AQSh Davlat departamenti boshlig‘i Putinni qo‘llayotgani uchun Xitoyga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi

Jahon 19:32 / 30.07.2024 3649
Foto: Xitoy TIV rahbari Vang I va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken

Pekin Rossiya mudofaa sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlashni bas qilmasa, Vashington Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni joriy etishda davom etadi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken XXR TIV rahbari Vang I bilan Laosda uchrashuvi chog‘ida aytgan, deb xabar bermoqda Reuters. 

Ikki davlatning tashqi ishlar idoralari rahbarlari ASeAN TIV rahbarlari sammitida qariyb bir yarim soat suhbatlashgan. Bu Blinkenning 2023 yil iyunida Pekinga tashrifi va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlasha boshlaganidan so‘ng o‘tkazilgan oltinchi uchrashuvi, deb yozadi nashr.

Tomonlar Tayvan atrofidagi vaziyat va narkotrafikka qarshi kurashni muhokama qilgan. Blinken va Vang I harbiy sohada hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olgan, biroq yadroviy qurollar ustidan nazorat mavzusini ochmagan. Bundan tashqari, Davlat departamenti rahbari xitoylik hamkasbiga AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harrisning Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishning muhimligi va “qoidalarga asoslangan tartibni qo‘llab-quvvatlash” zaruriyati to‘g‘risidagi bayonotini yetkazgan.

Ukraina bilan urush boshlangach, Xitoy sanksiyalar tufayli Rossiyani tark etgan g‘arb kompaniyalarining o‘rnini bosib, Rossiyaning eng yirik savdo hamkoriga aylandi. 2024 yilning yanvar-fevral oylari yakuniga ko‘ra, Rossiya importining 43 foizi yoki 24,4 mlrd dollar Xitoy tovarlari hissasiga to‘g‘ri kelgan, deb hisoblagan Gaydar instituti ekspertlari. Xitoyga Rossiya eksportining uchdan bir qismi to‘g‘ri kelgan va ularning ham katta qismi (74 foizi)ni uglevodorodlar tashkil etmoqda.

Rossiyaga ikkilamchi maqsaddagi tovarlarni yetkazib berganlik uchun AQSh 100 dan ortiq Xitoy kompaniyalariga sanksiyalar e’lon qilgan. Cheklov choralari va ikkilamchi sanksiyalar ostiga tushib qolish tahdidi Rossiya-Xitoy savdo-sotig‘ida muammolar yaratgan: XXR banklari ham Kreml tomonidan “do‘stona” deb ataluvchi Turkiya, BAA va boshqa davlatlarning kredit tashkilotlari ortidan to‘lovlarni bloklay boshlagan. Natijada mart oyining o‘zidayoq Xitoydan Rossiyaga tovar yetkazib berish 14,2 foizga qisqargan, avtomobildan boshqa texnikalar yetkazish 15 foizga pasaygan.

Xitoy uchun Rossiya bozori ikkilamchi hisoblanadi, Xitoy eksportida Rossiyaning ulushi atigi 3 foizni tashkil etadi, deyishmoqda Gaydar instituti ekspertlari.

“Xitoyning tovar aylanmasida Rossiya uchun nodo‘stona bo‘lgan davlatlar yetakchi pozitsiyaga ega, shu sababli ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishi tahdid solib turganda Rossiyaga yetkazib berish riskini kuchaytiradi”, — deya ogohlantirishmoqda ular.

Aprel oyi oxirida Entoni Blinken o‘zining Xitoyga tashrifi chog‘ida Si Jingpingni agar Pekin Moskvaga uning “sanoat bazasini tiklash”ga yordam beradigan tovarlarni yetkazib berishni bas qilmasa yangi sanksiyalar joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

“Biz allaqachon 100 dan ortiq Xitoy kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etdik. Biz qo‘shimcha choralar qo‘llashga to‘liq tayyormiz”, — degan edi o‘shanda Blinken.

Ko‘proq yangiliklar: