Fransiyada temiryo‘llarda o‘t qo‘yish sodir etilgan qator hujumlardan uch kun o‘tib, mamlakat telekommunikatsiya tarmoqlariga hujum uyushtirildi. Fransiyaning bir qancha hududlarida 29 iyul, dushanba kuni noma’lum shaxslar bir nechta aloqa operatorlarining optik tolali tarmoqlariga zarar yetkazdi. Fransiya hukumatining raqamli texnologiyalar bo‘yicha davlat kotibi Marina Ferrari ijtimoiy tarmoqlarda qator departamentlarda fransuz telekommunikatsiya kompaniyalariga zarar yetkazilganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilarning harakatlari internetga optik tolali, shuningdek, statsionar va mobil telefon aloqalari orqali kirish bo‘yicha «mahalliy oqibatlarga olib keladi». «Men bu qo‘rqoq va mas’uliyatsiz harakatlarini qattiq qoralayman», - dedi Ferrari va shikastlangan obektlarni tiklayotgan mutaxassislarga minnatdorchilik bildirdi.
Fransiya matbuotiga ko‘ra, Fransiyaning 101 departamentidan oltitasida zarar qayd etilgan, Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan Parijga esa zarar yetmagan. Fransiya janubida, Parij yaqinidagi Uaza va Lyuksemburg bilan chegara yaqinidagi Myoz departamentlarida dushanbaga o‘tar kechasi kabellar uzilib, fransuz telekommunikatsiya kompaniyalari SFR, Free hamda Bouygues Telecom’ga tegishli qurilmalar buzib tashlandi, deb xabar berdi Le Parisien gazetasi va BFM TV telekanali. Zarar miqdori hozircha noma’lum, tergov boshlandi. Biroq, yangi voqealar va uch kun oldin temiryo‘lda sodir etilgan qo‘poruvchilik o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi hozircha aniq emas.
Fransiya hukumati so‘llarni temiryo‘llarda qo‘poruvchilik uyushtirganlikda gumon qilmoqda
Ayni vaqtda, Fransiya hukumati 26 iyul kuni Olimpiada ochilishi kunida tezyurar temiryo‘llarga uyushtirilgan hujumlarda so‘l qanot ekstremistik kuchlar vakillarini gumon qilmoqda. «Biz bir necha kishining profilini aniqladik», dedi Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen France 2 telekanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar ish uslubi ular o‘ta so‘l guruhlarga mansubligini ko‘rsatadi.
Ayni paytda Fransiyada temiryo‘l harakati to‘liq tiklandi, dedi transport vaziri Patris Vergriyet RTL telekanaliga. Barcha poyezdlar o‘z yo‘nalishlarida odatdagi jadvaliga muvofiq harakatlanyapti. Bundan tashqari, 800 ming yo‘lovchi temiryo‘lda qo‘poruvchilikdan jabr ko‘rgani qayd etilgan.
Fransiya shimolida gumondor qo‘lga olindi
Ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Fransiya shimolida temiryo‘l operatorining texnik binolari kalitlari, asboblar va siyosiy adabiyotlarga ega bo‘lgan shaxs temiryo‘l vokzallaridan biri hududida hibsga olingani haqida xabar berdi. Le Figaro gazetasining yozishicha, gap o‘ta so‘l faol haqida ketmoqda. Parij prokuraturasining aniqlik kiritishicha, bu hibsga olish temiryo‘lda o‘t qo‘yish bilan bog‘liq tergovga aloqador emas. Diversiya ishi bo‘yicha hozircha hibsga olinganlar yo‘q.
26 iyul kuni Fransiyaning tezyurar temiryo‘l tarmog‘iga o‘t qo‘yilishi oqibatida zarar ko‘rgan hududlardagi poyezdlarning 30 foizga yaqini qatnovini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Fransiya shimoliy, g‘arbiy va sharqida poyezdlar harakatining deyarli uchdan bir qismi bekor qilingan. Bundan tashqari, London va Parij o‘rtasidagi Eurostar tezyurar poyezdlarining taxminan chorak qismi ishlamagan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Parijdagi Olimpiada ochilishiga bir necha soat qolganida Fransiyada deyarli butun tezyurar temiryo‘l tarmog‘i ishlamay qolgan.