30 iyul kuni Olimpiya o‘yinlarining futbol turnirida 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Ispaniya va Yaponiya ortidan Fransiya, AQSh, Argentina, Marokash, Paragvay va Misr ham pley-off ishtirokchilariga aylandi.
A guruhi
Uy effekti
Yangi Zelandiya — Fransiya 0:3
Gollar: Mateta (19), Due (71), Kalimuendo (74).
Yangi Zelandiya – Polsen, Kelli-Hild, Satton (Sheridan, 78), Bindon, Boksell, Serman (Herdman, 78), Garbett, Singh (Jillion, 90+1), Bell, Ueyn (Konchi, 85), van Hattum (Beyliss, 46).
Fransiya – Nkambadio, Lukeba (Bade, 78), Matsima, Magassa, Sherki (Olise, 65), Loko, Lepenan, Diuf, Due (Shotar, 78), Kalimuendo, Mateta (Akliush, 66).
Ogohlantirish: Kelli-Hild (63).
AQSh — Gvineya 3:0
Gollar: Mixaylovich (14), Paredes (31, 75).
AQSh – Shulte, Tolkin, Robinson, Tsimmerman, Harriel, Dits (Atensio, 52), Mixaylovich (Makglinn, 52), Tessmann, Aaronson (Maguayr, 66), Paredes (Uayli, 78), You (But, 66).
Gvineya – Silla (Keyta, 46), Keyta, Suma, Sisse (Ulare, 28), Diavara (Kamara, 63), Ture, Diallo (Kamara, 85), Balde, Moriba, Ba (Kamara, 63), Kamara.
Ogohlantirishlar: Dits (36), Kamara (38).
Fransiya kutilganidek Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinda hech qanday muammoga uchramadi. Tiyerri Anri ham raqib darajasidan kelib chiqqan holda pley-off oldidan asosiy futbolchilariga dam berdi. Lekin «Uchranglilar»ning zaxira tarkibi ham asosiysidan qolishmaydi. Birinchi gol shu kuni o‘ta faol bo‘lgan Sherki va qaytgan to‘pga yetib kelgan Matetaning sa’y-harakatlari bilan urildi. Shundan keyin yangi zelandiyaliklar ancha vaqtgacha dosh berib turishdi, turnir mezbonlari ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida ham yuqori jismoniy tayyorgarlikka egaligini namoyish etib, o‘yinni kuchaytirdi. Raqib shunchaki tezlik bobida fransuzlarga yeta olmadi, uch daqiqa ichida Due va Kalimuendo-Muinga hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Fransiya 1996 yildan buyon ilk bor Olimpiada pley-offiga chiqdi va chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri ekanini isbotladi. Fransuzlar o‘z tarixida to‘rtinchi bor yirik uy turnirida guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunlamoqda. Bungacha fransuzlar mezbon sifatida Yevro-1984, JCh-1998 va 2003 yilgi Konfederatsiyalar kubogida buni uddalashgan.
Guruhdan ikkinchi o‘rin bilan AQSh olimpiyachilari chiqishdi. Amerikaliklar o‘tgan turdagi fransuzlardan farqli o‘laroq Gvineya o‘z o‘yinini ko‘rsatishiga imkon qoldirmadi. Jarima zarbasini ajoyib tarzda ijro etgan Mixaylovich tezkor gol urdi. Keyin Aronson Paredesni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, «Volfsburg» yarimhimoyachisi ikkinchi bo‘limda dublni rasmiylashtirib, okean orti vakillarining turnirdagi ikkinchi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
V guruhi
Marokashliklar kuchi
Marokash – Iroq – 3:0
Gollar: 1:0 – 19 Richardson, 2:0 – 28 Rahimi, 3:0 – 36 Ezzalzuli.
Marokash – Muhammadi, Al-Vahdi, Bukamir, Hakimi, Al-Azzuziy (Tahif, 85), Al-Hannus, Targallin (Keshta, 62), Richardson (Bushuari, 62), Ezzalzuli, Ahomash (Ben-Segir, 67), Rahimi (Mauxub, 61).
Iroq – Hasan, Maknazi, Natik, Amer, Sadun (Ali, 79), Muhammad (Al-Imom, 46), Muhammad, Saad (Yasim, 32), Bayesh, Amin (Muhammad, 31), Husseyn.
Ogohlantirishlar: Muhammad (9), Maknazi (30).
Ukraina – Argentina – 0:2
Gollar: 0:1 – 47 Almada, 0:2 – 90+1 Echeverri.
Ukraina – Fesyun, Martinyuk (Sich, 68), Batagov, Taloverov, Krupskiy, Bragaru (Ocheretko, 59), Mixaylenko (Fedor, 59), Rubchinskiy, Xlan (Veleten, 78), Kriskiv, Sikan (Krasnopir, 59).
Argentina – Ruli, Soler (Amione, 67), Otamendi, Di Chezare, Luxan, Almada (Echeverri, 81), Fernandes (Senon, 68), Medina, Simeone, Alvares (Beltran, 81), Gondou (Esse, 59).
Ogohlantirishlar: Rubchinskiy (53), Veleten (82).
Bu guruhda yakuniy tur oldidan barcha jamoalarda uchtadan ochko bor edi, pley-off yo‘llanmalaridan biri ancha tez hal bo‘ldi. Marokashliklar Iroq mudofaasini birinchi bo‘limdayoq parokanda qilib yubordi. «Atlas sherlari»ning to‘rt gol bilan eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Rahimiy hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgach, iroqliklar tavakkal qilib to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishdi. Bu ish berishi ham mumkin edi, ammo darvozabon turnirdagi boshqa bir to‘purar — Aymen Hussaynga gol urishga imkon bermadi. Va javob hujumida «Barselona» tarbiyalanuvchisi Azzalzuliy markazga ko‘chib, to‘pni olis burchakka chiroyli uslubda joylashtirdi.
Nitssada hisob 3:0 bo‘lgach, butun e’tiborni Argentina va Ukraina o‘yiniga qaratsa ham bo‘laverardi. Bu o‘yinda birinchi bo‘lim oxirlariga kelib ukrainlar hujumga o‘ta boshladi va Haviyer Maskerano shogirdlarida raqibni qarshi hujumlarda jazolash imkoni paydo bo‘ldi. Hulian Alvares gol urishi mumkin edi, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Gondou ham imkoniyatdan foydalana olmadi, ammo o‘z vaziyatlarini ko‘kka sovurgan oq-havoranglarning o‘zi gol o‘tkazib yuborishiga bir baxya qoldi. Tanaffus esa Argentina foydasiga xizmat qildi. Almada maydon markazida to‘pni egallab olib, uni raqib jarima maydoniga qadar olib bordi va chiroyli zarba bilan burchakni aniq nishonga oldi.
Argentinaliklarning yana ikki qahramoni — Di Chezare va Otamendi jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan xavfli zarbalarni to‘sib qolishdi. Birinchi holatda darvozabon Ruli boshqa tomonga sakrab bo‘lgandi. Ukrainadan nima bo‘lganda ham ikki gol urish talab etilardi. Lekin ular bitta ham gol ura olmadi, qo‘shimcha daqiqalarda esa Senonning zarbasidan keyin qaytgan to‘pga yetib kelgan Echeverri yakuniy hisobni o‘rnatdi. Ammo «Manchester Siti» a’zosiga aylangan vunderkindning goli guruhda peshqadamlik qilish uchun yetarli bo‘lmadi. To‘plar nisbati teng kelgan holatda Marokash o‘zaro uchrashuvdagi g‘alaba tufayli guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqdi. Argentina chorakfinaldayoq Fransiyaga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi.
C guruhi
Fayzullayev va Shomurodov o‘yinni o‘zgartirdi
Dominikana Respublikasi – O‘zbekiston – 1:1
Gollar: Rafael Nunes 51 pen., - Alisher Odilov, 58.
Dominikana: Valdes, Puyol, Urbayez (Lemer, 81), de Lukas, de Leon (Marzian, 46), de Oka, Morshel, Nunes, Lorenso, Federiko (Mangas, 67), Urenya (Bayez, 46)
O‘zbekiston: Nazarov, Mirsaidov, Husanov, Hamraliyev, Jiyanov (Jaloliddinov, 57), Norchayev (Shomurodov, 57), Abdirahmatov, Rahmonaliyev, Bo‘riyev, Ibragimov (Fayzullayev, 57), Odilov (Xolmatov, 83).
