Germaniya fuqarosi Riko Krigerga tayinlangan hukm haqida 19 iyul kuni ma’lum bo‘lgandi. Minsk sudi unga oliy — otuv orqali o‘lim jazosini tayinlagan. Kriger oltita modda bo‘yicha ayblangan: yollanish, yashirin faoliyat, terrorchilik akti, «ekstremistik tuzilma»ni yaratish, o‘qotar qurollar va portlovchi moddalarga nisbatan noqonuniy harakatlar, transport vositasi yoki aloqa vositalarini qasddan yo‘q qilish.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Belarus davlat televideniyesi Kriger panjara ortida o‘tirgan holda, bir yil oldin Ukrainaga ketishga, u yerda xorijiy legionga sanitar sifatida yollanishni reja qilganini aytib bergani tasvirlangan syujyetni e’lon qildi.
30 iyul kuni Kriger Aleksandr Lukashenkoga murojaat yo‘llab, undan o‘zini afv etishini so‘radi. «BelTA» agentligining yozishicha, shu munosabat bilan Lukashenko Kriger ishi bo‘yicha «jarayonga aloqador odamlarni suhbatga taklif qilgan».
Kriger 2023 yil 6 oktabr kuni Belarus hududida qo‘lga olingan. Tergovchilarining versiyasiga ko‘ra, Kriger o‘tgan yilning sentabrida Ukraina tomonida jang qilayotgan «Kalinovskiy polki»ga qo‘shilmoqchi bo‘lgan. Mamlakatda ekstremistik tuzilma deb topilgan guruh o‘z navbatida Krigerning polk faoliyatiga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Materiallarda keltirilishicha, Kriger mamlakatga 2023 yil 2 oktabr kuni turist sifatida kirib kelgan. Uning yonida uchuvchisiz uchish qurilmasi bo‘lgan. Oradan ikki kun o‘tgach, u Ukraina Xavfsizlik xizmatining topshirig‘iga binoan 97115 harbiy qism hududini, temir yo‘lni, vagonlarni suratga olgan.