AQSh va Yaponiya figurali uchuvchilari 2022 yilgi Olimpiada medallarini oladi

Jahon 08:12 / 30.07.2024 2167

AQSh va Yaponiya figurali uchuvchilari 2024 yil 7 avgust kuni 2022 yilgi Olimpiya o‘yinlarida figurali uchish bo‘yicha jamoaviy turnirda birinchi va ikkinchi o‘rinlar uchun medallar oladi. Bu haqda 29 iyul, dushanba kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) vakili Mark Adams ma’lum qildi.

«Pekin Olimpiadasining figurali uchish bo‘yicha jamoaviy musobaqalarida medallar qayta taqsimlanganidan keyin taqdirlash marosimi Parijdagi Chempionlar parkida bo‘lib o‘tadi», dedi u.

Avvalroq, 25 iyul kuni Sport arbitraj sudi (CAS) Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ), Rossiya figurali uchish federatsiyasi va rossiyalik figurali uchuvchilarning 2022 yilgi Olimpiada o‘yinlari jamoaviy turnirida medallarni qayta taqsimlash qaroriga qarshi apellyatsiyalarini rad etgan edi.

Rossiyalik Kamila Valiyeva diskvalifikatsiyasi 

2024 yil yanvarida 2022 yilgi Pekin Olimpiadasida figurali uchish bo‘yicha jamoaviy musobaqada qatnashgan rossiyalik figurali uchuvchi Kamila Valiyeva doping tufayli CAS tomonidan to‘rt yilga diskvalifikatsiya qilingan edi. Uning ochkolari 2022 yilgi o‘yinlarda neytral bayroq ostida qatnashgan rossiyalik sportchilarning jamoaviy ballaridan olib tashlandi. Natijada AQSh jamoasi birinchi, Yaponiya ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ochkolar qayta hisoblab chiqilgach, Rossiya terma jamoasi hozirda «bronza»ga ega. 

Pekinda sportchilari to‘rtinchi o‘rinni egallagan Kanada ham ushbu sud qarori ustidan shikoyat qilgan. Bu da’vo hali CAS’da ko‘rib chiqilmoqda, shuning uchun uchinchi o‘rin medallari hozircha berilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: