Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudi 29 iyul, dushanba kuni millioner Musa Bajayevning o‘g‘li 23 yoshli Timur Bajayevni 26 sentabrgacha tergov izolyatoriga jo‘natdi. Bu haqda Moskva sudlari matbuot xizmati xabar berdi. Bajayev militsiya xodimiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlik ishi bo‘yicha (Jinoyat kodeksining 318-moddasi 2-qismi) hibsga olingan.
Timur Bajayev 27 iyul kuni kechqurun qo‘lga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u «Lujniki» stadioni yaqinida politsiyachi bilan «to‘qnash kelgan» va unga nisbatan zo‘ravonlik qilgan. Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteynning ta’kidlashicha, bu xodim Moskva markaziy ma’muriy okrugi ichki ishlar boshqarmasi jamoat tartibini saqlash bo‘limi boshlig‘i Aleksandr Maxonin bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yigit tekshiruvni chetlab o‘tib, «Lujniki» hududiga kirishga uringan, politsiyachi uni o‘tkazib yubormagan va janjal kelib chiqqan. «ReN TV» telekanali Maxoninning yuzida ko‘karishlar va pastki chap ko‘z qovog‘ida gematoma borligini ma’lum qildi.
Chechenistonlik 58 yoshli Musa Bajayev «Gruppa Alyans» prezidenti va «Russkaya platina» kompaniyasining egasidir. 2021 yilda Forbes jurnali uni Rossiyadagi eng boy tadbirkorlar ro‘yxatida 156-o‘ringa qo‘ydi va Musa Bajayevning boyligini 750 million dollarga baholadi.
Bajayev - London sanksiyalari ostida
2022 yil 13 aprelda Britaniya Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi harbiy tajovuziga javoban 206 tashkilot va shaxsni sanksiya ro‘yxatiga kiritdi, ulardan biri Musa Bajayev edi. U bilan birga cheklovlarga, xususan, «Lukoyl» rahbari Vagit Alekperov, «Sistema» AFK asoschisi Vladimir Yevtushenkov, Rossiya Federatsiyasi prezidenti yordamchisi Andrey Fursenko va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining rafiqasi Mariya Lavrova duchor bo‘ldi. Alekperovga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan keyin u «Lukoyl» rahbari lavozimini tark etdi.