Mersisayd politsiyasi boshlig‘i Serena Kennedi Angliyaning Sautport shahrida pichoq bilan qilingan hujum oqibatida ikki bola halok bo‘lgan, yana 11 kishi, jumladan, to‘qqiz bola jarohatlanganini aytdi.
Kennedi Shimoli-G‘arbiy tez yordam xizmati xodimi Deyv Kitchin va Mersisayd yong‘in-qutqaruv xizmati boshlig‘i Fil Garrigan bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya raqs maktabida pichoq bilan qilingan hujum haqida mahalliy vaqt bilan soat 11:47 da xabar olgan. Kennedi ikki bola halok bo‘lganini va 9 bola yaralanganini, ulardan 6 nafari og‘ir ahvolda ekanini e’lon qildi.
Kennedi, shuningdek, ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir yaralanganini va bu odamlar bolalarni himoya qilmoqchi bo‘lgan paytda jarohatlanganini aytdi.
17 yoshli qotillikda gumonlanuvchining hibsda ekanligi va uning so‘roqlari davom etayotganiga e’tibor qaratgan Kennedi, gumonlanuvchi Lankashir mintaqasidagi Banks shahridan ekani, lekin asli Uels poytaxti Kardiffda tug‘ilgani haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi.
Politsiyaning qo‘shimcha qilishicha, hujum qurbonlari Xart-stritdagi raqs maktabida amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftning konseptual tadbiriga tashrif buyurgan bolalardir. Uning ta’kidlashicha, voqea terrorchilik harakati sifatida baholanmaydi.
Ixtisoslashgan guruhlar ishga tushirildi
Kitchin, o‘z navbatida, pichoqbozlik haqidagi ko‘plab xabarlardan so‘ng mintaqaga ixtisoslashgan guruhlarga ega tez yordam mashinalari jo‘natilganini aytdi.
11 jabrlanuvchiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, barcha jarohatlanganlar mintaqa va Manchesterdagi shifoxonalarga yuborildi.
Garriganning aytishicha, voqea joyiga tibbiyot guruhlari jo‘natilgan va voqeada boshqa jarohatlanganlar bor yoki yo‘qligini aniqlash ustida ish olib borilmoqda.
Voqea joyida jamoalar zarur birinchi yordam ko‘rsatganini ta’kidlar ekan, Garrigan, ayniqsa, o‘t o‘chiruvchilar hududda yashagani uchun voqeadan chuqur shokka tushganini aytdi.
Sautportda pichoq bilan qilingan hujum
Hujumchi tush payti Liverpuldan 35 kilometr va Manchesterdan 70 kilometr uzoqlikdagi Sautportda bir necha kishini, jumladan bolalarni pichoqlagan, deya xabar berdi politsiya.
Xart-stritdagi binoda sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng voqea joyiga politsiya yetib kelgan va qo‘lida pichoq bo‘lgan gumonlanuvchini ushlagan.
Guvohlarning aytishicha, yaralanganlar orasida bolalar ko‘p va voqea amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftga bag‘ishlangan tadbirda sodir bo‘lgan.
Hujum ortidan hukumatning munosabatini o‘z ichiga olgan bayonotlar berildi. Bosh vazir Kir Starmer o‘zining bayonotida Sautportdan kelgan xabar dahshatli va hayratlanarli ekanligini aytdi.
Starmer voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan politsiya va tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildirdi hamda voqealar rivojidan doimo xabardor bo‘lib turganini ta’kidladi.
Ichki ishlar vaziri Ivett Kuper X ijtimoiy tarmog‘idagi postida mintaqadagi xavfsizlik kuchlari bilan aloqada ekanini va ularning ishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.