WP: Ukrainada F-16 qiruvchilari Rossiya bilan urushdagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi

Jahon 08:33 / 29.07.2024 8034

Ukrainaga uzoq kutilgan F-16 qiruvchi samolyotlari bir necha hafta ichida yetib borishi kerak, biroq ular Rossiya bilan urushni o‘zgartirishi dargumon. Bu haqda 28 iyul, yakshanba kuni Ukraina va G‘arb rasmiylariga tayanib The Washington Post gazetasi yozdi. Ularga ko‘ra, Ukraina armiyasida «juda kam» samolyotlar bo‘ladi, Rossiyada esa F-16 samolyotlarini urib tushira oladigan «juda ko‘p» havo mudofaa tizimlari mavjud. 

Taxminlarga ko‘ra, qiruvchilar Ukraina havo mudofaasini kuchaytiradi, ammo rus qo‘shinlari konsentratsiyasi va frontdagi harbiy obektlarga zarbalarda yordam bermaydi. WP manbalariga ko‘ra, dastlab F-16 samolyotlari oldingi chiziqqa uchmaydi, demak, Ukraina o‘z chegarasini kesib o‘tayotgan rus samolyotlarini to‘xtata olmaydi, F-16 samolyotlaridan foydalangan holda Rossiya hududiga zarbalar ham kamroq bo‘ladi. Shu bilan birga, Ukraina rasmiylari fikricha, Amerika qiruvchilarining potensial tahdidi Rossiya samolyotlarining Ukrainaga boshqariladigan havo bombalarini tashlashiga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

WP manbasi: Rossiya F-16 samolyotlarini urib tushirishga tayyorlanmoqda 

Ukrainaning yuqori martabali harbiy mulozimining nashrga aytishicha, Rossiya Federatsiyasi S-400 zenit-raketa majmuasi qiruvchi samolyotlarini yo‘q qilishga yaroqli yoki mos emasligini tushunish uchun zarba masofasini sinovdan o‘tkazmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil oxirida Rossiya harbiylari soxta kallaklar bo‘lgan raketalarni uchirgan, ular maydondan 200 km uzoqroqda joylashgan Kremenchug shahriga yetib borgan. 

Rossiya havo kuchlari zamonaviy aviaparkka ega

F-16 samolyotlari Ukrainaning jangovar aviaparkini modernizatsiya qilayotgan bo‘lsa-da, Rossiya Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari nisbatan zamonaviyroq, deya ta’kidladi nashr suhbatdoshlari. Bundan tashqari, Rossiya harbiy samolyotlari soni Ukraina havo flotidan sezilarli darajada oshadi.

Ukraina rasmiylari WP’ga mamlakat bu yil aniq qancha F-16 olishini aytishdan bosh tortdi. Biroq, gap 20 dan ortiq samolyot haqida ketyapti, deya ta’kidlaydi nashr. Bundan tashqari, o‘quv markazlarida joy yetishmasligi sababli yoz oxirigacha Ukrainada F-16 samolyotini boshqarishga qodir atigi olti nafar uchuvchi bo‘ladi. 

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevga kamida 128 ta F-16 qiruvchisi kerakligini aytgan edi. «Ularning soni 50 ta bo‘lsa ham, ularda (Rossiya Qurolli kuchlarida) uch yuztasi bor, bizda esa 50 ta. Biz o‘zimizni himoya qilmoqdamiz, shuncha ko‘p samolyot bo‘lmaguncha, ularga osmonda yetib olish qiyin bo‘ladi», — dedi Zelenskiy. 

AQSh, Niderlandiya va Daniya F-16 samolyotlarini Ukrainaga berishni boshladi 

Niderlandiya va Daniya hukumatlari Qo‘shma Shtatlar ko‘magida Amerikaning to‘rtinchi avlod F-16 ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga topshirish jarayonida, deyiladi uch davlat rahbarlarining 10 iyul kuni e’lon qilgan bayonotida. 

AQSh prezidenti Jo Bayden, Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxof va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen «Ukraina shu yozda F-16 samolyotlarini uchishni boshlaydi», dedi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: