Adidas bosh direktori Born Gulden kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan supermodel Bella Xadid ishtirokidagi krossovkalar reklamasi uchun uzr so‘radi. Bloomberg’ning yozishicha, reklama jamoatchilik o‘rtasida keskin norozilik keltirib chiqargan.
«Adidas bosh direktori Bella Xadid ishtirokidagi reklama kampaniyasi uchun uzr so‘raydi… Adidas AG o‘zining SL 72 krossovkasining reklama kampaniyasida xatolikka yo‘l qo‘ydi va bunday xatoliklardan qochish maqsadida o‘z harakatlarini ko‘rib chiqmoqda», — deya yozadi agentlik Guldenning so‘zlariga tayanib.
Kompaniya bosh direktori mazkur voqea sabab uzr so‘raganidan keyin Adidas «oldinga harakat qilishni» davom ettirishini ta’kidlagan.
Avvalroq modelning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlar orqali reklamadagi ishtiroki uchun kechirim so‘rab chiqqandi, u reklama qilinayotgan oyoq kiyim va 1972 yili Myunxenda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida yuz bergan «dahshatli voqealardan» xabari bo‘lmaganini bildirgan.
Undan oldin TMZ portal Xadid Adidas kompaniyasini «ommaviy mas’uliyat yo‘qligi uchun» sudga bermoqchi ekani haqida yozgandi.
Germaniyaning Berliner Zeitung gazetasi Adidas hamda Xadid hamkorligi doirasida ishlangan reklama jamoatchilik orasida keskin norozilikni keltirib chiqarganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu krossovkalar dastlab 1972 yilda Myunxenda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlari uchun ishlab chiqarilgan. O‘yinlar davomida 5 sentabr kuni terakt sodir bo‘lgandi: isroillik 11 nafar sportchi falastinliklar tomonidan o‘tdirilgan.
27 yoshli Bella Xadid — asli falastinlik bo‘lgan, hozirda AQShda yashovchi multimillioner Muhammad Xadidning qizi va dunyodagi eng mashhur supermodellardan biri. U bir necha bor ajdodlari falastinliklar ekanidan g‘ururlanishi haqida gapirgan. Xadid ko‘p yillardan beri Falastin mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi haqida ommaviy bayonot berib keladi.