Ogohlantirishlar: Husanov (25), de Lukas (55).
Ispaniya – Misr 1:2
Gollar: 0:1 – 40 Odil, 0:2 – 62 Odil, 1:2 – 90 Omorodion.
Ispaniya – Iturbe, Guterres (Miranda, 68), Pacheko, Moskera, Pubil (Sanches, 46), Turrentes (Barrios, 63), Bernabe (Lopes, 63), Oros (Gomes, 46), Kamelo, Lopes, Omorodion.
Misr – Ala, Al Debes (Saber, 46), Abdulmajid, Fayyed (Tarek, 70), Eyd (Kamal, 90+7), Koka, El-Nenni, Shehata (Otto, 81), Odil, Zizo, Feysal (Majar, 81).
Ogohlantirish: Eyd (6).
Bu guruhda uchinchi guruh oldidan barchasi oddiy edi. Turnirni davom ettirish uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat saqlab qolgan Dominikana O‘zbekistonni ikki to‘p farqi bilan yengishi talab etilardi. Shu bilan birga, chorakfinal yo‘llanmasini o‘zi uchun kafolatlab bo‘lgan va tarkibda rotatsiya uyushtirgan Ispaniya Misrni yengishi kerak edi. Ammo «fir’avnlar» jamoasi tanaffusga g‘olib holda yo‘l oldi. Birinchi bo‘limda ularning omadi ham keldi, Diyego Lopes zarba bergan epizodda to‘p ustunga tegdi, ammo afrikaliklarning har bir qarshi hujumi xavfli tus oldi. Shunday hujumlardan birida jamoa safidagi tajribali futbolchilardan biri Zizo uzoqdan yetkazib berilgan to‘pni to‘xtatib oldi va Guterresni ortda qoldirib, jarima maydoni yaqinida to‘pni Odilga yetkazib berdi, u esa kuchli zarba bilan hisobni ochdi.
O‘z navbatida, o‘yinni tetik boshlagan va bir necha vaziyatlar yaratgan Dominikana tanaffus arafasida charchab qoldi. O‘zbekistonliklar safida Jiyanovning zarbasi to‘sindan qaytdi, Odilov darvozabonni aldab o‘tganida himoyachi qutqardi, navbatdagi yakkama-yakka vaziyatda darvozabon seyv ijro etdi. Holbuki O‘zbekiston olimpiyachilari guruhdan chiqish imkoniyati qolmaganidan keyin tarkibda rotatsiya qilgan va Shomurodov, Fayzullayev, Jaloliddinov kabi yetakchilar zaxira o‘rindig‘ida qolgan, O‘runov zayavkaga ham kiritilmagandi. O‘zbekiston penaltidan gol o‘tkazib yuborgach, jamoa yetakchilari maydonga tushib keldi va bir daqiqa o‘tib hisob tenglashdi. Shomurodov Fayzullayevning uzatmasini bir teginishda jarima maydoniga o‘tkazdi va Odilov to‘pni darvoza burchagiga joyladi. O‘zbekistonda muvaffaqiyatni rivojlantirish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, ammo boshqa gol ura olmadi, qo‘shimcha daqiqalarda esa darvoza ustuni mag‘lubiyatdan saqlab qoldi.
Ispaniya esa tanaffusda ikkitalik o‘zgarish qilib, ikkinchi o‘rinda qolishni istamasligini ko‘rsatdi. Aniqrog‘i — finalgacha Fransiya bilan yo‘llari kesishmasligiga erishishga urinmadi. Ammo Samu Omorodion darvozabon hududida turib to‘pni to‘rga yo‘naltira olmadi, Serxio Gomesning zarbasidan keyin himoyachi to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi, Pachekoning qo‘pol xatosi esa Odilga ikkinchi golni sovg‘a qildi. Omorodionning goli esa juda kech urildi. Misr 2016 yilgi Olimpiadada Braziliya bilan chempion bo‘lgan Rojyerio Mikaleni murabbiylikka tanlab, xato qilmagani ma’lum bo‘ldi. Birinchi o‘rin bilan chiqqan jamoa endi pley-offda Paragvay bilan o‘ynaydi.
D guruhi
Ideal Yaponiya
Isroil — Yaponiya 0:1
Gol: Hosoya (90+1).
