, u taniqli aktyorga aylanadi.
Jyeyms Ouensning Berlinda qozongan g‘alabalari va Hitlerni asabiylashtirgani haqida keng omma aynan shu filmdan so‘ng batafsil xabar topadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.