Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan savdo tarmoqlarida sifatsiz gugurt mahsulotlari sotilayotganligi yuzasidan kelib tushgan murojaatlarga asosan nazorat xaridlari tashkil etildi.
Tadbir davomida Avion, Jeep, Fesko, Gugurt va Viktory savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari tekshirilgan.
Sinov natijalariga ko‘ra, Jeep (Up Match MChJ) va Gugurt (Atlas-Invest MChJ) mahsulotlarb texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan. Jumladan, qutilardagi minimal gugurt cho‘pi soni 11-17 donaga kamligi aniqlangan.
Qo‘mita tomonidan mazkur holatlar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda Up Match MChJ tomonidan 29,8 foiz kam to‘ldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi oqibatida iste’molchilardan 44,7 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, Atlas-Invest MChJ qutisi kam to‘ldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi natijasida iste’molchilardan 20,5 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olgan.
Ushbu holatlar yuzasidan sifatsiz gugurt mahsulotlarini savdo rastalaridan olish choralarini ko‘rish va ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha korxonalarga majburiy ko‘rsatma berilgan va bu talablar bajarilgan.
Bundan tashqari, Avion, Fesko va Viktory savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgani aniqlangan. Ta’kidlanishicha, ularga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.