Isroil – Niron, Revivo, Goldberg, Lemkin, Feyngold, Azulay (Yona, 69), Shahar (Preda, 46), Gluh, Gandelman (Davida, 84), Abada, Medmon (Turgeman, 46).
Yaponiya – Kokubo, Utino, Kimura, Sudzuki, Nisio, Kavasaki (Fudzita, 79), Yamamoto (Uyenaka, 46), Sato, Araki (Hosoya, 79), Yamada (Mito, 61), Fudzio.
Ogohlantirishlar: Shaxar (16), Feyngold (72).
Paragvay — Mali 1:0
Gol: Fernandes (5).
Paragvay – Fernandes, Rivas, de Xesus, Balbuena, Nunes, Gomes (Parsayuk, 88), Gomes, Kantero, Ensiso (Flores, 82), Fernandes (Kaballero, 88), Peres (Kardoso Lusena, 70).
Mali – Diarra, Dukure, Tunkara, Sisse, Diomande, Traore, Diakite (Diallo, 78), Sako, Giddu (Samake, 46), Diarra (Diarra, 32), Dumbiya.
Ogohlantirishlar: Peres (38), Gomes (45+7), Fernandes (58), Kardoso Lusena (71), Fernandes (90+11), Kabalero (90+12), Dukure (90+12), Dumbiya (90+8), Sisse (90+8).
Paragvay birinchi turda kamchilik bo‘lib qolib, Yaponiyadan beshta gol qabul qilib olgandi. Ammo bosh murabbiy Karlos Hara Sager va’da qilganidek, qizil-oqlar o‘rnidan tura oldi va bu jamoa saralash turnirida Argentinani ham, oldingi ikki Olimpiadada g‘olib bo‘lgan Braziliyani ham ortda qoldirgani tasodif emasligini namoyish etdi. Isroilga qarshi yorqin, shu bilan birga asabiy kechgan o‘yinda jamoa hujumkorlik salohiyatini namoyish etdi. Mali bilan o‘yinda esa jamoa tezkor gol bilan hisobni ochib, shu hisobni saqlab qolish uchun o‘ynadi.
Lekin ikkinchi bo‘limda bir qancha xavotirli vaziyatlar kuzatildi. Masalan, «Inter Mayami» yarimhimoyachisi Gomes ikkinchi sariq kartochkani olishi mumkin edi. Umuman, o‘yin davomida janubiy amerikaliklarga 6 ta sariq kartochka ko‘rsatildi, ushbu jamoa guruh bosqichida eng ko‘p ogohlantirilgan jamoa (14) bo‘ldi. Balbuena boshchiligidagi himoyachilar ham bir necha hujumni o‘tkazib yuborishdi, ammo darvozabon Roberto Fernandes shu kuni ishonchli harakat qildi. Uning adashi Marselo esa maydonning narigi tomonidagi jarima maydonida eng faol futbolchi bo‘ldi. Isroilliklarga qarshi o‘yinda dubl qayd etgan vinger bu o‘yin taqdirini hal qilgan golga ham mualliflik qildi.
Ispaniyaga esa guruhni yuz foizlik natija bilan yakunlagan Yaponiya raqib bo‘ladigan bo‘ldi. Lekin bu osiyoliklarning turnirda qolgan yagona vakili oson raqib bo‘lmaydi. Tezkor, o‘yin uslubini qurib olgan, vertikal futbol namoyish etadigan ushbu jamoa futbolchilarida jismoniy holat ham a’lo darajada. «Ko‘k samuraylar» uchta o‘yinda ham 80-daqiqadan keyin gol urishdi va ikki marta bu gollar g‘alaba gollari bo‘ldi. Olti yil muqaddam «Kashima Antlers» bilan Osiyo Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan Go Oive keyingi yillarda Yaponiyaning turli yosh toifasidagi jamoalarida ishlab chiqdi — o‘tgan yili U-23 toifasida Osiyo kubogida g‘olib bo‘ldi.
2 avgust kuni chorakfinal o‘yinlari doirasida quyidagi juftliklar to‘qnashadi:
Marokash — AQSh (18:00)
Yaponiya — Ispaniya (20:00)
Misr — Paragvay (22:00)
Fransiya — Argentina (00:00)