2024 yilda O‘zbekistonda 414,6 ming o‘quvchi 11-sinfni tamomlagan bo‘lsa, shulardan 378 624 nafari yoki 91,3 foizi davlat oliygohlariga kirish imtihonlarida qatnashdi.
Test topshirgan bu 378 624 nafar bitiruvchidan 136 744 nafari yoki 36,2 foizi minimal ballni to‘play olmagan. Bu – Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida keltirilgan.
Ma’lumot uchun, minimal o‘tish balli – maksimal ballning 30 foizi, ya’ni 56,7 ballga teng. Kontrakt asosida o‘qishga kirish uchun aynan shuncha ball yig‘ish talab etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova esa bu yilgi testlar bo‘yicha statistikaning faqat ijobiy jihatlariga e’tibor qaratdi.
Uning o‘z Telegram-kanalida yozishicha, maktab bitiruvchilarining OTMga kirishdagi o‘rtacha ballari so‘nggi besh yilda 69,8 balldan 78 ballga yetgan.
Bitiruvchilarning o‘rtacha ballari 2020 yilda 69,8 ball, 2021 yilda 74,9 ball, 2022 yilda 75,8 ball, 2023 yilda 76,1 ball, 2024 yilda esa 78 ball bo‘lgan.
“Ahamiyatli jihati, 2024 yilgi abituriyentlarga tegishli o‘rtacha ball 70,8 ni tashkil etgani holda, joriy yil maktab bitiruvchilarining o‘rtacha bali umumiy ko‘rsatkichdan 7,2 ball yuqori.
Maksimal ballning 75 foizidan yuqorisini (141,75+ ball) olgan 41 009 nafar abituriyentning 32 949 nafari yoki 80 foizi aynan joriy yildagi maktab bitiruvchilaridir”, degan vazir, raqamlarda “ijobiy siljish borligi”ni ta’kidlagan holda.
Biroq, MMTV rahbari aytayotgan 33 mingta a’lochi abituriyent – imtihon topshirgan barcha abituriyentlarning atigi 4,5 foizini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi testlarda jami 737 351 abituriyent ishtirok etib, ulardan 46,9 foizi minimal o‘tish ballini ololmadi.