Venesuelada ommaviy namoyishlar boshlandi

Jahon 12:55 / 30.07.2024 9590

Venesuelada Milliy saylov kengashi amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduroning g‘alabasini e’lon qilgan prezidentlik saylovlaridan keyin muxolifatchilarning minglab tarafdorlari ko‘chalarga chiqdi. Venesueladagi ijtimoiy ziddiyatlarni kuzatish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 ta shtatda 187 ta norozilik aksiyasi qayd etilgan.

Reuters va BBC rus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aksiyalar 29 iyul kuni kechqurun boshlangan. Avvaliga butun mamlakat bo‘ylab «kaserolaso» (bo‘sh kastryulkalar marshi) deb nom olgan namoyishlar bo‘lib o‘tgan — uning ishtirokchilari kastryulka va tovalarni bir-biriga urib, prezident Maduro o‘zini g‘olib deb e’lon qilganiga norozilik bildirishgan. Shundan keyin ko‘cha namoyishlari politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan.

«Kaserolaso» aksiyasi (bo‘sh kastryulkalar marshi). Puerto-La-Krus, 2024 yil 29 iyul
Samir Aponte / Reuters / Scanpix / LETA

Karakasda minglab namoyishchilar shahar markazi bo‘ylab marsh uyushtirishgan. BBC ma’lumotiga ko‘ra, ularning bir qismi poytaxt atrofidagi adirliklarda joylashgan kulbalar oralab bir necha kilometr yurib, prezidentlik saroyigacha borishgan. Namoyishchilar «Erkinlik!» va «Bu hokimiyat qulaydi!» deya hayqirishgan, Maduroning devorlar va ustunlarga yopishtirilgan portretlarini, g‘ildiraklar, chiqindi va mashinalarni yoqishgan. Koro shahrida aksiya ishtirokchilari sobiq prezident — Maduroning ustozi Ugo Chavesning haykalini ag‘darishgan.

Poytaxtda politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Bunga javoban ayrim namoyishchilar ularga qarata tosh, yonuvchan modda solingan butilkalar va boshqa turli buyumlar uloqtirishgan. Namoyishchilarni tarqatishga Maduro hokimiyatini qo‘llovchi harbiylashgan tuzilma «kolektivos» a’zolari yordamlashgan.

Muxolifat Venesuela xavfsizlik kuchlari ikki marta Argentinaning Karakasdagi elchixonasiga bostirib kirishga uringani haqida xabar bergan, bu yerda hukumat hibs olishga qaror qilganidan keyin Maduroning olti nafar raqibi yashab kelmoqda.

Associated Press xabariga ko‘ra, to‘qnashuv ishtirokchilaridan biri (xabarda u kimligiga — muxolifat yoki Maduro tarafdori ekaniga oydinlik kiritilmagan) to‘pponchadan o‘q uzgan, bu vaqtda namoyishchilar Karakasning moliya binolari joylashgan hududidan o‘tayotgandi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bu hodisa vaqtida hech kim jabrlanmagan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlar vaqtida kamida ikki kishi halok bo‘lgan: ulardan biri 30 iyulga o‘tar kechasi chegaradagi Tachira shtatida, boshqasi — dushanba kuni Venesuela shimolidagi Marakay shahrida. AFP Foro Penal huquq faollari tashkilotiga tayanib, Yarakuy shtatida bir kishi halok bo‘lgani hamda 46 kishi qo‘lga olingani haqida xabar tarqatgan. Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes tartibsizliklar chog‘ida 23 nafar harbiy xizmatchi yaralangani, jumladan o‘qotar quroldan jarohat olganlar borligini ma’lum qilgan.

Namoyishchilarning politsichilar va Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvi. Karakas, 2024 yil 29 iyul
Henry Chirinos / EPA / Scanpix / LETA

Nikolas Maduro televideniye orqali maxsus murojaatida namoyishlarga munosabat bildirgan. U Venesuelada «yana bir marta fashistik va aksilinqilobiy xarakterdagi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘layotgani»ni aytgan. «Bizni hech qachon nafrat joyimizdan qo‘zg‘ata olmagan. Aksincha, biz doimo kuchlilar qurboni bo‘lganmiz», — deya uning so‘zlarini keltirgan Associated Press.

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni o‘tkazildi. Saylovda davomat 59 foizni tashkil etgan. Milliy saylov kengashi byulletenlarning 80 foizi hisoblab chiqilganidan keyin Nikolas Maduro 51,2 foiz ovoz jamg‘argan holda birlashgan muxolifat nomzodi, 44,2 foiz ovoz to‘plagan 74 yoshli sobiq diplomat Edmundo Gonsalesdan ustunlik qilayotganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay Milliy saylov kengashi rasman Maduroni saylov g‘olibi sifatida e’lon qildi. G‘olib chiqqan nomzod 2025 yil 10 yanvarda mamlakatning yangi prezidenti sifatida qasamyod qilishi kerak. 

Mustaqil ekzit-pollar esa saylovchilarning 65 foizi Gonsalesni qo‘llayotgani, Maduroga ovoz berganlar soni 14 foizdan 31 foizgacha bo‘lganini ko‘rsatgan. Gonsales va muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado saylov kengashining protokollari nusxasini qo‘lga kiritgani, ular Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz olganini ko‘rsatayotganini aytishgan. Ular namoyishchilarni xotirjamlik saqlashga va 30 iyul tongida tinch aksiyaga yig‘ilishga chaqirgan.

Hukumat Mariya Korina Machadoga nomzodini qo‘yishga ruxsat bermagandi, shu tufayli uning o‘rniga 71 yoshli diplomat Gonsales nomzod sifatida qatnashdi. Foto: Reuters 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken «e’lon qilingan natija Venesuela xalqining irodasi yoki ovozini aks ettirmasligidan jiddiy xavotirlar borligi»ni bildirgan. Yevroittifoq va Braziliya Venesueladagi prezidentlik saylovlaridagi ovozlarni sanab chiqishda shaffoflik bo‘lishini talab qilgan. Argentina, Gvatemala, Dominikana respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Paragvay, Peru, Urugvay va Ekvador Amerika davlatlari tashkilotining favqulodda uchrashuvini o‘tkazishga va Venesueladagi saylov natijalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. RF prezidenti Vladimir Putin esa allaqachon Maduroni qayta saylangani bilan tabriklagan.

Tanqidlardan keyin Venesuela TIV Argentina, Dominikana Respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Peru, Urugvay va Chilidan barcha diplomatlarini chaqirib olishga qaror qilgan. Venesuela hukumatining xatti-harakatlariga javoban Peru tashqi ishlar vazirligi Venesuelaning barcha diplomatlariga mamlakatni tark etish uchun 72 soat bergan.

Venesuelada 2018 yilda o‘tkazilgan oldingi prezidentlik saylovlaridan keyin ham bir necha oy davomida namoyishlar bo‘lib o‘tgan, ammo Maduro va uning boshchiligidagi Yagona sotsialistik partiya o‘z hokimiyatini saqlab qolgandi. Maduro 2013 yildan buyon prezidentlik qilib keladi. Yangi prezidentlik muddati uning uchun uchinchisidir.

Ko‘proq yangiliklar: