Joriy yil fevralida Asaka tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi sobiq xodimi Asaka tumani prokurori o‘rinbosari orqali mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbariga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-o‘lchov tadbirlari o‘tkazish orqali kamaytirib berish evaziga ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingandi.
Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori o‘rinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.
Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, mazkur ish yuzasidan sud hukmi chiqqan.
Unga ko‘ra sobiq IIB xodimi Hamidullo Ahmedov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ish doirasida sudlangan sobiq Asaka tuman prokurori o‘rinbosari Sarvarbek Hamidov ham Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. U 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmidan ko‘rinishicha, Sarvarbek Hamidov aybiga iqror bo‘lmagan va butunlay aybsiz ekanini aytgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan S.Hamidovning yaqinlari ishni tergov qilgan Andijon viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Nursulton Odilov dalillarni qalbakilashtirganini aytmoqda.
Jumladan, tezkor tadbirdan yozib olingan so‘zlashuvlar audiosining stenogrammasida Asaka tuman prokurori o‘rinbosari Sarvar Hamidovning tilidan chiqmagan so‘zlarni kiritib, uni ayblash uchun dalil sifatida foydalangan, deyiladi murojaatda.
Hozirda Sarvarbek Hamidov tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritilgan. Ammo shikoyatni ko‘rib chiqishi lozim bo‘lgan Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tarkibi bunga monelik qiladi.
Sudlanuvchining advokatlari bunga ikkita sababni keltirmoqda. Birinchidan:
- viloyat sudi sudyasi N.Mirzajonov Marhamat tuman sudida kotib bo‘lib ishlaganida Sarvar Hamidov ham ushbu tuman sudida kotib vazifasida ishlagan;
- viloyat sudi sudyasi N.Zaynobiddinov viloyat sudida katta mutaxassis lavozimida ishlagan paytda Sarvar Hamidov shu viloyat sudi devonxonasi mudiri lavozimida ishlagan;
- viloyat sudi sudyasi A.Isakov Andijon shahar sudi devonxonasi mudiri lavozimida ishlagan paytda Sarvar Hamidov viloyat sudida devonxona mudiri lavozimida ishlagan;
- viloyat sudi sudyalari U.Imomova va I.Sotvoldiyev shu lavozimda payti Sarvar Hamidov viloyat sudida devonxona mudiri vazifasida ishlagan.
Ikkinchidan, Andijon viloyat sudi raisining o‘rinbosari - jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi F.Abduraimov, viloyat sudi sudyalari U.Soliyev, A.Habibullayev, N.Mirzajonovga nisbatan ular dastlabki eshituv ustidan berilgan shikoyatni apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqib, bila turib noqonuniy qaror qabul qilganliklari uchun Sarvar Hamidov ularning harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan Sudyalar Oliy kengashi va Bosh prokuraturaga shikoyat arizalari kiritgan.
Shu sababli ham Sarvar Hamidov va uning advokatlari apellyatsiya shikoyati Andijon viloyati sudlarida ko‘rilsa, adolat va qonuniylik ta’minlanishiga shubha qilmoqda va ishni boshqa viloyat sudida ko‘rishni so‘ramoqda.